Taassub va mutaassiblik haqida

Assalomu Alaykum, Hurmatli Shayx Hazratlari! Sizning Islom va musulmonlar yo‘lida qilayotgan savobli ishlaringiz g‘oyatda maqtovga sazovor. Ayniqsa nashrdan chiqayotgan kitoblarni bebaho, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Kitoblaringizning deyarli barchasining orqa muqovasidagi shior ham ko‘pchilikning e’tiborini tortishi tabiiy.Savol: "Taassub", "Mutaassiblik" kabi iboralarni ko‘p eshitamiz va o‘qiymiz. Bu iboraning istilohdagi ma’nolarini ham oz-moz tushunamiz. Sizdan iltimos mana shu illatning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari va hukmi haqida batafsil to‘xtalib o‘tsangiz. Buni so‘rayotganimning sababi, hozirda ko‘pchilik o‘zini "mutaassib emasman" deb o‘ylasada, qaysidir ma’noda biror mazhabga, olimga, guruhga o‘zi bilib yoki bilmay taassub qiladi. Ba’zi hollarda bir olimga ergashgan talaba va oddiy musulmonlarning boshqa olimning talaba va ergashuvchilariga nisbatan noo‘rin va johilona munosabatda bo‘lishganining guvohi bo‘lamiz. Ayrim hollarda bu kabi tortishuv va bahslar janjallarga ham aylanib ketadi. Natijada oddiy musulmonlar, qolaversa tolibi ilmlarda qarshi tomondagi musulmonlarning ustoziga, ulamolarga nisbatan qalblarida gina va nafrat tuyg‘ulari paydo bo‘la boshlaydi. Ikkita olim yoki muftiy o‘zidagi bor ilm va ijtihod samarasi o‘laroq bir biriga zid bo‘lgan, lekin Qur’on va Sunnatdan chetlanmagan holda bir masalaning hukmini bayon qiladi. Lekin o‘sha olimlarning talabalari, ergashuvchilari o‘rtasida o‘zaro tortishuv, mutaassiblik paydo bo‘la boshlaydi. Har kim o‘zining ustozini, ergashuvchi ulamosining qavlini mahkam ushlab oladida, o‘rtada ixtilof va nizo chiqadi.Ustoz, sizdan iltimosimiz aynan "taassub", "mutaassiblik" illati haqida imkon qadar kengroq ma’lumot bersangiz. Shoyadki musulmonlarning birligi, mehr-muhabbatlari oldingiga nisbatan kuchliroq bo‘lsa. Alloh sizni salomat qilsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ixtilof odobiga rioya qilish yuksak odoblardan bo‘lib uning qadrini qadri yuksak kishilargina tushunib etadilar. Shu bois qadimgi ulamolarimiz bu masalada ham ilmiy izlanish olib borganlar va kerakli kitoblarini yozganlar. Ularda asosan ixtilof odobi qoidalarini bayon qilganlar. Misol uchun quyidagi qoidalarni zikr va sharh qilganlar; - Taqvo, Alloh taolodan qo‘rqish va havoyi nafsga erk bermaslik. - Boshqalar haqida yaxshi gumonda bo‘lish. - Masalada lutfli bo‘lish va xilofda yumshoq bo‘lish. - Qarshi taraf haqida hukm chiqarishdan oldin uning dalillarini o‘rganish. - Bilmayman deyish ilmning yarmi. - Mo‘’tadil bo‘lish va mutaassilikni tark qilish. - O‘zining kamchiligini tan olish. - Haq zohir bo‘lganda unga qaytish va bo‘ysunish. - Qarshi taraf aytmagan gapni aytdi deya to‘hmat qilish. - Qarshi taraf aytgan gapning o‘zini naql qilish va vositachilardan chetlanish. - Ulamolarning qoqilishi payidan bo‘lish esipastlarning ishidir. - Ta’viylning ehtimoli bor gaplarda muxolifni fosiqqa yoki bid’atchiga chiqarish johillikdir va hokazo... Ushbu qoidalarga amal qilib faqihlar bir-birlarining hurmatlarini joyiga qo‘yib ilmning rivojiga katta hissa qo‘shganlar. Ushbu odoblardan doirasidan chiqqanlarni qattiq qoralaganlar. Bugungi kunda ham mazkur xilof odobi qoidalariga ehtiyojimiz juda ham kuchli.

26 May 2022, 20:32 | Savol-javoblar | 143 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar