Qur’on uchun pul olishga kirmaydimi?

Assalomu alaykum! Ustozlar, bizda bemorlik va shunga o‘xshash musibat etgan insonlarga chilyasin qilinadi. Shunda bemorga Yasin surasini o‘qigan 4-5 kishilarga bemorning yaqinlari tugunga tugilgan eguliklar va pul berishadi. Bu Qur’on uchun haq olishga kirmaydimi?
2. Janoza namozi uchun haq olish mumkin emas degan gapning hukmi qanaqa?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Bu ruqiya hisoblanadi, unga pul olish hadislarda kelgan. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmadlar qilgan rivoyatda aytilishicha, Abu Sa’iyd al-Xudriy boshliq bir guruh sahobalar safarda bo‘ladilar. Bir qavm oldidan o‘tib, mehmon qilishni so‘rasalar, u qavm bosh tortadi. Ittifoqo, o‘sha kechasi mazkur qavmning ulug‘ini chayon chaqib oladi. Ulardan ba’zilari maskanlari yaqinida dam olayotgan sahobalarning huzurlariga kelib, bo‘lgan hodisani aytadilar va «Ichingizda dam soladigan odam bormi?» deyishadi. Abu Sa’iyd al-Xudriy: «Bizga haqqini bermasangiz, dam solmaymiz», deydilar. Bir necha adad qo‘yga kelishadilar. Abu Sa’iyd al-Xudriy «Fotiha» surasini o‘qib, dam soladilar. Boshliq tuzaladi. U kishi qo‘ylarni olib, shubhalanib qoladilar va ularga hech bir tasarruf qilmasdan avval Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rash uchun Madinaga haydab ketadilar. Bo‘lgan voqe’ani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga aytib berganlarida u zot: «Taqsimlanglar! Menga ham ulush beringlar», deydilar. Ya’ni bu narsaning joizligi, halolligini bildirish uchun shunday deb, kulib yuborgan ekanlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). 2). Bu gap to‘g‘ri, lekin masjidning imomlari umrlarini xalqning xizmatiga sarflaganlari uchun u kishi xizmat qilayotgan mahallaning xalqiga imomning ta’minotini qilib berishi diyonatan vojib bo‘ladi. Chunki avvalda bu kabi ishlarga maosh qilib vaqfdan berilar edi. Hozirda esa ajratilmaydi. Bunga fiqhiy kitoblarimizda qozining maoshini misol keltiriladi. Ashraf Ali Tahonaviy. Beruvchi “bu kishi umrini bizning xizmatimizga ajratganligi uchun” deb bersin. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 10:03 | Savol-javoblar | 144 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar