Boylikka intilishning oqibati

Assalomu alaykum! Turmush o‘rtog‘im yaxshi insonlar, qo‘ldan kelgancha yaxshi amallarni qilishga harakat qilar edilar. Toki mol-dunyo yig‘ish xastaligiga yo‘liqmaguncha. Mana 2 yildirki shu dardni ta’siri iymonga bermoqda. Kechalari  ishlab, xufton namozini turib o‘qirman deb xuftonni ham bomdodni  ham ko‘pincha qazo qilib qo‘yadilar. Xozir shu odatlari surunkaliga aylangan. 1 yil oldin namozlarga qattiq turaylik, munofiqlik alomati kuzatilyapti deb aytganimda “O‘zingni bil, o‘zing oldin qoyillatgindek keyin talab qil” derdilar. Keyin Alloh mexribonligi bilan menga bir sinov berdi va bu sinov iymonimni mustahkamlab, meni Allohga yana xam kuchli bog‘ladi.  Ana endi turmush o‘rtog‘imga “bunaqa namoz o‘qish yaramaydi, keling jannatga etaklovchi xayru-sadaqani ziyoda qilaylik. Men jannatda siz bilan birga bo‘lgim keladi, Jannatlarda birga bo‘lib, Allohni visoliga etishish qanchalar yaxshi” deb tushuntirsam, «Sen oshirib yuboryapsan, namozni o‘qisam, nuqson bilan bo‘lsa-da ro‘zani tutsam, zakotni bersam! Ko‘p nasixat qilurib bezdirib qo‘yvossan, bu gaplaring bilan o‘zingni mendan ustun qo‘yib kibrga ketmayapsanmi, noshukursana, shularni qilsam sizlar uchun qilyapman-ku!” deb  g‘azablanadilar. Qaysidir so‘zlarim shunaqa tuyulgandir, lekin men faqatgina bu dunyo mexri, oxirat nematidan ayrib qo‘yishidan va shuncha mol dunyoga qanday javob beramiza deb qo‘rqib aytganman. Chunki ko‘rib turibman-ki fikru-xayollari qanday qilib yanada ko‘p pul topish. Bu dard jarlik sari etaklayabti. Iltimos menga maslaxat beringlar qanday yo‘l tutay? Yozganlaringizni turmush o‘rtog‘imga ko‘rsataman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Boylik to‘plash, bo‘sh vaqt, salomatlik barchasi Alloh taolo tarafidan insonlar Allohni O‘z roziligini topish uchun berilgan. Boylik to‘plamoqchi bo‘lgan inson ko‘proq boylik topsayu, Allohni rozi qiladigan joylarga sarflasa bu mol qanday ham yaxshi mol. Unday kishi qanday ham yaxshi kishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Solih insonga pokiza mol qanday ham yaxshi” deganlar. Butun dunyoni boyligini sadaqot qilib o‘z o‘rniga etkazish, bir namozni o‘z vaqtida o‘qishning savobiga etmaydi. O‘shancha molni sadaqot qilish qoldirilgan namozni fidyasi o‘rniga o‘tolmaydi. Alloh taolo “Maa’uun” surasida: فَوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ۝الَّذِينَ هُمْ عَن صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ۝ 4. Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki… 5. Ular namozlarini unutuvchilardir. deb marhamat qilgan. Hech qanday boylik u vayldan qutqara olmaydi. Boylikning o‘zi yaxshi narsa emas. U zaharli ilonga o‘xshaydi. Uni ilon ushlashga mutaxassis ushlab, zaharini olib, zaharidan qimmatbaho dori tayyorlashi mumkin. Aks holda ilon halok qiladi. Mol-dunyo aslida farxrlanadigan narsa ham emas. Boyni boyligi uchun hurmat qilish dinni uchdan birini ketkazish hisoblanadi. Boyni mataladigan joyi topganini yaxshi yo‘lga sarflab, o‘z egalariga etkazishligida. Alloh taoloni Kariym sifati bilan sifatlanib fazilatga erishishidadir. Shunda boyni hurmat qilgan inson Alloh taoloning boyga bergan Kariym sifatini hurmat qilgan bo‘ladi. Xuddi olimdagi ilm sifatini hurmat qilganidek. Namozlarni qoldirish bilan erishilgan boylikda xayriyat ham bo‘lmaydi. Bu Alloh Qur’on zikr qilgan istidrojga ham kirib qoladi. Alloh taolo “Qalam” surasida marhamat qiladi: فَذَرْنِي وَمَن يُكَذِّبُ بِهَذَا الْحَدِيثِ سَنَسْتَدْرِجُهُم مِّنْ حَيْثُ لَا يَعْلَمُونَ۝ 44. Bu gapni yolg‘onga chiqaruvchilarni O‘zim bilan qo‘yib qo‘y. Biz ularni o‘zlari bilmagan tarafdan asta-sekin olamiz. Ya’ni Alloh taoloning dargohi keng, O‘ziga kufr keltirganlarni ham, gunohkorlarni ham tek qo‘yib qo‘yadi. Darhol azoblashga o‘tmaydi, balki asta-sekin azoblaydi. Kishilar esa o‘z qadrini mol-dunyo, mansab bilan o‘lchaydilar. Mening fazlim bo‘lmasa, shuncha boyligim bo‘larmidi, shunchalik mansabga ko‘tarilarmidim, deb o‘ylaydilar. Oxiratni unutadilar. Alloh taolo esa shoshilmaydi, mag‘rur banda har gal gunoh qilganda, uning boyligini yoki mansabini oshirib qo‘yadi. Natijada bandaning aybi ko‘payib borishiga qaramasdan, o‘zining qayoqqa ketayotganini sezmaydigan bo‘lib qoladi va oqibatda oyatda zikr qilingan holatga tushib qoladi. Ulamolarimiz: «Asta-sekin olishning bir turi shulki, gunohkor bir gunoh qilganda Alloh taolo uning martabasini bir pog‘ona oshirib qo‘yadi va shunday qilib, u o‘zining halokatli holatga duchor bo‘lganini sezmay qoladi», – deydilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Sufyoni Savriy istidroj ma’nosini tafsir qilib, “Biz ularga ne’matni yog‘dirib, ibodatni unuttirib qo‘yamiz” degan ma’nodadir – deganlar. Hadisda Banu Isroildan bir kishi “Ey robbim men senga qanchalar gunohkor bo‘lsam ham Sen meni jazolamayapsan” dedi. Alloh taolo o‘sha zamonning payg‘ambariga vahiy qilib: “O‘sha kishiga aytgin Men senga qanchalar uqubatni berib qo‘ydim, sen sezmayapsan. Sening ko‘z yoshingni to‘kilmay qo‘ygani, qalbingni qattiqlashgani Mening senga bo‘lgan istidrojim va iqobimdir. Agar aqling etganida edi” dedi. عَنْ عُقْبَةَ بْنِ عَامِرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِذَا رَأَيْتَ اللَّهَ تَعَالى يُعْطِي الْعَبْدَ مِنَ الدُّنْيَا مَا يُحِبُّ وَهُوَ مُقِيمٌ عَلَى مَعَاصِيهِ فَإِنَّمَا ذَلِكَ مِنْهُ اسْتِدْرَاجٌ"، ثُمَّ تَلَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَلَمَّا نَسُوا مَا ذُكِّرُوا بِهِ فَتَحْنَا عَلَيْهِمْ أَبْوَابَ كُلِّ شَيْءٍ حَتَّى إِذَا فَرِحُوا بِمَا أُوتُوا أَخَذْنَاهُمْ بَغْتَةً فَإِذَا هُمْ مُبْلِسُونَ. أخرجه أحمد Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi :   Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Alloh taolo bir bandasiga bandasi yaxshi ko‘rgan narsasini to‘xtamay berib turganini, banda esa gunohda davom etayotganini ko‘rsang(bilginki), bu Allohning istidrojidir” dedilar. So‘ng ushbu oyatni tilovat qildilar.  فَلَمَّا نَسُواْ مَا ذُكِّرُواْ بِهِ فَتَحْنَا عَلَيْهِمْ أَبْوَابَ كُلِّ شَيْءٍ حَتَّى إِذَا فَرِحُواْ بِمَا أُوتُواْ أَخَذْنَاهُم بَغْتَةً فَإِذَا هُم مُّبْلِسُونَ۝ 44. Eslatilgan narsalarni unutgan chog‘larida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. O‘zlariga berilgan narsalardan xursand bo‘lib turganlarida, ularni birdaniga tutdik. Bas, qarabsizki, butunlay noumid bo‘ldilar. (An’om surasi). Ahmad rivoyati. Bunday muomalaga «istidroj» ya’ni bildirmasdan, darajama-daraja olish deyiladi. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 08:41 | Savol-javoblar | 153 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar