Oq qilish haqida

Assalomu alaykum! Hammamizga ma’lumki shariatda oq qilish bor narsa. Agar ota o‘z farzandini oq qilsa, qiyomatda oq qilgani uchun, aniqrog‘i shunday farzand tarbiya qilganligi bois, ikkalasi ham birdek gunohkor bo‘ladi deb eshitib qoldim. Shu gap rostmi? Oldindan rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hazrati Umar roziyallohu anhuning oldiga bir ota o‘g‘lini olib kelib: «Bu o‘g‘lim menga oq bo‘ldi», dedi. Hazrati Umar o‘g‘ilga: «Otangga oq bo‘lishda Allohdan qo‘rqmaysanmi?» deb gapirdi. Shunda o‘g‘li: «Ey hazrat! O‘g‘ilning otada xaqqi yo‘qmi?» dedi. Hazrati Umar: “Ha bor!” deb yuqoridagilarni sanadilar. Shunda o‘g‘il: «Allohga qasamki Otam menga Ju’al (ko‘rshapalak) deb ism qo‘ydi, bu sabab men do‘stlarim orasida doimo masxara bo‘lib keldim. Otam menga ilmdan biror narsa o‘rgatmadi. Do‘stlarim bir necha farzandli bo‘lishdi hamki, otam meni uylantirmadi, otam o‘zining burchlaridan birortasini bajarmadi», dedi. Hazrati Umar, Alloh undan rozi bo‘lsin, uning otasiga qarab: «O‘g‘limni oq qildim, deysan, u seni oq qilibdi, yo‘qolgin meni oldimdan!” dedi.
 Agar ota ham yuqoridagi hadisdagi kabi bo‘lsa, qiyomatda u ham javobgarlikka tortiladi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:10 | Savol-javoblar | 141 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar