Taloq hisoblanadimi?

Assalomu alaykum! Yoshim 27 da, 2 farzandim bor. Erim bilan Rossiyada ishlab yurgandik, erim ishga ketdim deb oylab yashash joyimizdan boshqa shaharlarga ketadigan odat chiqardi. Qaysi shaharliginiyam aniq aytmasdi. Hatto telefoniniyam o‘chirardi. Oyga bir kunga kelganidayam bolalar eb-ichishi uchun pul bermaydi. Keyinchalik bir tanishidan menga xiyonat qilayotganini, rus xotin bilan 3 yildan beri yashashini bilib oldim. O‘zi tan olmaydi, telefonidan o‘sha xotinni nomerini topib sms orqali gaplashdim. U xotin gapimni rostligini ma’qulladi. Undan keyin kelganida “zinokorsan” deb uyga qo‘ymadim. Bolam kasal bo‘lganida telefon qilib kelishini xech bo‘lmasa mablag‘ tomondan yordam berishini aytdim. U bo‘lsa “pul yo‘q kechdim senlardan” dedi. Ish beruvchisini topib pul olayotganini bildim, o‘ynashi esa pullarini unga berganini aytdi. Bizga o‘zimni dadam yordam beryaptilar, bolalarim yosh bo‘lishiga qaramay begona yurtda och qolmaslik uchun ishlayapman. Bu ishlardan keyin yurtga qaytib ajrim va alyumentga topshirmoqchiman. Iltimos aytingchi erimni bu harakatlari islomda mumkinmi? Men undan o‘z farzandlarimning haqqini so‘rashga haqlimanmi? Man erimni uyga qo‘ymaganim gunohga kiradimi? Eng asosiysi erim aytgan “kechdim senlardan” degan so‘z taloqqa kiradimi? Meni ajrashaman deyishim joyizmi? Oldindan rahmat javobizni kutaman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu kabi masalalarni ikki tarafning guvohligida, jonli majlisda ko‘rish kerak. Ikkinchi tarafni ham eshitmay, biror aniq gap aytish qiyin. Yaqiningizdagi biror ahli ilmga murojaat qilinglar. Agar vaziyat xuddi siz aytgandek bo‘lsa, erning “Kechdim senlardan” degan gapi kinoiy taloq bo‘lib, bu erning niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Er taloq qo‘yishni niyat qilgan, yoki ayol taloqni so‘rab turgan holat bo‘lsa, taloq tushadi. Farzandlaringizni haqqini so‘rashga haqlisiz. Eringizni uyga qo‘ymaganingiz gunohga kiradi. Erning boshqa ayolga uylanishi taloqni so‘rashga sabab bo‘lmaydi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:46 | Savol-javoblar | 158 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar