Ro‘zani ochib qo‘yish

Assalomu alaykum ! Ro‘za tutib ishlab yurgandim. Bir kuni ish juda qiyin bo‘ldi va kun issiq bo‘lgani sababli, juda qiynalib chidolmay ro‘zamni ochib qo‘ydim. Endi qo‘shib shu kunni ro‘zasini tutaymi?  Ishlash sababli o‘zimizni qiynab ro‘za tutish durustmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ro‘zani qazosini tutasiz. Ro‘za sanoqli kunlardir va savobi ham cheksizdir. Ro‘za tutingda, o‘zingizni qiyin ishga mashg‘ul qilmang. Quyidagi hadis qudsiyda «Alloh taolo «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim berurman» deyilgan. Ulamolarimiz “وَأَنَا أَجْزِي بِهِ” iborasini “وَأَنَا اُجْزَي بِهِ” deb o‘qib, “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofoti Men - O‘zim bo‘lurman” degan ma’noni ham aytganlar. Bizning qilgan amalimizning mukofoti robbimizning O‘zi bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ryapmizmi?عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رضي الله عنه، عَنِ النَّبِيِّ  صلي الله عليه وسلم يَقُولُ: قَالَ اللهُ تَعَالَى: كُلُّ عَمَلِ ابْنِ آدَمَ لَهُ إِلَّا الصِّيَامَ، فَإِنَّهُ لِي وَأَنَا أَجْزِي بِهِ، وَالصِّيَامُ جُنَّةٌ، وَإِذَا كَانَ يَوْمُ صَوْمِ أَحَدِكُمْ فَلَا يَرْفُثْ وَلَا يَصْخَبْ، فَإِنْ سَابَّهُ أَحَدٌ أَوْ قَاتَلَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّي امْرُؤٌ صَائِمٌ، وَالَّذِي نَفْسُ مُحَمَّدٍ بِيَدِهِ لَخُلُوفُ فَمِ الصَّائِمِ أَطْيَبُ عِنْدَ اللهِ مِنْ رِيحِ الْمِسْكِ، لِلصَّائِمِ فَرْحَتَانِ يَفْرَحُهُمَا، إِذَا أَفْطَرَ فَرِحَ، وَإِذَا لَقِيَ رَبَّهُ فَرِحَ بِصَوْمِهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: كُلُّ عَمَلِ ابْنِ آدَمَ يُضَاعَفُ، الْحَسَنَةُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا إِلَى سَبْعِمِائَةِ ضِعْفٍ. قَالَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: إِلَّا الصَّوْمَ فَإِنَّهُ لِي وَأَنَا أَجْزِي بِهِ، يَدَعُ شَهْوَتَهُ وَطَعَامَهُ مِنْ أَجْلِي Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Alloh taolo «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim berurman», dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, «Men ro‘zador odamman», desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Ular ila suyungay. Iftor qilganda suyungay va qachon Robbisiga yo‘liqqanda, ro‘zasi ila suyungay», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Boshqa bir rivoyatda: 
«Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to etti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: «Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur», dedi», deyilgan.
Sharh: Bu rivoyatda hadisi qudsiy bilan hadisi sharif aralash holda kelmoqda.
Alloh taolo nomidan aytilgan so‘zlar – hadisi qudsiy, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan aytilgani esa hadisi sharifdir.
Avvalo hadisi qudsiy kelmoqda:
«Alloh taolo «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman», dedi».
Demak, insonning ro‘zadan boshqa hamma qilgan amali o‘zi uchun bo‘ladi. Faqatgina tutgan ro‘zasi Alloh uchundir. Buni qanday tushunish mumkin? Javobi qo‘yidagicha:
Ro‘zadan boshqa hamma amallarda amal qiluvchi xohlasa ham, xohlamasa ham bir oz xo‘jako‘rsinga qilish, o‘zgalarning havasi, maqtovi, obro‘-e’tiborini qozonish hissi paydo bo‘ladi.
Misol uchun, namoz o‘qigan odamning tahorat qilganini, namozga joy tanlaganini va nihoyat, namoz o‘qiyotganini boshqalar ko‘radi. Bu odam namoz uchun tahorat qilmoqda, bu odam namoz uchun joy tanlamoqda, bu odam namoz o‘qimoqda, yaxshi odam ekan, degan fikr xayolidan o‘tib, unga hurmat-e’tibor bilan qaraydi.
Shu kabi, zakot berganini har qancha yashirsa ham, hech bo‘lmaganda zakotni olgan kishi bilib, haqqiga duo qiladi.
Hajga borgani esa umuman, shov-shuv bo‘lib ketadi. Qaytganidan so‘ng guruh-guruh kishilar ziyoratiga kelishadi. «Hoji aka» yoki «Hoji ona» degan nom bilan chaqirila boshlaydi.
Ro‘zada esa bu narsalarning birortasi yo‘q, kechasi hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma barobar yuraveradi. Hech kimsiz, yolg‘iz o‘zi qolganida ro‘zador Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, og‘zini ochib yubormaydi. Ana shularning hammasi ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir.
Shuning uchun ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taoloning O‘zi berishga va’da qilmoqda. Bu haqiqatni yana ham to‘liq tushunib olishimizga boshqa bir rivoyatdan keltirilgan qo‘shimcha lafzlar yordam beradi.
«Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to etti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: «Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (odam bolasi) shahvati va taomini men uchun tark qilur», dedi».
Demak, ro‘zadan o‘zga amallarning savobi qay miqdorda ko‘paytirib berilishi aniq. Savob beriladigan bitta amalning savobi o‘n martadan to etti yuz martagacha ko‘paytirilishi mumkin. Ammo bundan ortiq bo‘lmasligi ham mumkin.
Shu bilan birga, ro‘za uchun beriladigan savobning ko‘payishi shunchalarki, uni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, idrok ham qila olmaydi. Ro‘zadorning amali bunchalar yuqori baholanishining sababi u faqat Alloh taolo uchun taomi va shahvatini tark qilib, ro‘za tutganligidir.
Ushbu rivoyatning hadis qismida esa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ro‘zaning faziylatlari haqida va ro‘zador o‘zini qanday tutishi lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritadilar.
1. «Ro‘za saqlovchidir».
Ro‘zaning saqlovchi ekanligi umumiy ma’nodadir. U ro‘zadorni turli yomon ishlardan, gunohlardan, kasalliklardan, ahloqsizliklardan, eng muhimi, do‘zaxga tushishdan saqlaydi.
2. «Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahsh¬dan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin».
Fahsh, uyatsiz so‘zlarni gapirish musulmon odamga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, baqir-chaqir qilish ham. Musulmon ro‘zador bo‘lganida uning obro‘-e’tibori yana ham oshadi. Uning ro‘za ila berk og‘zidan hech bir behuda, noma’qul so‘z chiqmasligi kerak. Ayniqsa, fahsh so‘zlar, so‘kish, g‘azab ila sodir bo‘ladigan baqir-chaqirlar umuman chiqmasligi lozim. Agar ro‘zadorning ixtiyoridan tashqari, boshqa birovlar uni baqir-chaqirga majbur qilsa ham, undan saqlanib qolish yo‘li bor.
3. «Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, «Men ro‘zador odamman», desin».
Shu orqali o‘zining so‘kishishi va urishishi mumkin emasligini o‘ziga ham, o‘zgaga ham eslatsin. Ro‘zaning hurmatidan so‘kishni va urishishni tark qilsin. Bu naqadar yuksak odob! Bu naqadar oliyjanoblik!
Darhaqiqat, Allohga ibodat qilish uchun, Allohning farz qilgan ro‘zasini tutish uchun berkitilgan og‘izdan fahsh so‘zlar, so‘kishlar, baqir-chaqirlar chiqishi mutlaqo to‘g‘ri emas. Bunday og‘izdan har doim yaxshi, go‘zal va foydali so‘zlar chiqishi kerak.
4. «Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir».
Ma’lumki, ovqat egandan so‘ng ma’lum vaqt o‘tib, taom hazm bo‘lish jarayonida og‘izdan turli hidlar chiqadi. Odatda o‘sha hid maqtovga sazovor hid emas. Ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan, arab tilida «xaluf» deb nomlanadigan o‘sha hid Allohning huzurida mushku anbarning hididan ham afzal ekanligini qasam ila ta’kidlamoqdalar. Bu ham ro‘zaning fazli qanchalar ulug‘ ekanligini ko‘rsatadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu so‘zlarini fuqaholarimiz yaxshi o‘rganib, «Ro‘zador kishi Peshindan keyin misvok qilmasligi kerak, mabodo u misvok qilib, og‘zini tozalasa, o‘sha mushku anbardan ko‘ra xushbo‘y hid ketib qoladi», deganlar.
Ro‘zaning faziylatlari shu bilan tamom bo‘lib qolmaydi. Yana davom etaveradi.
5. «Ular ila suyungay».
1. Iftor qilganda xursand bo‘ladi.
2. Robbiga yo‘liqqanda bu dunyoda ro‘za tutganligidan xursand bo‘ladi.
Demak, mazkur ikki xursandlik faqat ro‘za tutgan kishilar uchungina bo‘ladi. Bu ham ro‘zaning buyuk faziylatlaridandir.
Darhaqiqat, kun bo‘yi ro‘za tutib, vaqti kelganda iftor qilgan inson nihoyatda xursand bo‘ladi. Alloh amr qilgan ibodatni ado etganidan, hadsiz-hisobsiz savoblarga ega bo‘lganidan, oxiratiga zamin tayyorlaganidan xursand bo‘ladi. Ochlik, tashnalikdan so‘ng halol taomga etishganidan xursand bo‘ladi. Bunday xursandlik, albatta, faqat ro‘za tutgan kishigagina nasib etadi. Oxiratda esa Alloh ila muloqot bo‘lganda tutgan ro‘zasi uchun jannatga kiritilganidan xursand bo‘ladi. Ro‘za tutmaganligi uchun do‘zaxga tushishi vojib bo‘lgan kishilar qanday ham xursand bo‘lsinlar?!
Demak, hayotimizda ushbu hadisi sharifga hech og‘ishmay amal qilmoq lozim, toki Robbimiz bizga farz qilgan ro‘zani bexato tutaylik, ro‘zador kishining odoblari ila odoblanaylik. Ana shunda hadisda va’da qilingan martabalarga sazovor bo‘lurmiz, inshaalloh.(“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:37 | Savol-javoblar | 155 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar