Yomon baxs

Assalomu alaykum! Bir kuni bir tanishim, (u musulmon bo‘lsa ham, ibodat qilmaydi, ro‘za ham tutmaydi) «Xudo borligiga ishonaman, ammo nima uchun u adolatsiz: dunyodagi urushlar, bolalarning o‘lib ketishi, umuman bunday yomonliklarni yuboradi? Nega endi begunoh insonlarga yordam bermaydi? Irqchilikka qarab turaveradi? Nega hamma teng emas?» kabi nojuya gaplar bilan meni xafa qildi. Men esa, nima deb javob berishni, qanday qilib, Islom arkonini ximoya qilishni bilmay qoldim. Bunga mening ilmim kamlik qildi. Ayting, uni qanday qilib bu yo‘ldan qaytarsam bo‘ladi? Qanday qilib, uni Islom yaxshilik dini ekanligiga ishontirsam bo‘ladi? Meni ishontir, savollarimga javob ber deya, yana ustunlik kilmokda. Men o‘ylanib qoldim… Ilmdan yordam bering, dalil ko‘rsating. Alloh rozi bo‘lsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Yasin”surasida marhamat qiladi : أَوَلَمْ يَرَ الْإِنسَانُ أَنَّا خَلَقْنَاهُ مِن نُّطْفَةٍ فَإِذَا هُوَ خَصِيمٌ مُّبِينٌ۝ 77. Inson Biz uni nutfadan yaratganimizni bilmaydimi?! Endi esa u banogoh, ochiq-oydin xusumatchi bo‘lib turibdi! Ushbu oyati karima va undan so‘ng keladigan oyatlar o‘lgandan keyin tiriltirishni inkor qiladigan har bir insonga xitobdir. Ammo bu oyatlarning tushishiga sabab bo‘lgan kishi mushriklarning kattasi Ubay ibn Xalaf edi. Mujohid, Ikrima, Urva ibn Zubayr, Suddiy va Qatodadan qilingan rivoyatda: «Ubay ibn Xalaf (Allohning la’nati bo‘lsin unga) qo‘lida chirigan suyakni tutib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va xokini havoga puflab, uchirib turib: – Ey Muhammad, Alloh mana shuni tiriltiradi, deb gumon qilasanmi?! – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – Ha, Alloh seni o‘ldiradi, keyin qayta tiriltiradi, so‘ngra esa do‘zaxga kiritadi, – dedilar. Shundan keyin «Inson Biz uni nutfadan yaratganimizni bilmaydimi?!» deb boshlanuvchi oyatlar nozil bo‘ldi», – deyilgan. Ha, inson o‘z aslini bilganida kofir bo‘lmas edi. O‘lgandan keyin qayta tirilishni inkor qila olmas edi. «Inson Biz uni nutfadan yaratganimizni bilmaydimi?!» Inson o‘zining bir tomchi jirkanch suvdan yaratilganini bilmaydimi?! O‘zini kim deb o‘ylaydi?! Bunchalik hovliqadi?! Bunchalik osmondan keladi?! «Endi esa u banogoh, ochiq-oydin xusumatchi bo‘lib turibdi!» «Alloh chirigan suyakni qanday qilib qayta tiriltiradi?» deb, istehzo bilan savol beradi?! وَضَرَبَ لَنَا مَثَلًا وَنَسِيَ خَلْقَهُ قَالَ مَنْ يُحْيِي الْعِظَامَ وَهِيَ رَمِيمٌ۝ 78. U Bizga misol keltirdi va o‘zining yaratilishini unutdi. «Suyaklarni kim tiriltirur? Holbuki, ular titilib ketgan-ku?!» – dedi. Haddidan oshgan, o‘zidan ketgan bu xusumatchi inson qo‘liga chirigan suyaklarni olib: «…Bizga misol keltirdi...» Misol keltirishga keltirdi-yu, ammo «...o‘zining yaratilishini unutdi». (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:21 | Savol-javoblar | 168 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar