Shukur qilish

Assalomu alaykum! Bir narsadan hursand bolsam ikki rakat shukurona nomozi oqip qoyaman, 5 mahal nomozni ham oqiman Allohga shukur, yana Allohga qanday qilib kop shukurona keltirsam boladi. OLDINDAN RAHMAT
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! ShUKRNING HAQIQATI  Albatta, shukr soliklar maqomotidan biridir. U ham boshqa maqomotlar kabi ilm, hol va amal ila yuzaga keladi. Ushbu narsalarni yaxshilab o‘rganib chiqilsa, shukrning haqiqatini anglab olish mumkin bo‘ladi. Zotan, boshqa barcha gaplar bu ma’noni ihota qilishga etishmaydi. Ilm. Ilm asos bo‘lib, undan hol paydo bo‘ladi. Ilm uch narsani – ne’matning o‘zini, uning ne’mat ekanini va ne’mat beruvchining zotini, ne’mat berish uchun zarur bo‘lgan sifatlarini hamda o‘sha Zotdan unga ne’mat sodir bo‘lishini bilishdan iboratdir. Demak, ne’mat ne’mat beruvchidan qasd va iroda ila berilishi kerak. Ushbu ishlarning barchasini bilish lozim. Barcha ne’matlar Alloh taoloning O‘zidan ekanini, faqat Uning O‘zigina ne’mat beruvchi ekanini va vositachilar Uning tomonidan beminnat xizmatkor qilinganini bilish lozim. Xuddi shu ma’rifatdan tavhid va taqdis kelib chiqadi. Iymon ma’rifatlari ichida taqdis birinchi o‘rinda turadi. Qachon muqaddas Zotni tanisa va o‘sha Zotdan boshqa birorta muqaddas zot yo‘qligini bilib etsa, tavhid bo‘ladi. So‘ngra dunyodagi barcha narsalar mazkur yagona Zotdan vujudga kelganini, barcha narsalar Uning ne’mati ekanini biladi. Bu esa taqdis va tav­hiddan keyingi o‘rindagi ma’rifat bo‘ladi. Demak, barcha narsa Alloh taolodan ekaniga ma’rifat hosil qilmaguningcha shukr qila olmaysan. Agar bu borada ozgina shubhang bo‘lsa ham, na ne’matni, na ne’mat beruvchini tanigan bo‘lasan. Ma’rifating noqis bo‘lishi ila holing noqis bo‘ladi. Holning noqisligi amalning noqisligiga olib boradi. Hol. Ne’mat beruvchining in’omidan hosil bo‘lgan xuzu’ hamda tavoze aralash quvonchga «hol» deyiladi. Bu narsa quvonch shukr bo‘lishi uchun asosiy shartdir. Quvonch ne’mat yoki in’omdan emas, balki ne’mat beruvchidan bo‘lishi kerak. Amal. Ne’mat beruvchiga mahbub bo‘lgan narsani qilish «amal» deyiladi. Amalni ne’mat beruvchining ma’rifatidan hosil bo‘lgan quvonch ila qilinadi. Bu boradagi amal dil, til va a’zolarga bog‘liq bo‘ladi. Dil bilan shukr qilish barcha xalqqa yaxshilikni qasd qilish bilan bo‘ladi. Til bilan shukr qilish Alloh taologa hamdu sano so‘zlarini izhor qilish bilan bo‘ladi. A’zolar bilan shukr qilish Alloh taoloning ne’matlarini U Zotning toati uchun ishlatish va ma’siyatiga ishlatmaslik bilan bo‘ladi. Ne’matlarning taqsimi: Alloh taoloning bandalariga beradigan ne’matlari behisob ekani hech kimga sir emas. U Zotning O‘zi Ibrohim surasida: «Agar Allohning ne’matini sanasangiz, adog‘iga eta olmaysiz», degan (34-oyat). Ulamolar ne’matlarni uch asosiy qismga taqsimlaganlar: 1. Dunyoviy: sog‘lik, ofiyat va halol mol kabilar. 2. Diniy: iymon, Islom, Alloh taoloning ma’rifati, taqvo, ilm va amal kabilar. 3. Uxroviy: oz amalga ko‘p savob berilishi kabi. Shokirlarning darajalari: 1. Avomlarning darajasi. Ular faqat Allohning ne’matlariga shukr qiladilar. 2. Xoslarning darajasi. Ular ne’matlarga va kulfatlarga shukr qiladilar. Imom Termiziy Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: «Alloh taolo: «Ey o‘lim farishtasi, sen bandamning farzandining, ko‘z qorachig‘ining, qalbining samarasining jonini oldingmi?» deydi. Farishta: «Ha», deydi. Alloh: «U nima dedi?» deb so‘raydi. Farishta: «Senga hamd va istirjo’ aytdi», deydi. Shunda Alloh taolo: «Jannatda unga bir uy bino qilinglar va uni «Hamd uyi» deb nomlanglar», deydi», deganlar. Imom Hokim keltirgan rivoyatda aytiladi: «Jannatga birinchi chaqiriladiganlar Alloh azza va jallaga engillik va og‘irlikda hamd aytadiganlardir». 3. Xoslarning xoslarining darajasi. Ular faqat Allohning O‘ziga shukr qiladilar. Ne’matni ham, kulfatni ham ko‘rmaydilar. ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:43 | Savol-javoblar | 177 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar