Vasvasaga qarshi kurashish

Assalamu a’laykum va rohmatullohi va barokatuh hurmatli shayx hazratlari! Alloh ishingizga, qalamingizga, umringizga baraka ato etsin. Sizdan bir iltimosim bor, shayx hazratlari ma’lumki ko‘pchilik odamlar vasvasaga tez-tez tushib turadi, ayniqsa musulmonlar. Ularning ichida men ham borman. Ko‘pchilik paytlarda masalan, tahorat, namoz vaqtlarida har xil hayollarga: nechchi rak’at o‘qidim, salom berdimmi-bermadimmi, takbir aytdimmikan, boshimga mash tortdimmikan va shu kabi birnecha hayollarga, vasvasaga tushib qolaman. Ba’zida bu o‘zi vasvasami yo vasvasa emasmi, boshim qotib qoladi. Sizning internernetdagi savol-javoblaringzni, "Ruhiy tarbiya" kabi kitoblaringizni uqib biroz bo‘lsa ham o‘zimni tinchlantirishga harakat qilaman. Lekin u haqida to‘liq ilmga ega bo‘la olmayapman. Ba’zida qanday vasvasaga tushib qolganimni ham bilmay qolaman.Iltimosim shu, o‘sha vasvasadan qutilishning yo‘li haqida alohida kitob yozishning iloji bormi? Bezovta qilsam oldindan uzr!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bismillahir rohmanir rohiym. 
- Vasvasaga qarshi kurashish uchun avvalo Alloh taolodan ko‘mak so‘rash kerak. Keyin U Zotning zikrini ko‘p qilish, U  Zotga solih amallar bilan qurbat hosil qilish, U Zotdan domio shaytonning vasvasasidan panoh so‘rab yurish zarur. 
- Keyin vasvasaga e’tibor bermaslik, unga berilmaslik, undan davom etmaslik va vasvasa paytidan paydo bo‘lgan xayolga teskari ish qilish kerak. Misol uchun vasvasa tahoratda falon a’zoni qayta yuvishni taqozo qilsa, o‘shani qayta yuvmaslik kerak va tahorat qilishni davom ettiraverish zarur. Agar vasvasa bo‘lib, tahoratni qayta qil, namozni qayta o‘qi desa, buni qilmaslik kerak. Tahorat ham, namoz ham sahih bo‘ladi. 
- Vasvosning eng yaxshi amaliy davosi uning yo‘lini to‘sishdir. Undan butunlay uzoqlashishdir. Va shu shar’iy hukm ekanini to‘liq tushunib etishdir. Shu bilan Alloh taoloning roziligiga erishilishiga to‘liq ishonishdir. Aksincha, vasvasada davom etish shaytonning amirga yurish bo‘lib, Alloh taoloning qahriga olib borishini anglab etishdir. 
- Musulmon odam vasvasa va unga o‘xshash noxush holatlarga duchor bo‘lmaslik uchun doimo tahorat bilan yurishi va doimo tili va dili Alloh taoloning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. 

26 May 2022, 21:03 | Savol-javoblar | 187 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar