Bomdoddan so‘ng ko‘rishish

Assalomu alaykum! Bu savol qaytarilayotganini bilaman va odobsizlik qilayotgan bo‘lsam uzr so‘rayman. Bu savolning javobini “Zikr ahlidan so‘rang” kanalida ilgari berilgan javoblardan topib, otamga (va masjid ahliga) olib borgan edim, ular shu fatvo bo‘yicha ish tutib, bomdod namozidan so‘ng masjiddan tashqarida (masjid ichida emas) ko‘rishib, so‘ng birgalikda duo qilishni to‘xtatdilar (alohida duo o‘qishadi). Ammo “Yana bir aniqlik kiritsak andishasizlik bo‘lmasmikin, avvalo biz bomdodgacha ko‘rishmagan bo‘lamiz, masjid ichida bo‘lmaymiz, davrada 80 yoshli chol ham, hech tajribasiz yoshgina yigitchalar ham bor, ular boshqa payt hech qachon shu erdagidek teng bo‘lib turmaydilar, ibrat bo‘lmasmikin, endi biroz fayzimiz ketgandek bo‘lib qoldi” deb, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning salomni ko‘paytiringlar, ikki mo‘min ko‘rishsa kaftlari orasidan gunohlari to‘kiladi, salom ham sadaqadir, salomlashganda bir-biriga muhabbati ortadi kabi ma’nodagi hadislaridan misol keltirdilar. Gina-kudurat bo‘lsa ko‘tarilardi, dinda birlashganliklarini his qilgandek bo‘lardi yoshlarimiz ham dedilar. Ular masjiddan tashqarida ko‘rishib (bir-birlarini bag‘riga bosib) birgalikda duo qilsalar, biror kishi duo qilib, qolganlar omin qilsalar, bomdoddan avval ko‘rishmagan bo‘lsalar, bundan sunnatni ado etishni ko‘zlagan bo‘lsalar ham mumkin emasmi? Shu savolga to‘la javob olishda yordam bersangiz, katta bir masjid jamoatining savoliga echim topib bersangiz, mamnun qilgan bo‘lardingiz. Katta rahmat va yana bir bor uzr.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Shariat itoat qilishdan iborat. Bir misol, bir kishi asrdan keyin mukammal tahorat olib, riyo bo‘lmsin deb uyning eng ichkarisiga kirib yig‘lab-yig‘lab gafl namozi o‘qisa, bunday kishi gunohkor hisoblanadi. O‘z o‘zidan nega degan savol beriladi, chunki  shariatimizda asr bilan shom o‘rtasida nafl o‘qilmaydi deyilgan. Bu inson esa shariat aytganiga bo‘yinsunmay o‘z xohishiga amal qilmoqda. Vaholanki siz aytgan duo, ko‘rishi yoki gunohlar to‘kilish qaydayu, qiyom, sajda va qiroat kabi farzlarni ado qilish qayda. Bid’atda fayz bo‘lmaydi, u shaytonning vasvasasi xolos. Nafs ba’zan insonga shariatga xilof bo‘lgan ishlarni chiroyli qilib ko‘rsatadi. Alloh taolo bu kabi ishlarni qoralab Somiriy haqida hikoya qilib:  قَالَ بَصُرْتُ بِمَا لَمْ يَبْصُرُوا بِهِ فَقَبَضْتُ قَبْضَةً مِّنْ أَثَرِ الرَّسُولِ فَنَبَذْتُهَا وَكَذَلِكَ سَوَّلَتْ لِي نَفْسِي۝ 96. U: «Ular ko‘rmagan narsani ko‘rdim. Bas, rasulning izidan bir siqim oldim, so‘ngra uni tashladim. Nafsim menga shunday qilishni xush ko‘rsatdi», – dedi. (Toha surasi).
Odat va zarurga aylantirmasdan kishilar namozdan keyin tashqarida so‘rashishlarini zarari yo‘q. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:09 | Savol-javoblar | 163 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar