Duo ijobat bo‘lmayapti

Assalomu alaykum! Bir savolga javob topa olmayapmiz. Odam duolar ijobat buladigon xamma vaziatda duolar kilsa (ya’ni dudolar ijobat vada kilingan vaziyatlar va joylar, masalan: kabaa yonida, musofirda, ota ona duosi, va yana bir kancha, ibodatta yursa, shu joydarda, shu vaziyatlardi xammasida yaxshi niyat ila duolar kilgan bulsayu ijobat bulmashi nimadan? Nima uchun? Axir xadis va Kur’oni karimda yozilganku?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Duolar ijobat bo‘lmayapti deb Allohga shakkoklik qilish to‘g‘ri emas. So‘ragan narsangizni bermasligi bu ijobat qilmagani emas. Alloh buni hikmatini O‘zi biladi. Ehtimol so‘ragan narsangiz sizga Allohning nazdida foydali emasdir. Bir kishi bir olimning oldiga kelib “Menga bir vazifa bersangiz, toki yaxshiliklarga erishsam” degan ekan. Olim odam “Har kuni ming marotaba Alloh taoloning “Alloh” degan ismini zikr qil” deb javob beribdi. U kishi oradan 5-6 oy o‘tib kelibdida “Aytganingizni har kuni qoldirmasdan qilaman, lekin hech qanday o‘zgarish yo‘q” deb aytibdi. Shunda olim kishi “Ey noshukur banda, senga Alloh taolo O‘z ismini bir kunda ming marotaba zikr qilish tavfiqini beribdiku yana senda nima o‘zgarishi kerak” deb tanbeh bergan ekan. Siz ham shunga o‘xshar ekansiz. O‘zingiz aytganingizdek Allohning go‘zal ismlari va oyat-sunnatda kelgan duolarni o‘qir va ibodatda ekansiz. Shularning o‘zi siz uchun eng katta lutf emasmi?! Qancha-qancha odamlar haromni halol deb qilib oxiratlarini kuydirib yurishibdi. Siz ham o‘shalar qatorida emasligingizni o‘zi katta lutf emasmi?! Duolaringizga kelsak, Alloh taolo har bir duo qiluvchining duosini ijobat qilishni va’dasini bergan, ijobatida esa hikmatini O‘zi biladi. Ba’zan duo qiluvchining so‘raganini o‘sha zahoti beradi, chunki unga so‘ragan narsasini o‘sha paytda bersa foydasini Alloh biladi. Ba’zan so‘ragan narsasini keyinroq beradi, chunki u odamning so‘ragan narsasi u uchun o‘sha paytda emas, balki Alloh taolo bergan vaqtda u uchun foydaliroq bo‘ladi. Ba’zan esa so‘ragan narsasini oxiratga olib qo‘yadi, chunki uni so‘ragan narsasi u uchun bu dunyoda emas, balki oxiratda foydaliroq bo‘ladi. Ehtimol duolaringizni shak bilan qilayotganingiz uchun qabul bo‘lmayotgandir. Alloh biluvchiroqdir. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:   وَعَسَى أَن تَكْرَهُواْ شَيْئًا وَهُوَ خَيْرٌ لَّكُمْ وَعَسَى أَن تُحِبُّواْ شَيْئًا وَهُوَ شَرٌّ لَّكُمْ وَاللّهُ يَعْلَمُ وَأَنتُمْ لاَ تَعْلَمُونَ۝  216... Ajab emaski, yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi bo‘lsa. Va ajab emaski, yoqtirgan narsangiz siz uchun yomon bo‘lsa. Alloh biladir, siz esa bilmassiz. Vallohu a’lam!

22 Iyun 2022, 04:22 | Savol-javoblar | 188 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar