Hayotimizdagi muammolarga nima sabab?

Assalomu alaykum! Ustozlar, yoshim 19da. Ko‘p insonlar bilan gaplashaman, birga savdo qilaman, ularni sirtdan kuzataman. Shu kuzatishlarim jarayonida shunga guvoh bo‘lyapmanki, ko‘p insonlarning hayotida arzigulik biror amal yo‘q. Ko‘p insonlar dunyo topamiz deb, tirikchilik deb ibodatlarini ham mukammal ado qilisholmaydi (hatto takr etganlari ham talaygina), o‘zlariga yuklangan farz, vojib… bo‘lgan amallarni qilishda ham ancha kamchiliklar bor. Yana dunyolari ham obod emas, balki yaxshigina muammolari bor. Albatta bunday bo‘lishiga o‘zimizning gunohlarimiz sabab. Hayotimiz shunday qiyinchilikka duch kelishiga eng katta sabab nima? Tirikchiligim uchun kamroq vaqt sarflab, (lekin barakotli, xayrli, ko‘proq mol-dunyoga ega bo‘lish) uchun nima qilishim kerak? Ko‘p vaqtim oxiratim uchun bo‘lishi uchun nima qilishim kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bunga sabab ilmsizlik. Hozirgi kunda dinimiz 100ta yirtiq joyi bor kiyimimizga o‘xshab qolgan. Ilm o‘rganib, unga amal qilib 3-4tasini yamasak ham, qolgani yirtiqligicha qolmoqda. Shuning uchun na Allohning huzurida va na o‘zgalar nazdida qadrimiz bor. Aslida, birinchi o‘rinda dinimiz butun bo‘lib, mabodo biror yirtiq tushib qolsa, tezdan tavba qilib, yamab olishimiz kerak bo‘lgan narsadir. Bu yurt insonlarining e’zozi ilm va unga ixlos bilan amal ila bo‘lgan. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 10:46 | Savol-javoblar | 161 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar