Asr namozi farqi haqida

Assalomu alaykum, xurmatli ustozlar. Men hozrda Yaponiyada talabaman. Turk millatiga mansub musulmon insonning do‘konida ishlayman va shu sababli menga namoz o‘qishimga sharoit qilib beradi. U inson ham hanafiy masxabida ekan, lekin asr namoziga hanafiy masxabida kiriladigan vaqtdan oldin namozga tanafus beradi(ya’ni shofeiyn,molikiy va hanbaliy vaqti bo‘yicha). Asr namozi hanafiy masxabda 4:25 va boshqa masxablarda 3:25. Shu o‘rinda meni asr namozini 3:25 da o‘qishim joizmi? Asr namozining vaqti nega hanafiy masxabida boshqa masxablardan farq qilishini tushuntirib o‘tsangiz iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Peshinning vaqti zavoldan to har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lguncha. Zavol paytidagi soyadan boshqa. Bir rivoyatda bir barobar, deyilgan.
Peshinning avvalgi vaqtini belgilashda ulamolar ushbu oyatdan dalil olganlar: أَقِمِ الصَّلاَةَ لِدُلُوكِ الشَّمْسِ إِلَى غَسَقِ اللَّيْلِ «Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘isigacha namozni to‘kis ado et» (Isro surasi, 78-oyat).
Ko‘pchilik tafsirchi ulamolarimiz: «Ushbu oyati karimadagi «Quyosh og‘ishi» zavolga ketishini bildiradi va bu bilan peshin namozi vaqti kiradi», deganlar.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan uzun hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namozlarning vaqti haqida so‘raldi. Bas, u zot:
«Bomdod namozining vaqti quyoshning avvalgi shoxi chiqmaguncha, peshin namozining vaqti quyosh osmon qornidan zavolga ketgandan», dedilar.
Zavolni bilish uchun tekis joydagi biror narsaning soyasiga nazar solish kerak. Agar soya qisqarib borsa, zavoldan oldingi vaqt bo‘ladi. Agar soya to‘xtab tursa, qiyom vaqti bo‘ladi. Agar soya uzaya boshlasa, zavol vaqti bo‘ladi.
Peshinning oxirgi vaqtini belgilashda ulamolarimiz ikki xil ijtihod qilganlar.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: «Zavol paytidagi soyani hisobga olmay, har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lguncha», deganlar.
Imom Abu Yusuf, Muhammad va Zufar rahmatullohi alayhim: «Zavol paytidagi soyani hisobga olmay, har bir narsaning soyasi o‘ziga bir barobar bo‘lguncha», deganlar.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining dalili imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan quyidagi hadisdir: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا اشْتَدَّ الْحَرُّ فَأَبْرِدُوا بِالصَّلَاةِ، فَإِنَّ شِدَّةَ الْحَرِّ مِنْ فَيْحِ جَهَنَّمِ  رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Harorat shiddatli bo‘lgan paytda namozni sovutib o‘qinglar. Albatta, haroratning shiddati jahannamning qaynab chiqqan issig‘idandir», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Jumhurning dalili quyidagi hadis: عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ أَمَّنِي جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَلامَ عِنْدَ الْبَيْتِ مَرَّتَيْنِ، فَصَلَّى الظُّهْرَ فِي الْأُولَى مِنْهُمَا حِينَ كَانَ الْفَيْءُ مِثْلَ الشِّرَاكِ، ثُمَّ صَلَّى الْعَصْرَ حِينَ كَانَ ظِلُّ كُلِّ شَيْءٍ مِثْلَهُ، ثُمَّ صَلَّى الْمَغْرِبَ حِينَ وَجَبَتِ الشَّمْسُ وَأَفْطَرَ الصَّائِمُ، ثُمَّ صَلَّى الْعِشَاءَ حِينَ غَابَ الشَّفَقُ، ثُمَّ صَلَّى الْفَجْرَ حِينَ بَرَقَ الْفَجْرُ وَحَرُمَ الطَّعَامُ عَلَى الصَّائِمِ، وَصَلَّى الْمَرَّةَ الثَّانِيَةَ الظُّهْرَ حِينَ كَانَ ظِلُّ كُلِّ شَيْءٍ مِثْلَهُ لِوَقْتِ الْعَصْرِ بِالْأَمْسِ، ثُمَّ صَلَّى الْعَصْرَ حِينَ كَانَ ظِلُّ كُلِّ شَيْءٍ مِثْلَيْهِ، ثُمَّ صَلَّى الْمَغْرِبَ لِوَقْتِهِ الْأَوَّلِ، ثُمَّ صَلَّى الْعِشَاءَ الْآخِرَةَ حِينَ ذَهَبَ ثُلُثُ اللَّيْلِ، ثُمَّ صَلَّى الصُّبْحَ حِينَ أَسْفَرَتِ الْأَرْضُ، ثُمَّ الْتَفَتَ إِلَيَّ جِبْرِيلُ فَقَالَ يَا مُحَمَّدُ، هَذَا وَقْتُ الْأَنْبِيَاءِ مِنْ قَبْلِكَ، وَالْوَقْتُ فِيمَا بَيْنَ هَذَيْنِ الْوَقْتَيْنِ رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَاحِبَاهُ  Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jabroil alayhissalom menga Baytning 
(Baytullohning) oldida ikki marta imomlik qildi. Bas, ulardan birinchisida peshinni soya kavushning tasmasicha bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra asrni har bir narsaning soyasi o‘z mislicha bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra shomni quyosh botib, ro‘zador iftor qiladigan paytda o‘qidi. So‘ngra xuftonni shafaq g‘oyib bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra bomdodni fajr yaraqlab, ro‘zadorga taom harom bo‘ladigan vaqtda o‘qidi.
Ikkinchi martada peshinni har bir narsaning soyasi o‘z mislicha bo‘lganda, kechagi asr vaqtida o‘qidi. So‘ngra asrni har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra shomni birinchi o‘qigan vaqtida o‘qidi. So‘ngra xuftonni kechaning uchdan biri ketganda o‘qidi. So‘ngra bomdodni er yorishib ko‘ringanda o‘qidi. So‘ngra Jabroil menga o‘girilib qaradi-da:
«Ey Muhammad, mana shu sendan oldingi anbiyolarning vaqtidir. Vaqt ushbu ikki vaqtning orasidir», dedi», dedilar».
Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilishgan.
3. Asrning vaqti o‘shandan quyosh botguncha.
Asr namozi vaqtining kirishi har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lgandan to quyosh botguncha.
Bu hukmning dalili ham Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga namoz o‘qib o‘rgatganliklari haqidagi hadis.
4. Shomniki undan to shafaq g‘oyib bo‘lguncha. U qizg‘ishlikdir va bunga fatvo berilgandir.
Imom Muslim Ibn Umar roziyallohu anhumodan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Modomiki shafaq g‘oyib bo‘lmasa, shomning vaqti bor», deganlar.
Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga namozning vaqtlarini ko‘rsatganligi haqidagi hadisda: «So‘ngra shomni quyosh botib, ro‘zador iftor qiladigan paytda o‘qidi. So‘ngra xuftonni shafaq g‘oyib bo‘lganda o‘qidi», deyilgan. Demak, shom namozining vaqti ushbu ikki vaqt orasida bo‘ladi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:58 | Savol-javoblar | 265 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar