Masjidda rasmga tushish

Assalomu alaykum! Masjidda rasmga tushib, keyin uni ijtimoiy saytlarga qo‘ygan odam “A’rof” surasi 55-oyatidagi “Ey mo‘minlar, sizlar Parvardigoringizga tazarru bilan ichingizda maxfiy duo iltijo qilingiz! Zotan, u haddan oshuvchi kimsalarni ya’ni, el ko‘ziga ko‘rsatish uchun riyokorlik qiluvchilarni sevmas” hukmga kirib qolmaydimi? Men o‘zim Masjidi Al-Haramda tushgan rasmimni qo‘yganman. Shu oyatni o‘qib qolganimdan so‘ng “riyokorlik qilayapmanmi” deb biroz qo‘rqib qoldim. Iltimos shu oyatni bir izohlab beringlar.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shayx Sa’diy rohimatullohi alayh o‘zlarining “Guliston” kitoblarida bir hikoyani keltiradilar. Unda bir jamoat ko‘pchilik bo‘lib kechani bir joyda o‘tkazadilar. Ular ichidan bir kishi o‘g‘li bilan birga kechasi bilan namoz o‘qib chiqadi. Saharga yaqin o‘g‘li otasiga : “Otajon qarang, bular ham kechani o‘tkazishdi, biz ham o‘tkazdik. Ular g‘aflatda qolib, biz ibodatda bo‘ldik” dedi. Shunda otasi : “Eh attang ular uxlab dam oldilar, sen esa uyqudan ham qolding, qilgan ibodatingni ham havoga sovurding” deydi.
Siz aytgan oyat quyidagicha tafsir qilingan :
55. Robbingizga tazarru ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas.
Ushbu oyati karimada Alloh taolo mo‘min bandalariga duo qilish odoblarini o‘rgatmoqda. Duoda tazarru – yolvorish va maxfiylik bo‘lishi zarurligini ta’kidlamoqda.
Xuddi shu ma’no Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham o‘z ifodasini topgan.
Imom Buxoriy va imom Muslim Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar bayon qilinadi:
«Odamlar baland ovoz bilan duo qilgan edilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey odamlar, o‘zingizga shafqat qiling, sizlar kar yoki g‘aybga duo qilayotganingiz yo‘q. Siz duo qilayotgan Zot eng yaxshi eshituvchi va eng yaqin Zotdir», – dedilar».
Alloh taologa ibodatu duolarni tazarru ila va maxfiy qilish, xuddi shu oyati karimada ta’kidlanganidek, salafi solihlarimizning odatlariga aylangan edi.
Imom Abdulloh ibn Muborak Hasan Basriyning quyidagi so‘zlarini keltiradilar: «Agar bir kishi Qur’onni jamlagan bo‘lsa ham, odamlarga bildirmas edi. Agar bir kishi fiqhdan juda ko‘p narsani bilsa ham, odamlarga bildirmas edi. Agar bir kishi kechasi uyida uzundan-uzoq namoz o‘qib chiqsa ham, mehmonlariga bildirmas edi. Biz bir odamlarni ko‘rdikki, maxfiy qilish imkoni bo‘lgan ishni hech qachon oshkor qilmas edilar. Musulmonlar duoga ko‘p urinar edilar. Tovushlari hech eshitilmas edi. Ularning duolari Robblariga pichirlashdan iborat bo‘lar edi».
«Robbingizga tazarru ila va maxfiy duo qiling» degani shu. Alloh taolo qilgan ishidan rozi bo‘lib, maqtagan solih bandasi haqida «Qachonki Robbiga maxfiy duo qildi», degani ham shundan. ("Tafsiri Hilol" A’rof 55-oyat). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:01 | Savol-javoblar | 202 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar