Bir qiz yolg‘izlikka mahkum etilganman deyapti

Assalomu alaykum! Bir qiz men turmushga chiqmoqchi emasman, yolg‘izlikka mahkum etilgan yomon qizman deyapti. Mendan uzoqroq yuring deyapti. Aytingchi qiz bola umrini oxirigacha erga tegmasligi mumkinmi, qiz bolaga bu ruxsatmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Avvalo nomahramlar bilan zaruratsiz suhbat qurish joiz emas.2). Bu joiz emas. Dinimizda rohiblik yo‘q. عَنْ سَعْدِ بْنِ أَبِي وَقَّاصٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَرَادَ عُثْمَانُ بْنُ مَظْعُونٍ أَنْ يَتَبَتَّلَ، فَنَهَاهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، وَلَوْ أَجَازَ لَهُ ذَلِكَ لَاخْتَصَيْنَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ   Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Usmon ibn Maz’un butunlay tarkidunyo qilmoqchi bo‘lgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni nahiy qildilar. Agar unga bu ishda ruxsat berganlarida, o‘zimizni albatta bichib tashlar edik».
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Ushbu faslning avvalida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalaridan u zotning ibodatlari haqida so‘rab, uni oz sanab, keyin tarkidunyochilikning uch xil turini tanlagan uch kishidan biri ham Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu edilar.
Ushbu hadisdagi «butunlay tarkidunyo qilish» ma’nosi uylanishni ham tark qilish ma’nosini o‘z ichiga olgan. Shuning uchun ham roviy Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu:
«Agar unga bu ishda ruxsat berganlarida, o‘zimizni albatta bichib tashlar edik», demoqdalar.
Islomda bu ish joiz bo‘lmaganligi uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhuga ruxsat bermaganlar. Uylanmay yurish musulmon kishi uchun yaxshi emas, bu ish rohiblik deyiladi.
Masihiy dinida ibodatga berilganlar uylanishdan voz kechishlari kerak. Unday ishni qiluvchilar rohiblar, qilayotgan ishlari rohiblik deyiladi. Islomda esa rohiblik yo‘q. Islomda uylanish ham ibodat hisoblanadi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 13:53 | Savol-javoblar | 166 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar