Xaridor puli

Assalomu alaykum! Ustozlar, man o‘qishdan keyin savdo bilan shug‘ullanaman, xaridorlar pulini berib mahsulot buyurtma qilib ketishadi va bir qancha vaqtdan keyin olib ketgani kelishadi. Ba’zida xaridorlar 1-2 kundan keyin kelishadi ba’zida esa umuman kelishmaydi. Shunday vaziyatda buyurtma berilgan mahsulotni nima qilish kerak? To‘langan pulnichi? Agar olib ketilmagan mahsulot puliga ilm o‘rgangan bo‘lsam bilimlarimga hech qanday ta’siri yo‘qmi?
2) Ba’zida jamoat namozlarida namozxonlar qa’dada o‘tirishgan vaqtda ko‘rsatgich barmoqlarini qibla tarafga qaratishganiga guvoh bo‘laman. Buni so‘raganimda «Tashahhudda Attaxiyatdan so‘ng qibla tarafga ko‘rsatkich barmoq  bilan qaratiladi» deyishdi. O‘zim kitoblarda bunday deb yozilganini ko‘rmaganim uchun bajarmayman. Bu amal farzmi sunnatmi? Nega bu haqida namoz o‘qishni o‘rgatuvchi kitoblarda yozilmagan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). To‘langan pul xaridorning haqqi bo‘ladi. O‘zingiz uchun ishlatishingiz halol bo‘lmaydi. Olib ketmagunicha ishlata olmaysiz. 2). "Izlash xizmati"dan sabboba deb yozib qidirsangiz maqsadga muvofiq bo‘lar edi. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا جَلَسَ فِي الصَّلَاةِ وَضَعَ كَفَّهُ الْيُمْنَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُمْنَى، وَقَبَضَ أَصَابِعَهُ كُلَّهَا وَأَشَارَ بِإِصْبَعِهِ الَّتِي تَلِي الْإِبْهَامَ، وَوَضَعَ كَفَّهُ الْيُسْرَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُسْرَى. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ. وَلِأَصْحَابِ السُّنَنِ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا جَلَسَ فِي الرَّكْعَتَيْنِ الْأُولَيَيْنِ كَأَنَّهُ عَلَى الرَّضْفِ حَتَّى يَقُومَ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozda o‘tirsalar, o‘ng kaftlarini o‘ng sonlariga qo‘yar, panjalarini tugib, bosh barmoq yonidagi barmoqlari bilan ishora qilar edilar. Chap kaftlarini chap sonlariga qo‘yar edilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. «Sunan» egalari rivoyatida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam avvalgi ikki rak’atda o‘tirsalar, to turgunlaricha xuddi qizigan toshlarning ustida o‘tirgandek o‘tirar edilar», deyilgan. Sharh: Ushbu hadisi sharifda tashahhudda qanday o‘tirish haqida so‘z bormoqda. 1. Tashahhudda o‘tirganda o‘ng kaftni o‘ng songa, chap kaftni chap songa qo‘yib, panjalarni qiblaga qaratib o‘tiriladi. 2. Panjalarni tugib, ko‘rsatkich barmoq bilan ishora qilinadi. Bu barmoq arabchada «sabboba» deb ataladi. Shuning uchun tashahhudda qilinadigan ishora ham «ishorai sabboba» deyiladi. «Ishorai sabboba» tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha» deganda «laa»ni aytayotganda ko‘rsatkich barmoqni yuqoriga ko‘tarish bilan bo‘ladi. O‘sha barmoqni ko‘tarishda boshqa barmoqlar yig‘ib olinadi. Ba’zilar ushbu rivoyatdagi «panjalarini tugib» degan jumlani tashahhudga o‘tirishda tugib o‘tiradi, deb tushunganlar. Shuning uchun avvaldan qo‘llarini musht qilib o‘tirib, «laa» kalimasiga kelganda ko‘rsatkich barmoqlarini yuqoriga ko‘tarishadi. «Sabboba» so‘kish deganidir. Binobarin, «ishorai sabboba» – so‘kish ishorasi bo‘ladi. Tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha illallohu»ning «laa»sida ko‘rsatkich barmoqni ko‘tarish «shaytonni so‘kish, uni temir qamchi bilan urish» degani bo‘ladi. Ishorani qilgandan so‘ng namoz tamom bo‘lgunicha o‘sha barmoqqa qarab turiladi. 3. Birinchi tashahhudda o‘tirganda xuddi qizigan toshda o‘tirgandek o‘tiriladi. Bundan tashahhudni o‘qish bilan darhol turish tushuniladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 09:24 | Savol-javoblar | 148 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar