Harom bo‘lgan buyumni qanday halollash mumkin?

Assalomu alaykum! Harom bo‘lgan buyumdan topilgan pul ham harom ekan, harom bo‘lgan buyumni va undan topiladigan foydani halol qilish mumkinmi? Misol uchun: men kreditga kompyuter oldim va o‘sha kompyuterdan foydalanib iT sohasida pul ishlayman. Demak, topgan pulim ham harommi? Kompyuterimni va undan keladigan foydani qanday qilib halollashim mumkin?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Kredit bu ziyoda qilib qaytarish sharti bilan olingan qarzdir. Bu ishga qo‘l urgan inson ribo ediruvchining gunohini oladi. Ammo qo‘lidagi pul ham, uni sarflab olgan buyumi ham harom emas.عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَعَنَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ آكِلَ الرِّبَا وَمُؤْكِلَهُ وَكَاتِبَهُ وَشَاهِدَيْهِ وَقَالَ: هُمْ سَوَاءٌ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّJobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
 «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam riboxo‘rni, uning ediruvchisini, kotibini hamda ikki shohidini la’natladilar va «Ular barobardirlar», dedilar».
Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
Sharh: Ushbu hadisdan riboning qanchalar yomon narsa ekanini yana ham aniqroq tushunib olamiz. Unga aralashgan har bir kishi Allohning la’natiga qolishi turgan gap. Ular:
1. «Riboxo‘r»;
Alloh taolo harom qilgan narsani egan odam albatta, U Zotning la’natiga qolishi tabiiy bir hol.
2. «Uning ediruvchisi»;
Ribo beruvchi ham Allohning la’natiga qoladi. Chunki u moliyaviy muomalani harom qilingan yo‘l bilan amalga oshirdi. Holbuki, halol yo‘l bilan tasarruf qilishi kerak edi.
3. «Kotibi»;
Ya’ni ribo muomalasini yozib, hujjatlashtirgan kishi. Chunki u Alloh harom qilgan ishga xizmat qildi va harom ishning yurishiga hissa qo‘shdi.
4. «Ikki shohidni». 
Ribo muomalasiga shohid bo‘lib turgan odam ham gunohkordir. Chunki u ham harom ish uchun xizmat qildi, uning rivojiga hissa qo‘shdi. Bu ishga guvoh bo‘lishga rozi bo‘lgani ana shu harom ishni tan olganining alomatidir. Vallohu a’lam!

18 Iyul 2022, 20:45 | Savol-javoblar | 145 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar