Qaysi mazhab?

Assalamu alaykum! Ustozlar. Men Rossiyadalik paytimda bir masjidga peshin namozini o‘qish uchun kirdim. Masijidning yarmida hanafiy mazhabidagilar o‘qidik, yarmida esa Ozorbayjon milatidagilar sajda qiladigan joyga doira shaklidagi taxtacha qo‘yib o‘qishdi. Ular qaysi mazhabdan? Ularni taxtachasi haqida biror hujjati bormi? Savolda xato kamchiliklar bo‘lsa uzr.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz ko‘rgan narsa er jinsidan bo‘lgan tosh yoki tuproqdan yasalgan narsa bo‘lishi mumkin. Chunki shia mazhabidagilar tuproq yoki tuproqdan yasalgan narsa, yoki pokiza erga sajda qilishni shart qiladilar. Ulardan boshqa narsalar ustiga qilingan sajdani "joiz emas" deydilar. “Karbalo” tuprog‘iga sajda qilishni esa, savobi ulug‘ deyishadi. Lekin ularning bu gaplariga hech qanday asos yo‘q.
عَنْ أَنَسٍ قَالَ : كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَحْسَنَ النَّاسِ خُلُقًا ، وَكَانَ لِي أَخٌ يُقَالُ لَهُ " أَبُو عُمَيْرٍ " ، قَالَ : أَحْسِبُهُ فَطِيمًا ، وَكَانَ إِذَا جَاءَ قَالَ : ( يَا أَبَا عُمَيْرٍ مَا فَعَلَ النُّغَيْرُ  - نُغَرٌ كَانَ يَلْعَبُ بِهِ - فَرُبَّمَا حَضَرَ الصَّلَاةَ ، وَهُوَ فِي بَيْتِنَا ، فَيَأْمُرُ بِالْبِسَاطِ الَّذِي تَحْتَهُ فَيُكْنَسُ ، وَيُنْضَحُ ، ثُمَّ يَقُومُ ، وَنَقُومُ خَلْفَهُ ، فَيُصَلِّي بِنَا .
رواه البخاري
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : “Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng xulqi go‘zali edilar. Mening bir ukam bo‘lib, uni Abu Umayr deyilar edi. (roviylardan biri men uni sutdan chiqqan yoshdagi deb o‘ylayman) qachon Nabiy sollallohu alayhi vasallam kelsalar : “Ey Abu Umayr, nima bo‘ldi nug‘ayr” der edilar. Nug‘ayr bir qushcha bo‘lib, ukam uni o‘ynar edi. Goho u zot bizning uyimizdaliklarida namoz vaqti bo‘lar edi. Shunda o‘zlarining ostidagi bo‘yraga ishora qilardilar, uni supurilib ustiga suv sepilar edi. So‘ng namozga turar edilar, biz u zotning orqalarida turar edik va u zot biz bilan namoz o‘qir edilar”. (Buxoriy rivoyati).
Bu va bu kabi yuzlab hadislarda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam erni ustidagi bo‘yra, xumra(joynamoz), kiyim va choyshablar ustiga sajda qilganlari rivoyat qilingan. Shialarning tuproq va undan tayyorlangan narsalarga sajda qilishni shart qilishlari, dinga undan bo‘lmagan narsani to‘qib kiritishdan iborat. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:00 | Savol-javoblar | 125 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar