Rasmlari bor uy

Assalomu alaykum! Hujjatlar, kitobni ichidagi va yosh bolalarning kiyimida har xil mult qahramonlari rasmli kiyimi bo‘lsa, shu uyda taqvo yuzasidan namoz o‘qish hukmi qanday? Agar oila-a’zolarining rasmlarini yashrincha yoqib yuborgan bo‘lib, ular so‘rasalar bilmadim diyishchi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Namozxonning kiyimida, sajdagohida va orqa hamda ostidan boshqa taraflarida hayvon surati bo‘lishi makruhdir. Bu holatlarda namozning makruh bo‘lishi suratga cho‘qinadiganlarning ibodatiga o‘xshab qolishidandir. Shuning uchun ham surat xorlanadigan joyda, namozxonning oyog‘i ostida va o‘tiradigan joyida bo‘lsa, makruh emas. Namozxonning orqasidagi suratning ham zarari yo‘q. Jumlada «hayvon surati» deyilishidan jonsiz narsalarning surati bo‘lsa, zarar qilmasligi anglashiladi. Surat juda kichik bo‘lsa yoki boshi o‘chirilgan bo‘lsa, mayli. Uzoqdan qaragan odam nimaligini ajrata olmaydigan darajada juda kichkina suratlar bo‘lsa, namozga zarar qilmaydi. Shuningdek, jonli narsaning suratida boshi bo‘lmasa ham zarari yo‘q. Buning dalili quyidagi hadisdir: وَقَالَتْ عَائِشَةُ:  دَخَلَ عَلَيَّ رَسُولُ اللهِ صلي الله عليه وسلم  وَقَدْ سَتَرْتُ سَهْوَةً لِي بِقِرَامٍ فِيهِ تَمَاثِيلُ، فَلَمَّا رَآهُ هَتَكَهُ وَتَلَوَّنَ وَجْهُهُ، وَقَالَ: «يَا عَائِشَةُ، أَشَدُّ النَّاسِ عَذَابًا عِنْدَ اللهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ الَّذِينَ يُضَاهُونَ بِخَلْقِ اللهِ». قَالَتْ عَائِشَةُ: فَقَطَعْنَاهُ فَجَعَلْنَا مِنْهُ وِسَادَةً أَوْ وِسَادَتَيْنِ Oisha roziyallohu anho aytdi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimga kirdilar. Men tokchamga nafis parda to‘sib qo‘ygan edim. Unda suratlar bor edi. U zot uni ko‘rishlari bilan tortib oldilar va ranglari o‘zgarib: «Ey Oisha! Allohning huzurida qiyomat kuni eng ashaddiy azobga uchraydiganlar Allohning yaratganiga o‘xshatishga uringanlardir», dedilar». Oisha aytadi: «Shunda biz uni bo‘lib, bitta yoki ikkita bolish qilib oldik». Mazkur pardadagi suratlar jonli narsalarning suratlari ekanligi shubhasiz. Avval ham aytib o‘tilganidek, musulmon kishining uyida jonli narsalarning surati bo‘lmasligi lozim. Jumladan, o‘sha surat pardada bo‘lsa ham joiz emas. Ammo kesilgan, yirtilgan holda bolish yoki shunga o‘xshash oyoq osti bo‘ladigan narsalarda bo‘lsa, joiz.(“Kifoya” kitobidan). Yolg‘on gapirish hamma holatda ham yolg‘on hisoblanib, unga ijozat yo‘q. Siz ko‘rinmaydigan joyga olib qo‘ying. Vallohu a’lam.
20 Aprel 2022, 20:58 | Savol-javoblar | 57 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar