Jannatga kiradimi?

Assalomu alaykum! Javoblaringizdan birida Alloh oldidagi yagona to‘g‘ri din Islom dini debsiz. Albatta bunga shubham yo‘q. O‘sha javobingizdan tushunishimcha islom dinidan boshqa dindagilar turli narsalarga kofir bo‘lib qoladi va jannatga kirmaydi. Agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, islom dini kelmasidan oldingi insonlarchi? Ular o‘z diniga nomuvofiq ish qilmagan bo‘lsa jannat kirishlari mumkinmi? Albatta jannatga kim kirishini Alloh bilguvchidir. Iltimos bizga jannatga qaysi din vakillari kirishi mumkinligi haqida aytsangizlar. Islom kelgandan keyin yashagan boshqa din vakillari ham yaxshi ammallari uchun jannatga kiradimi? Javobingiz uchun rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ular haqida Alloh taolo hukm chiqarib, “Oli Imron” surasida marhamat qiladi : وَمَن يَبْتَغِ غَيْرَ الإِسْلاَمِ دِينًا فَلَن يُقْبَلَ مِنْهُ وَهُوَ فِي الآخِرَةِ مِنَ الْخَاسِرِينَ 85. Kim Islomdan boshqa dinni istasa, bas, undan hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko‘ruvchilardandir.
Allohning huzurida maqbul bo‘lgan yagona Islom dinining oxirgi va mukammal ko‘rinishi Muhammad alayhissalomga yuborilgan haqiqiy Islom dinidir. Endi undan boshqa dinni istab, o‘sha boshqa dinda yurganlardan u dinlari hargiz-hargiz qabul qilinmaydi. Ular oxiratda ziyon ko‘ruvchi bo‘ladilar. Alloh ularni hidoyatga solmaydi, balki la’natlaydi. Zero: كَيْفَ يَهْدِي اللّهُ قَوْمًا كَفَرُواْ بَعْدَ إِيمَانِهِمْ وَشَهِدُواْ أَنَّ الرَّسُولَ حَقٌّ وَجَاءهُمُ الْبَيِّنَاتُ وَاللّهُ لاَ يَهْدِي الْقَوْمَ الظَّالِمِينَ 86. Iymon keltirib, Rasulni albatta haq deb guvohlik berganidan va ularga ochiq-oydin hujjatlar kelganidan keyin kufr keltirgan qavmni Alloh qanday ham hidoyat qilsin?! Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas.
Haqiqatan, bular juda ham zolim odamlar hisoblanadi. Axir ularga Islom dini haq din ekani to‘g‘risida ochiq-oydin oyatlar, bayonotlar kelgan bo‘lsa, o‘zlari ham Nabiy alayhissalomning haq ekanliklariga guvohlik berib, iymonga kelsalar-u, keyin yana kufrga ketsalar, albatta, katta zulm qilgan bo‘ladilar-da. أُوْلَئِكَ جَزَآؤُهُمْ أَنَّ عَلَيْهِمْ لَعْنَةَ اللّهِ وَالْمَلآئِكَةِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ 87. Ana o‘shalarning jazosi ularga Allohning, farishtalarning va odamlarning – barchalarining la’nati bo‘lishidir.
Bunday la’natga qolish katta badbaxtlik emasmi?! Bu dunyoyu u dunyoning barcha-barchasidan bo‘ladigan la’natni o‘ziga qaratish juda ham ulkan jazodir! Darhaqiqat, Islomga kirish imkoni bo‘lib turib kirmaganlar shunday jazoga loyiqdirlar.
Ha, albatta, ularga Allohning, farishtalarning va odamlarning la’nati bo‘lur va Ular: خَالِدِينَ فِيهَا لاَ يُخَفَّفُ عَنْهُمُ الْعَذَابُ وَلاَ هُمْ يُنظَرُونَ 88. Unda mangu qoluvchidirlar. Ulardan azob engillatilmas va ularga muhlat ham berilmas.
Bunday zolimlar do‘zaxda, la’natda abadul-abad qoladilar. Doimo qattiq azobga olinadilar, ulardan azob engillatilmaydi. Eng daxshatlisi – ularga nazar ham solinmaydi. إِلاَّ الَّذِينَ تَابُواْ مِن بَعْدِ ذَلِكَ وَأَصْلَحُواْ فَإِنَّ الله غَفُورٌ رَّحِيمٌ 89. Ana shundan keyin tavba qilib, isloh qilganlar mustasno. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.
Tavba eshigini ochiq qo‘yishning o‘zi Allohning bandalariga bo‘lgan ulkan rahmatidir. Ojiz inson bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘ysa, keyin o‘ziga kelib, xatosiga afsus qilsa, marhamat, tavba qilsin. Sodir etgan gunohidan qaytsin.
Lekin tavbaga faqat og‘iz bilan gunohdan qaytganlikni e’lon qilish yoki dildan o‘tkazish kifoya emas. Balki tavbaning haqiqiy ekani tavbadan keyin o‘sha gunohni qaytib qilmaslik, yaxshi amallarni ko‘proq qilish bilan sobit bo‘ladi. Agar shunday qilsalar:
«Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
U o‘sha bandaning gunohlarini mag‘firat qiladi va o‘z rahmatiga oladi.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:10 | Savol-javoblar | 239 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar