Ilm olish (taklif)

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Men anchadan beri chet yurtlarda oila boqish maqsadida yuraman. Lekin ilm masalasida ortda qolib ketyapman, uyda kam muddat bo‘laman va buni ustiga keldi-kettilar bilan ovora bo‘lib vaqt o‘tib ketadi. Men va menga o‘xshaganlar judayam ko‘p, shu tufayli bir taklif bildirmoqchi edim, agar ma’qul kelsa albatta. hozirda internet orqali o‘qituvchi har xil onlayn kurslar ko‘p ochilgan. Lekin ularni aksariyat qismi ingliz yoki boshqa tillarda, shu bilan birga biz ularning qaysi yo‘nalishda yoki mazhabdaligidan bexabarmiz. Agar shunday onlayn kurslar siz ustoz rahbarligida tashkil etilsa biz kabilar uchun ayni qulaylik bo‘lar edi. Chunki sizdan ta’lim olishni istaganlar, sof hanafiy mazhabi ta’limotini o‘rganishni xoxlovchilar kam bo‘lmasa kerak inshaalloh. Shartlar va to‘lovlar bo‘lsa fiysabililloh roziman, noo‘rin taklif bildirgan bo‘lsam uzr.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Taklifingiz, juda ham o‘rinli. Biz ham bu borada o‘ylab yuribmiz. Qur’on.uz. nomli saytimizda shunga o‘xshash ish qilingan ham. Yana bir bor jiddiy o‘ylab ko‘ramiz. Hozir shu javob orqali sayt mudiri Abu Muslimdan bu haqda o‘ylab ko‘rishni va amaliy ishni boshlashni taklif qilamiz. Shu bilan birga sizdan boshqa azizlarimizning fikrlarini ham bilmoqchimiz. Mazkur darslar qanday bo‘lishini istashlarini bildirishsa, yana boshqa maslahatlarini aytishsa yaxshi bo‘lar edi.

26 May 2022, 18:54 | Savol-javoblar | 162 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar