Supermarketlarda qaytim

Assalomu alaykum! Bir do‘stimni iltimosiga ko‘ra savolini yo‘llayabman. Izlash xizmatidan foydalanib do‘konlarda qaytarilmay qolib ketadigan mayda summalar (ya’ni 10, 20, 30) ning javobi og‘irligini tushundik. Savolim shuki, do‘stim xozirgi kunda yurtimizdagi ikki yirik supermarketning birida kassir bo‘lib ishlaydi aniqki deyarli xar bir mijozning olgan maxsulotlarini qo‘shganda 30, 40, 50, 60 so‘m, qaytarib bo‘lmaydigan qoldiq xosil bo‘ladi. Raxbariyatning topshirig‘i bo‘yicha 50 so‘m va undan kam miqdordagi summalar qaytarilmaydi olib qolinadi. 60 so‘m va undan yuqori bo‘lgan summalar yaxlitlanib 100 so‘m qilib beriladi xaridorga. Shu xolatda qaytarilmayotgan pul uchun topshiriq bergan raxbariyat yoki ma’sul xodim gunoxkor bo‘ladimi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridor bilan muomala qilib qaytimni qaytarmayotgan kassir gunoxkor bo‘ladimi yoki hammasi teng gunoxkor bo‘ladimi? Agar kassir ham gunoxkor bo‘lsa u xolda qanday yo‘l tutish lozim? Biror echim bormi yoki ishdan bo‘shab ishlamaslik kerakmi? Iltimos bu savol javobni telegram kanalingizga ham joylasangiz. Zora o‘sha supermarket raxbarlaridan kimningdir ko‘zi tushib to‘g‘ri xulosa chiqarishsa. Javobingiz uchun rahmat. Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Shariatimizda ba’zi amalga oshirish qiyin bo‘lgan narsalarni afv qilinadi. Tahoratli insonning badanida piyolaning orqa tomonidan kichik miqdordagi nojosat bo‘lsa u holatda o‘qilgan namoz joiz deyilgan. Namozni o‘tirib o‘qishga ham qodir bo‘lmagan insonga yotib ishora bilan namoz o‘qish joiz deyilgan. Shariatimizda “Alharoju marfu’un” ya’ni tang holatda ba’za bir narsalarni avf(kechirilinadi) qilinadi degan qoida bor. Bu qoida aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Uch kishidan qalam ko‘tarilgan” degan hadislaridan olingan. Ya’ni bola balog‘atga etguncha, aqli zaif va uyqudagi inson qilib qo‘ygan amallari uchun javobgar bo‘lmaydi. Yuqoridagi qoidaga asosan mijozlarni tiyinda bo‘lgan qaytimlarini berish qiyin bo‘lsa, mijozlar ham bu kabi tiynlarni talab qilmasa, qolib ketishiga qarshi bo‘lishmasa va supermarketlar ham shu tiyinlardan foyda ko‘rishni nazarda tutmasa birovlarning kichik haqi birovlarga o‘tishda javobgarlik yo‘q. Shunday bo‘lsada tiyiningiz bizda qolmoqda deb aytib qo‘yish kerak. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:33 | Savol-javoblar | 144 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar