O‘ziga o‘qiladigan suralar

Assalomu alaykum! Inson o‘zini shaytonning vasvasasidan ximoya qilishi uchun qaysi suralarni o‘qish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ko‘proq “Oyatul Kursiy” va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tongda va tunda o‘qigan duolarini o‘qib yuring. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan quyidagi hodisani rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Ramazon zakotini saqlashga vakil qildilar. Birov kelib, to‘plangan egulikdan hovuchlab ola boshladi. Uni ushlab: «Hozir seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib boraman», dedim. «Meni qo‘yib yubor, bola-chaqam bor, juda ham muhtojman», dedi. Uni qo‘yib yubordim. Tong otganda Payg‘ambar alayhissalom: «Hoy Abu Hurayra! Kechagi asiring nima qildi?» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, juda ham muhtojligidan, bola-chaqasining ko‘pligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo‘yib yubordim», dedim. U zot alayhissalom: «Senga yolg‘on gapirgan bo‘lib, qaytib kelsa-chi?» dedilar. Payg‘ambar alayhissalomning «qaytib kelsa-chi», deganlaridan uning yana kelishini bildim va poylab turdim. U yana kelib, egulikdan hovuchlab ola boshladi. Uni tutib oldim va: «Seni Rasulullohning oldilariga olib boraman», dedim. «Meni qo‘yib yubor, bola-chaqam bor, juda ham muhtojman», dedi. Rahmim kelib, uni qo‘yib yubordim. Tong otganda Payg‘ambar alayhissalom: «Hoy Abu Hurayra, kechagi asiring nima qildi?» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, juda ham muhtojligidan, bola-chaqasining ko‘pligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo‘yib yubordim», dedim. U zot alayhissalom: «Senga yolg‘on gapirgan bo‘lib, qaytib kelsa-chi?» dedilar. Uchinchi marta poylab turib, yana ushlab oldim va: «Endi uch marta bo‘ldi, seni albatta Rasulullohning huzurlariga olib boraman. Har safar «Qaytib kelmayman», deb, yana kelasan», dedim. «Meni qo‘yib yuborsang, Alloh senga manfaat beradigan so‘zlarni o‘rgatib qo‘yaman», dedi. «Ular qanday so‘zlar?» dedim. «Ko‘rpangga kirib yotganingda «Oyatul kursiy»ni o‘qisang, Alloh tarafidan seni qo‘riqchi qo‘rib turadigan bo‘ladi. Tong otguncha senga shayton yaqinlashmaydi», dedi. Ertasiga Rasululloh alayhissalom: «O‘zi yolg‘onchi bo‘lsa ham, senga rost gapiribdi», dedilar va: «Uch kundan beri kim bilan gaplashayotganingni bilansanmi, ey Abu Hurayra?» dedilar. Men: «Yo‘q», dedim. U zot alayhissalom: «O‘sha shaytondir», dedilar». ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 14:37 | Savol-javoblar | 158 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar