G‘usl haqida ayrim savollar

Assalamu alaykum! Hurmatli zikr ahli. Sizlarning vaqtingizni ko‘p olmaslik uchun 3 ta savolni bir qilib yo‘llamoqdaman. Saytdan qidirdim, lekin to‘liq javob topmadim. Savol.
1.G‘usl qilayotganda tahorat qilib, so‘ng yuviniladimi yoki qo‘lni yuvib, og‘izni chayqab, burunni qoqib yuviniladimi?
2. G‘usl paytida biron bir kalima yoki zikr aytiladimi? Agar bo‘lsa qaysi zikrlar?
3. Tahorat kilganda va har bir a’zoni yuvganda “bismillah” aytiladimi yoki boshidan bir bor aytgan durustmi? Javob uchun rahmat! Alloh qilayotgan ishlaringizni ajr savobini oshirib bersin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1-g‘usl qilishdan avval namozga tahorat olgani kabi to‘liq tahorat qilish sunnatdir. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon junublikdan g‘usl qilsalar, avval ikki qo‘llarini yuvishdan boshlar edilar. So‘ngra o‘ng qo‘llari bilan chap qo‘llariga suv quyib, farjlarini yuvar edilar. Keyin esa namozga qiladigan tahoratlarini bajarar edilar. So‘ngra suvni olib, barmoqlarini sochlari ostiga kiritar edilar. Toki suv yaxshi etganiga ishonganlaridan keyin boshlari ustidan uch hovuch suv quyar edilar. Keyin qolgan badanlariga suv quyar, so‘ngra oyoqlarini yuvar edilar». “Kifoya” 2-kiyimsiz holatda zikr qilish, gapirish joiz emas. Termiziydan rivoyat qilingan hadisda: Farishtalar uch o‘rinda insondan ajrab turishlari zikr qilingan. Ular hojatxonaga kirganda, ayoliga yaqinlik qilayotganda va g‘usl qilayotganida. Biror bir gap gapiriladigan bo‘lsa, yozish uchun u erga kirishga majbur bo‘lib qoladilar. Shuning uchun hojatga kirishdan, yaqinlik va g‘usl uchun kyimni echishdan avval tasmiya aytiladi va zikr qilinadi. 3-boshida bir marta aytishi sunnatda kelgan. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:42 | Savol-javoblar | 161 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar