Dadamga nisbatan muomala

Assalomu alaykum! Ustozlar, Allohim sizu bizlarni oxiratda jannat bilan siylasin! Ijozatingiz bilan savolimni bayon qilsam: Yoshligimizda ancha oldin dadamiz bizni tashlab ketganlar, onam yolg‘iz o‘zlari 2 o‘g‘il 1 qizni qiyinchilik bilan voyaga etkazdilar. Allohga behisob shukurlar bo‘lsin hozir hammasi joyida. Akam va opamlar oilali, man eng kichik farzandman, yoshim 20da. Amaki, ammalarimiz bilan munosabatlarimiz yaxshi!
1-Dadamni bizda haqqlari bormi? Dadamni umrlari yakun topayotganda yonlarida bo‘lib roziliklarini olishimiz kerakmi?
2-Amakilarim va ammalarimiz bilan aloqalarni batamom uzsak bo‘ladimi?
3-Akam va opam oila qurishda dadamni roziliklarini olmaganlar. Shu qatorda man ham dadamni roziliksiz oila qurishim joizmi? Javob uchun oldindan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Otangizni sizni dunyoga kelishingizga sabab bo‘lganlik haqqlari bor. Ehtirom qilishingiz vojib. Qilmasangiz gunohkor bo‘lasiz. 2). Aloqalarni uzsangizlar bo‘lmaydi. Gunohkor bo‘lasizlar. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُبْسَطَ لَهُ فِي رِزْقِهِ وَأَنْ يُنْسَأَ لَهُ فِي أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kimni rizqining kengaytirilishi va ajalining ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai rahm qilsin», dedilar». Uchovlari rivoyat qilganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). 3). Siz doim ota-onangizni duolarini olishni qo‘ymang. Kim bilan turmush qurish sizning ixtiyoringiz. عَنْ جَعْفَرِ بْنِ بُرْقَانَ قَالَ: إِنَّ لِكُلِّ وَالِدٍ فِي وَلَدِهِ كُلَّ يَوْمٍ دَعْوَةٌ مُسْتَجَابَةٌ - أَوْ قَالَ: مُجَابَةٌ - فَإِنِ اسْتَطَعْتَ فَلاَ تَكُونَنَّ مُبِيرًا Ja’far ibn Burqondan rivoyat qilinadi: «Har bir ota-onaning farzandi haqqida kuniga bir marta ijobat bo‘ladigan duosi bor. Agar qodir bo‘lsang, halok bo‘luvchi mahrum bo‘lma». Sharh: Demak, ota-onaning duosi bir kunda hech bo‘lmasa bir marta qabul bo‘lishi bor ekan. Farzand ana shu duoni olib qolish harakatida bo‘lishi kerak ekan. Shu duoni olib qolmasa, ko‘p narsadan mahrum bo‘lar ekan. عَنْ مُجَاهِدٍ قَالَ: دَعْوَةُ الوَالِدِ لاَ تُحْجَبُ دُونَ اللهِ عَزَّ وَجَلَّ Mujohiddan rivoyat qilinadi: «Ota-onaning duosi Alloh azza va jalladan to‘silmas». Sharh: Ota-ona bolasiga haqqiga duo qildimi, bas, to‘siq yo‘q, to‘g‘ri qabul qilinadi. Shuning uchun, har bir farzand ota-onasining duosini olishga doimiy ravishda harakat qilib turishi lozim. (“Yaxshilik va silai rahm” kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 15:10 | Savol-javoblar | 171 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar