G‘ayridinlarga istig‘for

Assalamu alaykum! Musulmon bo‘lmagan insonlarga ular o‘lgandan keyin Allohdan istig‘for yoki rahmat so‘rab duo qilib bo‘lmaydi deyishdi. O‘sha odamga tirikligida rahmat yoki istig‘for so‘rab duo qilsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Tavba” surasi 113-oyat. Nabiyga va mo‘minlarga mushriklar uchun, agar yaqin qarindoshlari bo‘lsa ham, ular olov sohiblari ekani ayon bo‘lganidan keyin mag‘firat so‘rashlari durust emasdir. Oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad Ibn Musayyibdan, u esa otasidan quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Abu Tolibning vafoti yaqinlashganda, uning oldiga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirdilar. Uning huzurida Abu Jahl va Abdulloh ibn Abu Umayya ham bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – Ey amaki, «Laa ilaaha illallohu», desang, Allohning huzurida sen haqingda duo qilaman, – dedilar. Abu Jahl va Abdulloh ibn Abu Umayyalar esa: – Ey Abu Tolib, Abdulmuttolibning dinidan yuz o‘girasanmi? – dedilar. U bo‘lsa: – Men Abdulmuttolibning dinidaman, – dedi. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: – Agar man qilinmasam, sening uchun istig‘for aytaman, – dedilar. Shunda Alloh taolo «Nabiy va mo‘minlarga mushriklar uchun, agar yaqin qarindoshlari bo‘lsa ham, ular do‘zax sohiblari ekani ayon bo‘lganidan keyin mag‘firat so‘rashlari durust emasdir» oyatini nozil qildi». Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamgaki ruxsat yo‘q ekan, boshqalarga bo‘lmasligi aniq gap. Bu erda iymon va e’tiqod aloqasi hamma aloqalardan ustun turishi yaqqol ko‘rinib turibdi. Mo‘min kishi uchun iymoni hamma narsadan afzal, shuning uchun u avvalo, iymon, din qardoshlari ila aloqa va bog‘lanishlarni yo‘lga qo‘yadi. Qon-qardoshlik aloqasi esa bu joyda hech narsani hal qilmaydi. (Tafsiri Hilol)Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:51 | Savol-javoblar | 170 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar