Qur’onni bilmagan kishi

Assalomu alaykum! Inson Qur’onni o‘qimay, bilmay turib man musulmonman deb aytish to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Musulmon bo‘lish uchun iymon keltirish kerak. Qur’on o‘qishni bilish iymonning shartlaridan emas. Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida o‘tirganimizda banogoh oldimizga kiyimlari oppoq, soch-soqoli tim qora, ustida safar alomatlari ko‘rinmaydigan, oramizda ham hech kim uni tanimaydigan bir kishi chiqdi va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib o‘tirdi. Tizzasini u kishining tizzalariga taqab, ikki qo‘lini (o‘zining) sonlariga qo‘yib, dedi: — Ey Muhammad! Menga Islom haqida xabar bering!   Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Islom Allohdan o‘zga iloh yo‘qligi hamda Muhammad alayhissalom Allohning Rasuli ekanligiga guvohlik berishing, namozni barpo qilishing, zakotni o‘tashing, Ramazonda ro‘za tutishing va agar qodir bo‘lsang, Baytullohni haj qilishingdir. Haligi kishi: — To‘g‘ri aytdingiz! – dedi. Biz uning ham so‘rab, ham tasdiqlayotganiga hayron bo‘ldik. — Menga iymon haqida xabar bering! — Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga ishonishing hamda taqdirning yaxshisiyu yomoniga iymon keltirishing. U odam: — To‘g‘ri aytdingiz! – deb, keyin yana so‘radi: — Menga ehson haqida xabar bering! — Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilishing, agar sen Uni ko‘rmayotgan bo‘lsang, U seni ko‘rib turadi. — Menga Soat (Qiyomat kuni) haqida xabar bering. — U haqda so‘ralayotgan kishi so‘rovchidan ko‘proq bilguvchi emas. — Uning alomatlari haqida aytib bering. — Cho‘ri o‘zining xo‘jayinini tug‘adi va o‘zlari yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al bo‘lgan qo‘yboqarlar faxr va riyo uchun bino qurayotganini ko‘rasiz. So‘ng haligi kishi ketdi. Men bir oz muddat kutdim. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan so‘radilar: — Ey Umar! Bilasanmi, o‘sha so‘rovchi kishi kimligini? — Alloh va Rasuli biluvchiroq. — U kishi – Jabroil alayhissalom, sizlarga diningizni ta’lim bergani kelgan edilar, – dedilar». Muslim rivoyatlari. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 14:15 | Savol-javoblar | 165 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar