Folbinga exson

Assalomu alaykum! Meni bir qo‘shnim bor fol ochib isitma sovutma qilib turadi. O‘g‘li ruxiy nosog‘lom maktabda qorovul bo‘lib ishledi. Faqir hayot kechiradi. Maktab bog‘chaga boradigan  Yosh yosh nabiralari bor. O‘zlari yaxshi oila qo‘shnilari bilan yaxshi muomilada bo‘ladi. Shu oilaga exson qilsa bo‘ladimi. Folbinga yordam bo‘lib qolmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Xayr-ehson qilishda e’tiborni faqir holdagi taqvodor, solih va yordamga muhtoj insonlarga qaratish kerak. Ehsonga ana o‘shalar ko‘proq loyiqroq. Ammo fosiq va osiylarga sadaqa qilinsa ham ajr hosil bo‘laveradi. Shoyad shu tufayli ular gunohdan tiyilsalar. Hadisi sharifda bunday deyilgan:Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Bir kishi «Men albatta, biror narsa sadaqa qilaman», dedi-da, sadaqasini olib chiqib, (bilmay) uni bir o‘g‘rining qo‘liga berib qo‘ydi. Tong otganda: «O‘g‘riga sadaqa berilibdi», deb gapirishdi. U esa: «Allohim, O‘zingga hamd bo‘lsin! Men, albatta, yana biror sadaqa qilaman», dedi. Sadaqasini olib chiqib, (bilmay) uni bir zinokor ayolning qo‘liga berib qo‘ydi. Tong otganda: «Bu kecha zinokor ayolga sadaqa berilibdi», deb gapirishdi. U esa: «Allohim, zinokor ayolga bo‘lsa-da (sadaqa qilganim uchun) O‘zingga hamd bo‘lsin! Men, albatta, yana biror narsa sadaqa qilaman», dedi. Sadaqasini olib chiqib, (bilmay) uni boyning qo‘liga berib qo‘ydi. Tong otganda: «Boyga sadaqa berilibdi», deb gapirishdi. U esa: «Allohim! O‘g‘ri uchun ham, zinokor ayol uchun ham, boy uchun ham O‘zingga hamd bo‘lsin!» dedi. Keyin uni olib kelib, unga: «O‘g‘riga qilgan sadaqangga kelsak, shoyad u (bu bilan) o‘g‘rilikdan tiyilsa. Zinokor ayolga kelsak, shoyad u zinosidan tiyilsa. Boyga kelsak, shoyad u ibrat olib, Alloh unga bergan narsadan infoq qilsa», deyildi».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Vallohu a’lam!

4 Oktabr 2023, 12:42 | Savol-javoblar | 0 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar