Oilaviy namoz o‘qishda safning holati

Assalomu alaykum! Uyda akam, singlim, yangam va men namoz o‘qiymiz. Agar akam imom bo‘lsalar u kishining orqalarida men, singlim va yangam bir qatorda turib o‘qiymiz. Men o‘g‘il bolaman. Shunday qilishimiz to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Siz alohida bir safda, singiz, yangalar alohida orqa safda turishlari kerak. Erkak bilan ayol bir qatorda turib farz namozlarini o‘qishsa shu namozlarni qayta o‘qishlari farz. "Kifoya" kitobida quyidagicha kelgan. عَنْ أَبِي مَالِكٍ الْأَشْعَرِيِّ  رَضِي اللهُ عَنْهُ  قَالَ كَانَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَصُفَّ الرِّجَالَ أَوَّلًا ثُمَّ الْغِلْمَانَ خَلْفَهُم رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَلَفْظُهُ وَيَجْعَلُ الرِّجَالَ قُدَّامَ الْغِلْمَانِ، وَالْغِلْمَانَ خَلْفَهُمْ، وَالنِّسَاءَ خَلْفَ الْغِلْمَانِ  Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam safga avval erkak kishilarni, so‘ngra o‘g‘il bolalarni tizar edilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ahmadning lafzida:
«Erkaklarni o‘g‘il bolalardan oldin, o‘g‘il bolalarni ularning ortiga va ayollarni o‘g‘il bolalar ortiga qo‘yar edilar», deyilgan.
Takbiri tahrima va adoda ikkovlari sherik bo‘lgan mutlaq namozda ayol kishi 
(safda) erkakka tenglashib qolsa va u (erkak) ayolga imomlikni niyat qilgan bo‘lsa, erkakning namozi fosid bo‘ladi (buziladi).
Chunki erkak oldinga o‘tish haqidagi amrni bajarmadi.عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ صَلَّى النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  فِي بَيْتِ أُمِّ سُلَيْمٍ، فَقُمْتُ وَيَتِيمٌ خَلْفَهُ، وَأُمُّ سُلَيْمٍ خَلْفَنَا رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ  Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Sulaymning uyida namoz o‘qidilar. Men va bir etim bola u zotning orqalarida turdik. Ummu Sulaym esa bizning orqamizda turdi».
To‘rtovlari rivoyat qilishgan.
Agar ayol kishi erkak kishi bilan bir safda turganda namoz buzilmaganida, yolg‘iz kishi bir o‘zi saf tortishi mumkin bo‘lmagani uchun, Ummu Sulaymning bir o‘zi safda turishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruxsat bermagan bo‘lar edilar.
Bo‘lmasa, ayolning namozi (buziladi).
Chunki ayolning iqtidosi to‘g‘ri bo‘lmadi. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 18:36 | Savol-javoblar | 162 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar