Ishlashi joizmi?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar sizlardan yana bir narsani so‘ramoqchiman. Ukam mashinalarni ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadi. Shu ishni qilishga shariatda qarshilik yo‘qmi? Alloh insof bersin deymiz, lekin juda ko‘p yolg‘on ishlatib, lafzida turishi juda qiyin. Shu masalada ham maslaxat bersangizlar, iltimos. Avvaldan javoblaringiz uchun rahmat Alloh ilmingizni ziyoda qilsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Kasbi mubohdir. YoLG‘ONNING SABABLARI  Kishining yolg‘on ishlatishiga bir necha sabablar bor: 1. Foyda jalb qilish. Yolg‘onchi o‘ziga foyda etishini ko‘zlab, odamlarni aldab, o‘z manfaati uchun yolg‘on gapiradi. 2. Zararni qaytarish. Yolg‘onchi o‘ziga etishi mumkin bo‘lgan zararni qaytarish maqsadida ham yolg‘on to‘qiydi. U o‘zicha shu to‘g‘ri yo‘l, deb o‘ylaydi. Ammo ikki holatda ham o‘ziga bu dunyo va oxirat zararini jalb qilayotganini o‘ylamaydi. 3. So‘zini chiroyli va gapni go‘zal chiqarmoqchi bo‘lish. Bunda yolg‘onchi to‘g‘ri so‘z va rost gap ila odamlarga yoqish, ularning e’tiborini tortish imkoni yo‘q bo‘lganidan, ularga yoqadigan gap-so‘z izlab, yolg‘on to‘qiydi. Yolg‘on gapirish odatiga aylanib qolgani va nafsi shu narsani istaydigan bo‘lib qolgani sababli bu ishni qiladiganlar ham bor. 4. Dushmandan o‘ch olish maqsadi. Bunda yolg‘onchi dushmanini sharmanda qilish va undan o‘ch olib, ko‘ngli to‘lishi uchun yolg‘on to‘qiydi. 5. O‘z obro‘sini orttirish maqsadi. Bunda yolg‘onchi o‘zini ahli fazl, olim, uddaburon qilib ko‘rsatib, maqtanish uchun yolg‘on to‘qiydi. YoLG‘ONNING TURLARI Asli yo‘q narsani to‘qish. Bor narsaga ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada qo‘shimcha qo‘shish. Bor narsaga ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada nuqson etkazish. Bor narsani gapirayotganda ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada iboralarni o‘zgartirish. YoLG‘ONNING HUKMI Imom Ibn Hajar va imom Zahabiy: «Uzrsiz yolg‘on gunohi kabiradir», deganlar. Alloh taologa va Rasululloh alayhissalomga qasddan yolg‘on to‘qish kufrdir. Qur’oni Karimda yolg‘on haqida bir yuz oltmish ettita oyat bor. Alloh taolo Nahl surasida marhamat qiladi: إِنَّمَا يَفْتَرِي الْكَذِبَ الَّذِينَ لاَ يُؤْمِنُونَ بِآيَاتِ اللّهِ وَأُوْلئِكَ هُمُ الْكَاذِبُونَ۝ «Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar – o‘zlari yolg‘onchilardir» (105-oyat). Aslida yolg‘onni faqat iymonsiz kofirlargina to‘qiydilar. Chunki kofirlarda savob, gunoh degan tushuncha yo‘q. Yolg‘on gapirsa, gunoh bo‘lishi, u dunyoda azoblanishi haqida e’tiqodi bo‘lmagani uchun o‘ylamasdan yolg‘on to‘qiyveradilar. Mo‘minlar esa yolg‘onni katta gunoh deb biladilar. Yolg‘on gapirish tufayli oxiratda azobga duchor bo‘lishlaridan qo‘rqadilar. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ : أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: آيَةُ الْمُنَافِقِ ثَلَاثٌ: إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ، وَإِذَا وَعَدَ أَخْلَفَ، وَإِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Munofiqning belgisi uchta: agar so‘zlasa, yolg‘on so‘zlaydi, va’da bersa, bajarmaydi va unga omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilishgan.  عَنْ صَفْوَانَ بْنِ سُلَيْمٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: قِيلَ لِرَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ جَبَاناً؟ فَقَالَ: نَعَمْ». فَقِيلَ لَهُ: أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ بَخِيلًا؟ فَقَالَ: «نَعَمْ. فَقِيلَ لَهُ: أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ كَذَّابًا؟ فَقَالَ: لَا. رَوَاهُ مَالِكٌ Imom Molik rivoyat qilgan hadisi sharifda Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Mo‘min qo‘rqoq bo‘ladimi?» deb so‘raldi. «Ha», dedilar. «Mo‘min baxil bo‘ladimi?» deb so‘raldi. «Ha», dedilar. «Mo‘min yolg‘onchi bo‘ladimi?» deb so‘raldi. «Yo‘q», dedilar».  عَنْ قَيْسِ بْنِ أَبِي حَازِمٍ قَالَ: سَمِعْتُ أَبَا بَكْرٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِيَّاكُمْ وَالْكَذِبَ، فَإِنَّ الْكَذِبَ مُجَانِبٌ لِلْإِيْمَانِ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ Qays ibn Abu Hozimdan rivoyat qilinadi: «Abu Bakr roziyallohu anhuning «Yolg‘ondan hazir bo‘linglar! Albatta, yolg‘on iymondan chetlatuvchidir», deganini eshitdim». Bayhaqiy rivoyat qilgan. Yolg‘on haqidagi gaplardan namunalar: – Umar ibn Xattob: «Meni rost pastlatgani (aslida uning paslatishi nodir) yolg‘on ko‘targanidan (aslida uning ko‘tarishi nodir) yaxshiroqdir», degan. – Arvaa ismli ayol Sa’id ibn Zayd ibn Amr ibn Nufayl bilan hovli talashib, xusumat qildi. Shunda u (Sa’id ibn Zayd): «Bu ayolni o‘z holiga qo‘yinglar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim bir qarich erni nohaq olsa, qiyomat kuni etti qavat er unga tavqi la’nat bo‘ladi», deganlarini eshitganman. Allohim! Agar bu ayol yolg‘onchi bo‘lsa, ko‘zini ko‘r qilgin va qabrini hovlisida qilgin», dedi. Men o‘sha ayolning ko‘r bo‘lib, devorlarni paypaslab yurganini ko‘rdim. U: «Menga Sa’id ibn Zaydning duosi tegdi», der edi. Bir kuni hovlisida ketayotib, quduqqa tushib ketdi va o‘sha quduq unga qabr bo‘ldi». Yolg‘onning zararlari: 1. Yolg‘on o‘z egasini parchalaydi. 2. Yolg‘on o‘z egasini do‘zaxga olib boradi. 3. Yolg‘on uzoqni yaqin, yaqinni uzoq qiladigan sarobdir. 4. Yolg‘on muruvvat, jamol va chiroyni ketkazadi. 5. Yolg‘on aql o‘g‘risidir. 6. Yolg‘onchi xoru zor bo‘ladi. 7. Yolg‘on dinu dunyoni buzadi. 8. Yolg‘on pastkashlik alomatidir. ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:23 | Savol-javoblar | 160 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar