Oyat haqida

Assalomu alaykum! “Baqara” surasida kelgan 141-oyatni izohlab bersangizlar, iltimos.  «Ularning qilgan amallari o‘zlari uchun, sizlarning qilgan amalingiz o‘zingiz uchundir va sizlar ular qilgan amallar uchun mas’ul bo‘lmaysiz».
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu oldingi o‘tib ketgan ummatlar haqida nozil bo‘lgan oyatdir. قُلْ أَتُحَآجُّونَنَا فِي اللّهِ وَهُوَ رَبُّنَا وَرَبُّكُمْ وَلَنَا أَعْمَالُنَا وَلَكُمْ أَعْمَالُكُمْ وَنَحْنُ لَهُ مُخْلِصُونَ۝ 139. Ayt: «Biz bilan Alloh haqida tortishasizmi?! Holbuki, U bizning ham Robbimiz, sizning ham Robbingizdir. Bizga o‘z amalimiz, sizlarga o‘z amalingiz, biz esa Unga muxlismiz». Bu oyati karima yahudiy va nasroniylarga va o‘zlarini haq bilib, Islomni tan olmayotgan yana boshqalarga raddiyadir. Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga ularga qarata: «Biz bilan Alloh haqida tortishasizmi?!» – deb aytishni o‘rgatyapti. Ya’ni «Biz bilan Alloh haqida tortishasizlarmi? Uning zoti, hidoyati, kimni payg‘ambar qilib tanlashi xususida tortishib, hujjat surishtirasizlarmi?» «Holbuki, U bizning ham Robbimiz, sizning ham Robbingizdir. Bizga o‘z amalimiz, sizlarga o‘z amalingiz…» Ya’ni «Hammamiz Unga bandamiz. U Zot sizning ham, bizning ham Robbimizdir. U butun olamlarning Robbi sifatida nimani xohlasa, shuni qiladi. Bizning amallarimiz boshqa, Robbimiz o‘shalarga qarab hukmini chiqaradi; sizning amallaringiz boshqa, Robbimiz o‘shalarga qarab hukmini chiqaradi. Har kimning qilgan ishi uning belgisi hisoblanadi. Talashib-tortishib o‘tirishning hojati yo‘q». «…biz esa Unga muxlismiz». «Biz musulmonlar Allohga muxlismiz. Xolis O‘ziga iymon keltiramiz, xolis O‘ziga ibodat qilamiz, xolis O‘zidan yordam kutamiz. Ushbu holatimiz ham hech qanday tortishuv, hujjat yo solishtiruvchini talab qilmaydi». Masala oydin bo‘ldi. Tortishuvlarga chek qo‘yildi. Ora ochiq qilindi. Shu boisdan ham kelasi oyat bu mavzuni butunlay tark etib, boshqa masalada so‘z ochadi: أَمْ تَقُولُونَ إِنَّ إِبْرَاهِيمَ وَإِسْمَاعِيلَ وَإِسْحَقَ وَيَعْقُوبَ وَالأسْبَاطَ كَانُواْ هُودًا أَوْ نَصَارَى قُلْ أَأَنتُمْ أَعْلَمُ أَمِ اللّهُ وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّن كَتَمَ شَهَادَةً عِندَهُ مِنَ اللّهِ وَمَا اللّهُ بِغَافِلٍ عَمَّا تَعْمَلُونَ۝ 140. Yoki «Albatta, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub va uning avlodi yahudiy yoki nasoro bo‘lgan», – deysizlarmi?! Sen: «Sizlar bilimdonroqmi yoki Allohmi?» – degin. O‘z huzuridagi Allohdan bo‘lgan guvohlikni berkitgan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor?! Va Alloh qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emasdir. Yahudiylarning «Faqat yahudiy bo‘lganlargina hidoyat topadi» degan da’volariga va nasroniylarning «Faqat nasroniylargina hidoyatdadir» degan da’volariga qarshi yana bitta kuchli raddiya kelyapti. Ularni ojiz qoldiradigan savol berilyapti. «Yoki: «Albatta, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub va uning avlodi yahudiy yoki nasoro bo‘lgan», – deysizlarmi?! Sen: «Sizlar bilimdonroqmi yoki Allohmi?» – degin». Xo‘sh, yahudiy va nasroniylar bu savolga nima deb javob qiladilar? Ular Ibrohimni, Ismoilni, Ishoqni, Ya’qubni va asbotlarni yahudiy yoki nasroniy, deyin desalar, hamma, jumladan, ularning o‘zlari ham yaxshi biladilarki, «yahudiy» va «nasroniy» degan ismlar mazkur Nabiy alayhissalomlardan necha zamonlar keyin paydo bo‘lgan. Agar ularning yahudiy ham, nasroniy ham bo‘lmaganlarini tan olsalar, unda «Faqat yahudiy va nasroniylargina hidoyatdalar» degan da’volarini qanday tushunish mumkin?! Xullas, yahudiylar ham, nasroniylar ham bu savolga javob berishdan ojizdirlar. Bu savol qarshisida ularning tillarini tishlashdan boshqa choralari qolmaydi. Alloh taolo xuddi shu uslubda Nabiy alayhissalomga o‘rgatib: «Sizlar bilimdonroqmi yoki Allohmi?» – degin», – deydi. Bu savol yahudiy va nasroniylarni battar mot qiladi, chunki ular aslo «Biz Allohdan ko‘ra bilimdonroqmiz», deya olmaydilar. Aksini, ya’ni «Alloh bizdan bilimdonroq», desalar, unda Allohning so‘zlariga ishonishlari shart: Alloh o‘tgan barcha payg‘ambarlarni yahudiy demagan, nasroniy demagan, balki ularning musulmon bo‘lganliklarini qayta-qayta ta’kidlagan. Ular uchun tillarini tishlab, jim qolishdan o‘zga chora yo‘q. So‘ngra ularning eng katta ayblaridan yana biri fosh etiladi: «O‘z huzuridagi Allohdan bo‘lgan guvohlikni berkitgan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor?!» Albatta, yo‘q. Hammani yaratgan, hammaning Robbi bo‘lgan Allohning O‘zi guvohlikka ravo ko‘rsa-yu, u noshukr banda bu guvohlikni o‘rnida ado etmay, berkitsa, albatta u eng katta zolim bo‘ladi-da. O‘sha zolimlar kimlar ekan o‘zi? Ular yahudiy va nasroniylardir. Alloh taolo ularni ko‘pgina ishlarga, jumladan, Muhammad alayhissalomning oxirzamon Payg‘ambari ekanliklariga guvohlik berishga mas’ul etgan edi. Ammo ular Tavrot va Injilni buzib, bu guvohlikni berkitdilar. Eng zolim odamlarga aylandilar. Holbuki, «…Alloh qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emasdir». Ha, albatta, Alloh taolo ularning qilayotgan ishlaridan g‘ofil emas. U Zot barcha narsani bilib turibdi. Vaqti kelganda hisob-kitobini qiladi. Avvalgi payg‘ambarlar bilan hozirgi yahudiy va nasroniylar orasida er bilan osmoncha farq borligi bayon qilib bo‘linganidan keyin Ibrohim alayhissalom va u kishining zurriyotlari haqidagi oyatlarning so‘ngida keltirilgan oyat yana bir bor takror etiladi: لْكَ أُمَّةٌ قَدْ خَلَتْ لَهَا مَا كَسَبَتْ وَلَكُم مَّا كَسَبْتُمْ وَلاَ تُسْأَلُونَ عَمَّا كَانُواْ يَعْمَلُونَ۝ 141. Bular o‘tib ketgan ummatdirlar. Ularga o‘zlari kasb qilganlari bo‘lur, sizlarga o‘zingiz kasb qilganingiz bo‘lur. Ularning qilgan amallaridan so‘ralmassiz. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 11:57 | Savol-javoblar | 173 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar