So‘zlar ma’nosi

Assalomu alaykum! Muhkam-oydin va mutashobix oyatlar degani nima degani? Rahmat oldindan.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ushbu mavzuda to‘liq va mukammal holatda Ustozimiz rahimahullohning “Qur’on ilmlari” kitobidan o‘qib olasiz. QUR’ONI KARIMDA MUHKAM VA MUTAShOBIH Ushbu mavzu Ulumi Qur’ondagi eng nozik mavzulardan biri hisoblanib, ulamolarimiz unga katta ahamiyat berganlar. Bu mavzuga kirishdan oldin ushbu ikki narsa – muhkam va mutashobihning lug‘atdagi ma’nolarini yaxshilab o‘rganib olishimiz lozim bo‘ladi. «Muhkam» so‘zi bir narsani yaxshilab qilish va uning buzilishini man qilish ma’nosini bildiruvchi «ahkama» so‘zidan yasalgan bo‘lib, «yaxshilab qilingan, mahkam qilingan», «buzilmas» degan ma’noni anglatadi. Misol uchun, «ahkama al-amra» degan jumla «ishni yaxshilab qildi va uni buzilishdan saqladi» degan ma’noni ifoda qiladi. Arablar otning yuganidagi uning og‘ziga solib qo‘yiladigan temirdan bo‘lgan «suvliq»ni ham «hakamatun» deyishadi. Chunki u otni yaxshilab boshqarishga va u yoq-bu yoqqa burilib ketishining oldini olishga xizmat qiladi. Qur’oni Karimning sifatlaridan biri «Hakim» ekanining sababi – unda haqqa hidoyat qiluvchi va botil hamda fasoddan man qiluvchi hikmat borligidir. Shu bilan birga, Qur’oni Karimning nazmi va uslubi oliy darajadadir, balog‘ati mo‘’jizadir, maqsadlari oliydir, ma’nolari to‘g‘ri va sodiqdir. Buning ustiga, unda qarama-qarshilik yo‘q, tafovut yo‘q. Daraja va ojiz qoldiruvchilikda unga hech bir kalom bas kela olmaydi. Alloh taolo Hud surasida marhamat qiladi: الَر كِتَابٌ أُحْكِمَتْ آيَاتُهُ ثُمَّ فُصِّلَتْ مِن لَّدُنْ حَكِيمٍ خَبِيرٍ۝ «Alif laam ro. (Bu) oyatlari mustahkam qilingan, so‘ngra o‘ta hikmatli, o‘ta xabardor Zot tomonidan mufassal qilingan Kitobdir» (1-oyat).­ Ya’ni «muhkam» so‘zining «tuzilishi puxta», «dalolat qilishi daqiq», «har bir so‘zi chuqur ma’noli», «hamma tarafi bir-biriga munosib», «hech kamchiligi yo‘q» degan ma’nolari bor. «...so‘ngra o‘ta hikmatli, o‘ta xabardor Zot tomonidan mufassal qilingan Kitobdir». Batafsil bayon qilish kerak bo‘lgan har bir jihati, jumladan, g‘oyalari, maqsadlari, mavzulari batafsil bayon qilingandir. «Qur’oni Karimning muhkam oyati» deganda ravshan ma’no bilan kelgan va eshituvchisi ma’nosini ta’vil va bayonsiz anglab oladigan degan ma’no tushuniladi. «Mutashobih» so‘zi «bir-biriga o‘xshash» degan ma’noni bildiruvchi «tashabuh» so‘zidan yasalgan bo‘lib, lug‘atdagi ma’nosi bizning tilimizda «o‘xshash» va «aralash» so‘zlari atrofidagi ma’nolarda aylanadi. Arablarda ikki narsa bir-biriga o‘xshashligi tufayli aralashib ketganda va ularni bir-biridan ajratib olish qiyinlashib qolganda ushbu so‘z ishlatiladi. Ushbu lug‘aviy ma’lumotlardan keyin mulohaza qiladigan bo‘lsak, «muhkam» so‘zida ravshanlik va ma’noni mustaqil ravishda bayon qilish borligini ko‘ramiz. «Mutashobih» so‘zida esa ma’noni ifoda etishda yagona mustaqillik yo‘qligini va ravshanlik etishmasdan, bir narsa ikkinchisiga o‘xshab qolishini anglaymiz. «Tashabuh» kalimasidan yasalgan so‘zlar Qur’oni Karimning ba’zi oyatlaridagina kelgan. Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi: وَأُتُواْ بِهِ مُتَشَابِهاً «(U) ularga o‘xshash qilib berilgandir». (25-oyat). Ya’ni jannatiylarga bu dunyoda bahramand bo‘lgan mevalariga o‘xshash mevalar beriladi. Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi: تَشَابَهَتْ قُلُوبُهُمْ «...qalblari o‘xshash bo‘ldi…». (118-oyat) Ya’ni haqni ko‘rmaslikda va zalolatda kofirlarning qalblari bir-biriga o‘xshashdir. Alloh taolo Zumar surasida marhamat qiladi: اللَّهُ نَزَّلَ أَحْسَنَ الْحَدِيثِ كِتَابًا مُّتَشَابِهًا «Alloh eng go‘zal so‘zni o‘xshash... kitob etib tushirdi» (23-oyat). Qur’oni Karim eng go‘zal so‘zdir. Uning oyatlari go‘zallikda, purma’nolikda, hikmatda, to‘g‘rilikda, hukmda va boshqa xususiyatlarda bir-biriga o‘xshashdir. (“Qur’on ilmlari” kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:03 | Savol-javoblar | 233
|
Boshqa savol-javoblar