Salama ibn al Akva roziyallohu anhu xaqida

Assalamu alaykum! Alloh sizlardan rozi bo‘lsin. Sahobalardan Salama ibn Akva’ roziyallohu anhu haqida bilganlaringizni baham ko‘rishingizni iltimos qilardim. Alloh sizlarga madadkor bo‘lsin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Salama ibn Amr ibn Sino al-Akva’ al-Aslamiy, kunyalari Abu Muslim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki marta bay’at qilgan sahobalardan.
U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ettita g‘azotda ishtirok etgan. «Zu qarad» g‘azotida u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlar zarbasidan saqlab qolgan.
Usmon ibn Affonning xalifalik davrlarida Afrika g‘azotlarida ishtirok etgan, shijoatli kamonchi hamda chiroyli xulqli, oliyjanob sahobalardan edi.
Hammasi bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 77ta hadis rivoyat qilgan.
Bu kishidan Madina ahlidan ko‘p jamoatlar, o‘g‘illari Iyos, qullari Yaziyd ibn Abi Ubayd va boshqalar rivoyat qilganlar.
Bu kishi rivoyat qilgan hadislarni uch «Sahih» sohiblari o‘z kitoblariga kiritganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kuchlilarimiz ichida eng yaxshisi Salama ibn Akva’dir», deb marhamat qilganlar.
O‘g‘illari Iyos «Otam hech yolg‘on gapirmas edilar», deb aytadi.
Bu zot Madinada istiqomat qildi. Keyin Madinadan uch mil uzoqlikda joylashgan Rabza nomli qishloqqa ko‘chib o‘tdi. Hijratning 74-sanasida 80 yoshida ana shu erda vafot etdi. (“Hadis va Hayot”) Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:41 | Savol-javoblar | 164 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar