Yaxudiylar haqida

Assalomu alaykum! Biz musulmonlar yaxudiylarning xam, nasroniylarning xam muqaddas kitoblariga va Payg‘ambarlariga iymon keltiramiz, lekin ular Payg‘ambarimizni xam, Qur’oni karimni xam tan olmay yolg‘onga chiqaradilar. Masixiylarning aqiydasicha Iso alayhissalom Xudo yoki Xudoning o‘g‘li deyishadi va bandalarining gunoxlarini kechirish uchun yolg‘iz o‘g‘lini qonini to‘kdi va qurbon qildi, 3 kundan so‘ng qayta tirildi va yana qiyomatda qaytib keladi deb ishonishadi(nauzubillax). Yaxudiylar, Tavrot egalarichi? Ularning nasroniylarga munosabatichi, Iso alayhissalomni kim deb tan olishadi va ular kimga ibodat qilishadi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi: وَقَالَتِ الْيَهُودُ لَيْسَتِ النَّصَارَى عَلَىَ شَيْءٍ وَقَالَتِ النَّصَارَى لَيْسَتِ الْيَهُودُ عَلَى شَيْءٍ وَهُمْ يَتْلُونَ الْكِتَابَ كَذَلِكَ قَالَ الَّذِينَ لاَ يَعْلَمُونَ مِثْلَ قَوْلِهِمْ فَاللّهُ يَحْكُمُ بَيْنَهُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فِيمَا كَانُواْ فِيهِ يَخْتَلِفُونَ۝ 113. Yahudiylar: «Nasorolar hech narsada emaslar», – dedilar. Nasorolar ham: «Yahudiylar hech narsada emaslar», – dedilar. Vaholanki, ular kitob tilovat qilurlar. Xuddi shu kabi, bilmaydigan kimsalar ham ularning gapiga o‘xshash gap aytgan edilar. Bas, ular ixtilof qilib yurgan narsa haqida qiyomat kuni oralarida Alloh hukm qiladir.
Kofirlar musulmonlarga nisbatan qilgan turli-tuman da’volaridan tashqari, o‘zaro bir-birlariga nisbatan ham da’volar qilar edilar. Jumladan, oyatda kelganidek,
«Yahudiylar: «Nasorolar hech narsada emaslar», – dedilar».
Ya’ni yahudiylar: «Nasroniylar hech narsaga arzimaydilar, ular e’tiqod qo‘yib amal qilayotgan narsalari hech narsa emas», – deb ularni kamsitishsa, o‘z navbatida
«Nasorolar ham: «Yahu¬diylar hech narsada emaslar», – dedilar».
Ya’ni nasroniylar ham yahudiylarga nisbatan xuddi shunday munosabatda bo‘lar edilar.
«Vaholanki, ular kitob tilovat qilurlar».
Ularning har ikkisi ham ahli kitob sanaladilar: yahudiylar Tavrotni, nasroniylar Injilni o‘qiydilar.
Samoviy kitob egasi bo‘lmagan xalqlar to‘g‘risida oyatda:
«Xuddi shu kabi, bilmaydigan kimsalar ham ularning gapiga o‘xshash gap aytgan edilar», – deyilmoqda.
Ya’ni, ularni ilohiy ta’limotlarni «bilmaydigan kimsalar» deb atalyapti. Ammo ular ham yahudiy va nasroniylarning gaplariga o‘xshash gaplarni aytadilar, ya’ni, mushriklar yahudiylar va nasorolar haqida, bular, ikkalasi ham hech narsaga arzimaydi, deydilar. Albatta, ish ularning gapiga qarab bo‘lmaydi.
«Bas, ular ixtilof qilib yurgan narsa haqida qiyomat kuni oralarida Alloh hukm qiladir».
Ular tortishgan masalaning haqiqiy hukmini qiyomat kuni Alloh taoloning O‘zi chiqaradi.
Faqat unutmaslik kerakki, kofirlar kim bo‘lishlaridan qat’i nazar, bir-birlari bilan qanchalik tortishmasinlar, musulmonlarga qarshi kurashda bir bo‘lib oladilar.
Kelasi oyatda kofirlarning yana bir kirdikorlari fosh etiladi. Shu bilan ularga ergashish mumkin emasligi yana bir bor tasdiqlanadi: وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّن مَّنَعَ مَسَاجِدَ اللّهِ أَن يُذْكَرَ فِيهَا اسْمُهُ وَسَعَى فِي خَرَابِهَا أُوْلَئِكَ مَا كَانَ لَهُمْ أَن يَدْخُلُوهَا إِلاَّ خَآئِفِينَ لهُمْ فِي الدُّنْيَا خِزْيٌ وَلَهُمْ فِي الآخِرَةِ عَذَابٌ عَظِيمٌ۝ 114. Allohning masjidlarida Uning ismi zikr qilinishini man etgan va ularni xarob qilishga sa’y­harakat qilgan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor? Ana o‘shalar ularga faqat qo‘rqqan hollaridagina kirishlari kerak edi! Ularga dunyoda sharmandalik bordir va ularga oxiratda ulkan azob bordir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 20:20 | Savol-javoblar | 226 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar