Birlamchi ishlar

Assalomu alaykum! Shayx Hazratlari rahimahullohni bir javoblarida shunday so‘zlar bor "Birlamchi ishlar fiqhi degan tushuncha bor". Imkoni bulsa shu haqida to‘liqroq ma’lumot bersangizlar. Raxmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Dunyoda o‘rganiladigan ilmlar ham qilinadigan kasblar ham ko‘p. Shuningdek insonni har kungi hayoti mobaynida qilishi kerak bo‘lgan ishlar ham ko‘p. Bularning barchasining ichidan musulmon kishi faqat dunyosi va oxirati uchun foydali bo‘lganini tanlashga harakat qilishi kerak. kunlik hayotida ham o‘sha holatga zarur bo‘lgani bilan shug‘illanishi kerak. Bunga sodda bir misol bir kishining onasi betob bo‘lib farzandining yordami va nazoratiga muhtoj bo‘lsa boshqa ishlar u yoqda tursin hatto vojib bo‘lgan namozni jamoat bilan o‘qish amalini ham qoldirib onasining nazoratida o‘tirishini tanlashi kerak bo‘ladi. Shu holat u uchun eng afzal holat hisoblanadi, ya’ni u uchun birlamchi ish hisoblanadi. Ilm to‘g‘risida esa Jaloliddin Rumiy rahmatullohi alayh “Masnaviy”larida bir hikoyani keltiradilar. Bir arab garammatikasining olimi kemaga chiqib kemachining yoniga borib, har kuni unga “Nahv ilmidan buni bilasizmi, uni bilasizmi” der, tabiyki kemachi bulardan bexabar bo‘lgani uchun “Bilmayman” deb javob bersa nahv olimi bilganiga faxr qilar va kemachini nodonlikda ayblab “Umringizni yarmini zoe qilibsizku” der edi. Bu holat bir necha kun davom etdi. Kemachi har safar bilmayman deyishdan olim esa yangi-yangi masalalarni aytib faxrlanishdan to‘xtamasdi. Bir kun to‘fon turib kema ag‘darila boshladi. Shunda kemachi nahvchi olimga “Suzishni bilasizmi” dedi. Olim esa “Yo‘q bilmayman” dedi. Kemachi “Unday bo‘lsa siz butun umringizni zoe qilibsiz” dedi. Insonning umri ham hayot ummonidagi kemaga o‘xshaydi. Bir kun kelib albatta u kema ham cho‘kadi. Bu cho‘kish o‘limdan iboratdir. U kunda iymon keltirib Allohni tanigan, najot topish ilmini o‘qiganlargina omonda qoladilar. Shuni birlamchi ilm deyiladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 06:37 | Savol-javoblar | 141 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar