Dengiz jonvorlari

Assalomu alaykum! Iltimos, dengiz jonzodlarining harom va halol turlari haqida javob bersangizlar. Men bu to‘g‘risida aniq ma’lumot topaolmadim. Ba’zilar barcha dengiz jonzodlari halol desa, ba’zilar faqat qisqichbaqa va yana qandaydur molyuskadan tashqari hammasi halol dedi. Yana boshqalar faqat balih halol deydi.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Moida” suarsida marhamat qiladi : أُحِلَّ لَكُمْ صَيْدُ الْبَحْرِ وَطَعَامُهُ مَتَاعًا لَّكُمْ وَلِلسَّيَّارَةِ وَحُرِّمَ عَلَيْكُمْ صَيْدُ الْبَرِّ مَا دُمْتُمْ حُرُمًا وَاتَّقُواْ اللّهَ الَّذِيَ إِلَيْهِ تُحْشَرُونَ۝ 96. Dengiz ovi va uning taomi siz va yo‘lovchilar bahramand bo‘lishingiz uchun sizga halol qilindi. Modomiki, ehromda ekansiz, sizga quruqlik ovi harom qilindi. Huzurida to‘planadiganingiz Allohga taqvo qiling.
Ehromdagi inson suv hayvonlarini ov qilsa yoki uning taomidan iste’mol qilsa, joiz. Lekin:
«Modomiki, ehromda ekansiz, sizga quruqlik ovi harom qilindi».
Allohning amriga itoat qilmog‘ingiz zarur. Bu ish taqvo bilan bo‘ladi. Bas, shunday ekan, qiyomat kuni:
«Huzurida to‘planadiganingiz Allohga taqvo qiling». (“Tafsiri Hilol” kitobidan).

O‘zi o‘lib qolmagan baliqdan boshqa barcha suv hayvonlari haromdir.
«O‘zi o‘lib qolmagan baliq» deganda suvda qorni osmonga qarab o‘lib yotgan baliq ko‘zda tutilgan.
Hanafiy mazhabi ulamolari suv hayvonlariga tegishli masalada jumhurga xilof qilganlar. Ular:
«Baliqdan boshqa suv hayvonlari halol emas, chunki suv hayvonlarini o‘zi o‘lganidan keyin iste’mol qilinadi. O‘limtik esa haromdir. Baliqqa kelsak, uning o‘limtik bo‘lsa ham halolligi hadisda kelgan», deganlar.
Umuman, suv hayvonlari halolligi haqida har xil dalillar borligi uchun ulamolarimiz keng ijtihod qilganlar. O‘sha keng ijtihodning bir tomonini hanafiylarning ijtihodi tashkil etsa, ikkinchi tomonini «Suv hayvonlarining hammasi har bir holda, hattoki suv ichida o‘lsa ham halol», deganlarning ijtihodi tashkil etadi.
Chigirtka va baliqning barcha turlari so‘yilmasa ham haloldir.
Buning dalili hadisi sharifda kelgan.عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ «أُحِلَّتْ لَنَا مَيْتَتَانِ وَدَمَانِ، فَأَمَّا الْمَيْتَتَانِ فَالْحُوتُ، وَالْجَرَادُ، وَأَمَّا الدَّمَانِ فَالْكَبِدُ، وَالطِّحَالُ  رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَالْحَاكِمُIbn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bizga ikki o‘limtik va ikki qon halol qilindi. Ikki o‘limtik baliq va chigirtkadir. Ikki qon esa jigar va qora taloqdir», dedilar».
Ibn Moja va Hokim rivoyat qilishgan.("Kifoya" kitobidan).
Boshqa mazhab vakillari yuqoridagi oyatni dalil qilib, “Dengiz hayvonlarining barchasi halol” deydilar. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:50 | Savol-javoblar | 150 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar