Bitkoin mumkun emasligi haqida

Assalomu alaykum! Xurmatli ustozlar, internet orqali pul topish ya’ni «Bitkoin» nima sababdan mumkin emasligini tushuntirib bersangizlar. Shu orqali barcha yurtdoshlarimiz sababini anglab, shu biznesga chek qo‘yishsa.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! BITKOIN VOQESI VA UNING ShAR’IY HUKMI Bitkoin elektron valyuta. Uni dollar yoki evro kabi boshqa valyutalarga qiyoslash mumkin. Lekin bir necha asosiy farqlari bor. Bu farqlarning asosiysi, bitkoin to‘la shaklda elektron valyuta bo‘lib, uning oldi-berdisi faqat internet orqali bo‘ladi. Ya’ni oldi-berdida u fiziologik va hissiy ko‘rinishga ega emas. Shuningdek, bitkoinning boshqa an’anaviy valyutalardan yana bir farqli jihati, uning ortida turuvchi markaziy nazorat organlari yo‘qligida. Lekin bu valyutadan ham boshqa valyutalar singari internet orqali sotib olishda foydalanish mumkin, hatto an’anaviy valyutalar bilan almashtirish ham mumkin. Elektron valyutalarni kim chiqaradi? Odatda an’anaviy valyutalarni oltin yoki boshqa valyutalar kabi ma’lum bir asos bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Ammo ularning aksi o‘laroq, bitkoinning qo‘llab-quvvatlovchisi va ishlab chiqaruvchisi undan foydalanuvchilarning o‘zlaridir. Foydalanuvchilar, deganda, bitkoin bilan muomala qilishni istagan, qo‘lida kompyuteri va internet aloqasi bor har qanday shaxslar nazarda tutildi. Bu «mayning» (Mining), deyilayotgan amaliyot orqali amalga oshiriladi. Buning uchun foydalanuvchi kompyuteriga maxsus programma o‘rnatadi, so‘ng uning yordamida asta sekinlik bilan yangi bitkoin valyuta ishlab chiqarishni boshlaydi. Foydalanuvchi shu amaliyot orqali hisoblash imkoniyatiga ega programmadan foydalanish muqobilida virtual pulga ega bo‘ladi. Ya’ni, foydalanuvchining shaxsiy kompyuteri protsessori yangi summadagi valyutalarni ishlab chiqarish imkoniga ega. Bitkoin valyutasi tizimi dunyo bo‘yicha faqat 21 million bitkoin birligini ishlab chiqarishga ruxsat beradi. Bitkoinni sarflash yoki haqiqiy valyutaga almashtirish: Bitkoini bor foydalanuvchi, unga mahsulotlar sotib olish bilan birga, uni boshqa haqiqiy valyutalarga almashtirish imkoniyatiga ham ega. Almashtirish ma’lum summadagi bitkoinni sotib, o‘rniga haqiqiy valyuta sotib olishni yoki aksincha qilishni istagan shu foydalanuvchilarning o‘zlari o‘rtasida kechadi. Shunday qilish natijasida bitkoin o‘ziga xos almashinuv kursiga ega bo‘ladi. Bugun bu kurs o‘sib bormoqda, ya’ni bundan uch yil ilgari bir bitkoin bir necha dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozir 2800 dollarga etgan. Bitkoinning shar’iy hukmini bilishdan oldin, valyutalar voqei va pul chiqarish voqeini bilmog‘imiz lozim: Barcha davlatlar ma’lum narsadan ma’lum birlikka ega bo‘lishga kelishib olishgan. Bu birlikni ular boshqa narsalarga va mehnatga nisbatan asos qilib, ularga qiyos qilishadi, so‘ng uni muayyan shaklda, maxsus andozada, o‘zgarmas vaznda va barqaror standartda zarb qilishadi. Qadim zamondan beri jamiyatlar bora-bora ayni qiyosiy birlikni asliy qiymatga ega narsalardan qiladigan bo‘lib, oltin yoki kumushni barcha tovar va mehnatlarga nisbatan o‘lchov qilib olishdi, shulardan muayyan shaklda, maxsus andozada, o‘zgarmas vazn va standartda pul zarb qilishdi, chunki asliy qiymatga faqat oltin yoki kumushgina ega. O‘z valyutasiga oltin yoki kumushni asos qilib olgan davlat metall tizim (bu tizimda metall pullar, ya’ni zarb qilingan oltin yoki kumush muomalada bo‘ladi) bo‘yicha ketayotgan bo‘ladi. Agar o‘zi zarb qilgan puliga oltin birlikni asos qilib olgan bo‘lsa, oltin qoida (yoki oltin tizim) bo‘yicha ketayotgan bo‘ladi, kumush birlikni asos qilib olgan bo‘lsa, kumush qoida (yoki kumush tizim) bo‘yicha ketayotgan bo‘ladi. Agar zarb qilgan puliga oltin birlik bilan kumush birlikni yonma-yon asos qilib olgan bo‘lsa, oltin yoki kumush qoida (yoki ikki metall tizimi) bo‘yicha ketayotgan bo‘ladi. O‘zining qog‘oz pulini tovar va mehnatlarni ayirboshlaydigan valyuta qilib olgan davlatga kelsak, u qog‘oz pul tizimi bo‘yicha ketayotgan bo‘ladi. Agar u qog‘oz pul bosib chiqarib, uni oltin yoki kumush o‘rnini bosuvchi valyutaga aylantirgan bo‘lsa, u o‘rinbosar qog‘oz pul tizimi bo‘yicha ketayotgan bo‘ladi. Agar u qog‘oz pul bosib chiqarib, uni oltin yoki kumush bilan qoplagan bo‘lsa va uning qiymatini oltin yoki kumushga tenglagan bo‘lsa, vasiqa turidagi qog‘oz pul tizimi bo‘yicha yurayotgan bo‘ladi. Ammo qog‘oz pul bosib chiqarib, uni o‘ziga oltin yoki kumush o‘rnini bosmaydigan hamda oltin yoki kumush bilan qoplanmagan valyuta va pul qilib olgan davlatga kelsak, bunday davlat majburiy qog‘oz pul tizimi bo‘yicha ketayotgan hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam belgilagan pul oltin va kumush, ya’ni dinor va dirham bo‘lib unda uch narsa to‘la topilgan edi: – Tovar va xizmatlarga o‘lchov edi, boshqacha ibora bilan aytganda, unda pullik voqesi topilgan, ya’ni baho va ish haqi bo‘lgan; – Dinor va dirhamlar ma’lum-taniqli bo‘lgan noma’lum bo‘lmagan hokimiyat tomonidan bosib chiqarilgan; – Pullar odamlar o‘rtasida ma’lum-mashhur bo‘lgan, ma’lum bir guruhga xos bo‘lgan emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pul uchun belgilagan shartlarni diqqat bilan o‘rganib chiqish natijasida bitkoinda uch narsa topilmasligi ayon bo‘ldi: 1 – Bitkoin pul emas, chunki unda valyutalar shartlari mavjud emas. Valyutalar voqesi shundan iboratki, ular ma’lum davlat yoki hokimiyat tomonidan chiqariladi, shaxslar tomonidan emas. Yuqorida aytganimizdek, bitkoinni qo‘lida kompyuteri va internet aloqasi bor har qanday shaxslar «mayning» (Mining), deyilayotgan amaliyot yordamida ishlab chiqishi mumkin. Uni elektron valyuta, deb atalayotgan bo‘lsa-da, biroq aslida, u har qanday shaxs paydo qilib oladigan, bozorda talabga qarab bahosi ko‘tarilib-pastlab turadigan bir elektron tovar, xolos. Shuning uchun bitkoin valyutalar hukmiga tushmaydi. Ya’ni u ma’lum hokimiyat tomonidan emas, noma’lum hokimiyat tomonidan chiqariladi. 2 – Bitkoin xayoliy elektron tovar, uning haqiqati yo‘q, faqat ba’zi insonlar ishonchi bor, xolos. Bitkoini bor kishi undan kompyuteri dasturidan foydalanuvchi kishilar kabi foydalanolmaydi. Ya’ni bitkoin odamlar orasida ma’lum-mashhur emas, balki shu valyuta bilan oldi-berdi qilayotgan, uning qiymatini belgilayotgan kishilarga xos valyuta, hamma insonlar uchun emas. 3 – Ko‘p davlatlar bitkoin, degan valyutani bilmaydi, shu bois undan yirik tovarlar va xizmatlar savdosida foydalanishning imkoni yo‘q, ya’ni u tovar va xizmatlar uchun mutlaqo o‘lchov emas, balki faqatgina ma’lum bir tovar va xizmatlar ayirboshlash vositasidir. Shuning uchun bitkoin valyutasi shar’iy jihatdan pul emas Shunga ko‘ra, bitkoin bir tovar, xolos. Biroq u tovar bo‘lsa-da, noma’lum tovar, kafolati yo‘q. Keyin u aldov, firib, muzoraba va yolg‘onlar uchun tayyor soha bo‘lib qolmoqda. Demakki, uni sotish ham, sotib olish ham nojoizdir. Xususan, bu valyuta manbai ham noma’lum, manbai yirik kapitalistik davlatlar, ayniqsa, AQSh bo‘lsa kerak, deya taxmin qilinadi. Yoki bu valyuta nopok niyatdagi biror katta davlat yoxud qimor, bangivor moddalar savdosi, pul yuvish va uyushgan jinoyat mafiyasi kabi yirik xalqaro shirkatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, degan shubha uyg‘otadi. Xulosa o‘rnida: Bitkoin manbasi noma’lum, kafolati yo‘q, aldov va firib amaliyotlariga nishondir. U mustamlakachi kapitalistik dalvatlar – xususan, Amerika – hukmronligining quroli bo‘lib, undan insonlar boyliklarini talon-taroj qilishda foydalanish mumkin. Shuning uchun uni sotib olish nojoiz. Bunga dalil, har qanday noma’lum tovarni sotish va sotib olish qaytarilgani haqidagi shar’iy dalillar kelgan. Ulardan ayrimlari: 1 – «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chorvalar qornidagi bolasini to tug‘ilmaguncha sotib olishdan, chorvalar emchagidagi sutlarni sotib olishdan, o‘lchash va tortib ko‘rish bilan bo‘lsa, mayli, shuningdek, qochoq qulni sotib olishdan, qo‘lga kelib tushmagan sadaqalarni sotib olishdan, g‘avvosning savdolashuvidan (ya’ni suvdan sen uchun bir narsa ovlayman, nima qo‘lga ilinsa olasan degan savdodan) qaytardilar». Rivoyati va lafzi Ibn Mojaniki. Muxtasar rivishda Termiziy va Ibn Abu Shayba, Ahmad, Doriqutniy, Bayhaqiy, Ibn Hazm, bularning barchasi Jahzam ibn Abdulloh Yamomiydan, u Muhammad ibn Ibrohim Bohiliydan, u Muhammad ibn Zayd Abdiydan, u Shahr ibn Hushbdan rivoyat qilgan, Termiziy bu g‘arib hadis, degan. 2 – Ibn Abbosdan rivoyat qilinadiki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam «نَهَى عَنْ بَيْعِ الْمَضَامِينِ، وَالْمَلَاقِيحِ، وَحَبَلِ الْحَبَلَةِ» «Mazomin (biror narsani ichidagi narsani ochmasdan sotish)dan, maloqih (chorvalarni pushtini sotish)dan, bo‘g‘oz tuyaning qornidagi bolasini sotishdan qaytardilar». (Tabaroniy «Kabir»da va Bazzor rivoyati). 3 – Ibn Umardan Nofe rivoyat qiladiki, «نَهَى النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ بَيْعِ الْغَرَرِ» «Nabiy sollallohu alayhi vasallam g‘arar (qo‘lga kiritilishi noaniq narsani) savdosidan qaytardilar». Quyidagi hadisni Muslim Abu Hurayra hadisidan, Ibn Moja Ibn Abbos hadisidan, Tabaroniy Sahl ibn Sa’d hadisidan, Ahmad Ibn Mas’ud hadisidan rivoyat qiladi: «لاَ تَشْتَرُوا السَّمَكَ ف ِي الْمَاءِ فَإنَّهُ غَرَرٌ» «Suvdagi baliqni sotib olmanglar, chunki uning qo‘lga kiritilishi noaniqdir». Chunki suvdagi baliqni sotib olish aldov turlaridan biridir. Bunga havodagi qushlar, yo‘q narsa, noma’lum narsa, qochqin qul va boshqalar ham kiradi. 4 – Jobir ibn Abdulloh bunday deydi: «نَهَى رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم عَنِ الْمُحَاقَلَةِ وَالْمُزَابَنَةِ وَالْمُعَاوَمَةِ وَالْمُخَابَرَةِ» «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘allani o‘rib olmay, dalaning o‘zida sotishdan, daraxt mevasini terib olmay, daraxt ustida sotishdan, erni bir necha yilga sotishdan qaytardilar». Ammo mevasiz daraxt bo‘lsa, uning savdosiga ruxsat berganlar. (Imom Muslim rivoyati). 5 – Imom Muslim o‘zining «Sahih»ida Abu Hurayradan rivoyat qiladi: «نَهَى رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم عَنْ بَيْعِ الْحَصَاةِ، وَعَنْ بَيْعِ الْغَرَرِ» «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hasod savdosidan (sotiladigan matolari ustiga tosh otib shu tosh qaysi mato ustiga tushsa shuni sotaman deb savdolashish) va g‘arar savdosidan (qo‘lga kiritishi noaniq bo‘lgan narsani, ya’ni hali ovlanmagan suvdagi baliq yoki osmondagi qushni savdolashishdan) qaytardi». Termiziy ham bu hadisni Abu Hurayradan rivoyat qilgan. Demak, suvdagi baliq savdosi, qochgan qul savdosi, osmonda uchib yurgan qush savdosi va shunga o‘xshashlar aldov savdosiga kiradi. Biz yuqorida keltirgan dalillarda bir necha yillik savdoni, ya’ni xurmo daraxtini ikki yo uch yilga sotish savdosi harom qilingani ta’kidlangan, ya’ni ular savdo aqdi paytida yo‘q bo‘lgan narsalardir. Meva va ekin hosilini hali paydo bo‘lmay turib sotish, bularning barchasi aldov va noaniq narsa savdosiga kiradi. Demak, bu bitkoin voqesiga ham to‘g‘ri keladi. Chunki u manbasi noma’lum tovardir, uni chiqargan va kafolatini olgan rasmiy tomon ham noma’lum. Shunga ko‘ra bitkoinni sotish va sotib olish joiz emasdir.  Vallohu a’lam! Abu Xolid Hijoziy

20 Aprel 2022, 20:20 | Savol-javoblar | 162 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar