Savobidan umid bormi?

Assalomu alaykum! Agar biror kimga(balki farzandingizga yoki begonaga) savobli ishni(yoki buyuk kalomlarni - "laa ilaha illalloh" va shunga o‘xshash kalomlarni) o‘rgatsa va butun umri davomida aytgan har bir "la ilaha illaloh" degan kalomidan yoki butun umri davomida so‘z o‘rgatgan savobli amallarni har qilganida o‘rgatganga ham savob tegadimi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning :
عن أبي مسعود عقبة بن عمرو الأ‌نصاري البدري - رضي الله عنه - قال: قال رسول الله - صلى الله عليه وسلم -: ((من دلَّ على خيرٍ، فله مثل أجر فاعله))؛ رواه مسلم.
degan hadislari bor. Ya’ni : Kim biror yaxshilikka dalolat qilsa, unga ham o‘sha yaxshilikni qiluvchining ajri mislicha ajr bordir. (Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Agar banda vafot etsa, uning barcha amallari to‘xtaydi. Lekin uch amali to‘xtamaydi: 1) Sadaqai joriya; 2) Manfaat beradigan ilm va 3) Duo qiladigan solih farzand”. (Muslim rivoyati).
Sadaqai joriya deganda Alloh taolo roziligi uchun va ko‘pchilikka xizmat qiluvchi xayriya ishlardir. Bunday ishlarning savobi to‘xtovsiz yozilib turaveradi.
Manfaat beradigan ilm yoki shogird tayyorlash, jamiyat manfaati uchun yozib qoldirilgan ilmiy asrlar va kashfiyotlardan iboratdir.
O‘zidan keyin duo qiluvchi solih farzand qoldirgan bo‘lsa, ular vositasida vafotidan keyin ham savob u insonga etib turadi. Buning oz yoki ko‘pligini farqi yo‘q.
قال صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : ( إِنَّ مِمَّا يَلْحَقُ الْمُؤْمِنَ مِنْ عَمَلِهِ وَحَسَنَاتِهِ بَعْدَ مَوْتِهِ عِلْمًا عَلَّمَهُ وَنَشَرَهُ وَوَلَدًا صَالِحًا تَرَكَهُ وَمُصْحَفًا وَرَّثَهُ أَوْ مَسْجِدًا بَنَاهُ أَوْ بَيْتًا لِابْنِ السَّبِيلِ بَنَاهُ أَوْ نَهْرًا أَجْرَاهُ أَوْ صَدَقَةً أَخْرَجَهَا مِنْ مَالِهِ فِي صِحَّتِهِ وَحَيَاتِهِ يَلْحَقُهُ مِنْ بَعْدِ مَوْتِهِ ) رواه ابن ماجه
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Mo‘min vafot topgach uning amal va hasanotlaridan ta’lim bergan va tarqatgan ilmi, qoldirgan solih farzandi, meros qoldirgan Qur’oni, bino qilgan masjidi yoki musofirxonasi, qazdirgan anhori, tiriklik va salomatligida molidan chiqargan sadaqasi unga etib turadi” dedilar. (Ibni Moja rivoyati).
Shulardan ma’lum bo‘ladiki, ota o‘z ta’lim bersa yoki ilm olishiga sababchi bo‘lsa, uzluksiz uning savobidan bahramand bo‘lib turadi.
مَنْ دَعَا إِلَى هُدًى كَانَ لَهُ مِنْ الْأَجْرِ مِثْلُ أُجُورِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْئًا وَمَنْ دَعَا إِلَى ضَلَالَةٍ كَانَ عَلَيْهِ مِنْ الْإِثْمِ مِثْلُ آثَامِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ آثَامِهِمْ شَيْئًا  ـ رواه مسلم
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida : “Kim hidoyatga chaqirsa, unga hidoyatga ergashganlarning ajrining mislicha ajr bor. Unga berilgan ajr, ularga berilgan ajrdan biror narsani kamitmaydi va kim zalolatga chaqirsa, unga zalolatga ketgan kishilarning gunohi mislicha gunoh bordir. Ularning ganohidan biror narsani kamaytirib qo‘ymaydi” dedilar. (Muslim rivoyati).
Shuning uchun inson yaxshilikni ozini ham yomonlikni kichigini ham haqir sanamasligi lozim. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:48 | Savol-javoblar | 132 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar