Soxibi uzr kishi kachon taxoratini yangilaydi?

Assalomu alaykum muxtaram Ustoz!ALLOX(j/j) ikki dunyoda sizdan rozi bulib, oliy mukofot bulgan uzining jamoliga etishingizni nasib etsin!Ustoz "soxibi uzr" bulgan kishi xar namozga taxoratini yangilaydi, tugrimi? Ustoz "soxibi uzr" kishi taxoratini kachon oladi, ya’ni namoz vakti kirgandan keyinmi yoki namoz vaktidan oldin kilsa xam buladimi?. Masalan: soxibi uzr kishi "Asr" namozini ukigan bulsayu, "Shom" namozining kirishiga 10 dakika kolganda taxoratini yangilab olib, "Shom" namozini jamoat bilan ukisa buladimi? Yoki "Shom" namozi vakti kirgandan keyin taxorat olib, uzi ukiydimi? Savoldagi xatolarim uchun uzr surayman. Javobingiz uchun oldindan raxmat. ALLOX(j/j) sizdan va jumlamizdan rozi bulsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
UZRLILAR HUKMLARI Kimga farzning vaqti o‘tmasdan istehoza, burun qonash yoki shularga o‘xshash betoharatlik etib turish odat bo‘lib qolgan bo‘lsa, o‘shaning sababidan har farzning vaqtiga toharat qiladi va u bilan o‘sha vaqtda xohlaganicha farz yoki naflni o‘qiyveradi. O‘shandoq toharatni quyosh chiqishiga o‘xshash vaqt-ning chiqishi sindiradi. Zavolga o‘xshash vaqtning kirishi emas. Endi ushbu matnlarni sharh qilishga o‘taylik.Hayzning ozidan kam bo‘lgan, dastlab hayz ko‘ruvchining hayzidan ziyoda bo‘lgan, u o‘n kundir yoki dastlab nifos ko‘ruvchining nifosidan ziyoda bo‘lgan, u qirq kundir yo ikkisida ham odatga binoandir, shuningdek, ikkisining ko‘pidan ortib ketgan hamda homilador ko‘rgan narsa istehozadir. Fiqhiy ta’rif bo‘yicha «Istehoza» ayol kishining rahmidan odat(hayz va nifos)dan tashqari qon oqishidir. Matnning yuqoridagi jumlalarida ayol kishi ko‘radigan qonlarning qaysilari istehoza bo‘lishi tushuntirilmoqda. 1. Hayzning ozidan kam bo‘lgan.Hayzning ozi uch kundir. Demak, ayol kishidan uch kundan oz muddat qon kelsa, istehozadir. 2. Dastlab hayz ko‘ruvchining hayzidan ziyoda bo‘lgan, u o‘n kundir.Hayzning ko‘pi o‘n kun. O‘n kundan ortiq hayz bo‘lishi mumkin emas. Birinchi bor hayz ko‘ruvchining qoni davomli kelib tursa, o‘n kungachasi hayz hisoblanadi. Undan ziyoda kelgan qon istehozadir. 3. Dastlab nifos ko‘ruvchining nifosidan ziyoda bo‘lgan, u qirq kundir.Nifosning ko‘pi qirq kundir. Qirq kundan ortiq nifos bo‘lishi mumkin emas. Birinchi bor nifos ko‘ruvchining qoni davomli kelib tursa, qirq kungachasi nifos hisoblanadi. Undan ziyoda kelgan qon istehozadir.4. Ikkisida ham odatga binoandir.Ya’ni, dastlab hayz yoki nifos ko‘rgandagi odatiga binoan bo‘ladi. Hayz ko‘ruvchining odati uch kun bilan o‘n kunning orasida bo‘ladi. Nifos ko‘ruvchining odati qirq kungacha bo‘ladi. Misol uchun, dastlab besh kun hayz ko‘rgan ayolga har safar besh kun hayz ko‘rish odat bo‘lib qoladi. Dastlab o‘ttiz kun nifos ko‘rgan ayolga har safar o‘ttiz kun nifos ko‘rish odat bo‘lib qoladi. 5. Shuningdek, ikkisining ko‘pidan ortib ketgan. Hayz o‘n kundan, nifos qirq kundan ortib ketsa, ortig‘i istehoza bo‘ladi. Odatdan ortib ko‘piga etmasa, hayz yoki nifosga qo‘shiladi. Bir ayolning odati besh kun hayz ko‘rish edi. Ammo bu safar besh kundan o‘tib ketdi. O‘n kungacha hayz hisoblanaveradi. O‘n kundan oshgani istehoza bo‘ladi. Bir ayolning odati o‘ttiz kun nifos ko‘rish edi. Ammo bu safar o‘ttiz kundan o‘tib ketdi. Qirq kungacha nifos hisoblanaveradi. Qirq kundan oshgani istehoza bo‘ladi.6. Hamda homilador ko‘rgan narsa istehozadir.Har bir homilador ayol ko‘rgan qon istehozadir. Chunki, homiladorlik vaqtida hayz ko‘rish yo‘q. Tug‘magunicha nifos ko‘rish ham yo‘q. Istehoza namozni ham, ro‘zani ham, jinsiy yaqinlikni ham man’ qilmaydi. Bu hukmlarni faqihlarimiz quyidagi dalillardan olganlar: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «U kishi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan u zotning zavjalaridan bir ayol e’tikof o‘tirdi. U (ayol) sarg‘ish va qizg‘ish (qon) ko‘rar edi. Gohida, u namoz o‘qiyotganda, ostiga tog‘ora qo‘yib qo‘yar edik», – dedilar». Abu Dovud, Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilishgan. Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ummu Habiba istehozali bo‘lar, eri esa unga yaqinlik qilar edi». Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Hamna binti Jahsh mustahoza edi. Uning eri unga yaqinlik qilar edi». Ikkala rivoyatni Abu Dovud keltirgan. Kimga farzning vaqti o‘tmasdan istehoza, burun qonash yoki shularga o‘xshash betoharatlik etib turish odat bo‘lib qolgan bo‘lsa, o‘shaning sababidan har farzning vaqtiga toharat qiladi va u bilan o‘sha vaqtda xohlaganicha farz yoki naflni o‘qiyveradi. Mazkur holatlarga doimiy ravishda el chiqib turishi, siydik oqib turishi, yarasi qonab turishi kabi holatlar ham qiyos qilinadi. Mazkur holatga mubtalo bo‘lgan kishilar har namozning vaqtiga bir toharat qilib olib, o‘sha namozning vaqti chiqquncha toharatli odamga joiz bo‘lgan ishlarni qilaveradi. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Fotima binti Abu Hubaysh Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey, Allohning Rasuli. Men istehoza bo‘laman, pok bo‘lmayman. Namozni qo‘yamanmi?» – deb so‘radi. Ul zot: «Yo‘q! Albatta, u tomir uzilganidandir. Hayz emas. Qachon hayz kelsa, namozni qo‘y. Qachon u ketsa, o‘zingdagi qonni yuvib tashlab, namozni o‘qiyver», – dedilar». Boshqa bir rivoyatda: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Qachonki, hayz kelsa, namozni qo‘y. Qachonki, u (kunlar) o‘tib ketsa, o‘zingdan qonni yuvib, namozni o‘qiyver», – dedilar». Beshovlari rivoyat qilishgan. O‘shandoq toharatni quyosh chiqishiga o‘xshash vaqt-ning chiqishi sindiradi. Misol uchun, uzrli shaxs Bomdod uchun toharat qildi. Uning toharati quyosh chiqishi bilan sinadi. Quyosh chiqqandan keyin qilgan toharati bilan Peshinni o‘qisa bo‘ladi. Zavolga o‘xshash vaqtning kirishi emas. Zavoldan oldin toharat qilgan uzrli shaxsning toharati zavol bo‘lib Peshinning vaqti kirishi bilan sinmaydi. Balki o‘sha toharat Peshinning vaqti chiqishi bilan sinadi.

27 May 2022, 02:21 | Savol-javoblar | 172 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar