Taqdirni o‘zgartirish

Assalomu alaykum! Savolim qo‘yidagicha, Allox taolo har bir inson tug‘ilganda uning taqdirini belgilab qo‘yadimi? Agar belgilab qo‘yilgan bo‘lsa inson o‘z taqdirini o‘zgartira oladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo bu dunyoda insonga yaxshi yo‘lni ham, yomon yo‘lni ham ko‘rsatib, ixtiyor beradi. To‘g‘rini-to‘g‘ri deb bilib, unga intilganlarga jannat, noto‘g‘rini bilib turib nafsi havosiga ergashganlarga do‘zaxni ravo ko‘radi. Alloh taolo “Ankabut” surasi marhamat qiladi : وَالَّذِينَ جَاهَدُوا فِينَا لَنَهْدِيَنَّهُمْ سُبُلَنَا وَإِنَّ اللَّهَ لَمَعَ الْمُحْسِنِينَ۝ 69. Biz uchun jiddu jahd qilganlarni O‘z yo‘llarimizga hidoyat eturmiz. Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilar bilandir.
Allohning yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solib, harakat qilganlarni Alloh taoloning O‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlab turadi. Yaxshi amallarni qilganlarni yolg‘iz qo‘ymay, O‘zi ular bilan birga bo‘ladi. Bu haqiqatni mo‘minlar bir lahza ham unutmasliklari kerak. (“Tafsiri Hilol” kitobidan).
Ibn Abbos va Ibrohim ibn Adham roziyallohu anhumlar : “Bu oyat bilganlariga amal qiluvchilar haqida nozil bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim har bir bilgan narsasiga amal qilsa, Alloh unga bilmagan narsasini bildirib qo‘yadi” deganlar” dedilar. Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh : “Biz ilmsiz bo‘lib qolib ketishimizga sabab, bilgan narsamizga amal qilmayotganimizni unutganimizdir. Agar bilgan narsalarimizning ba’zisiga amal qilganimizda ham harakat qilmasak ham hosil bo‘ladigan ilmni bizga berib qo‘ygan bo‘lar edi. Alloh taolo : “Taqvo qilinglar, shunda Alloh sizlarga (bilmaganlaringizni) bildirib qo‘yadi” deganlar”. Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhga : “Dunyoda sunnatning misoli oxiratdagi jannatning misolidir. Kim oxiratda jannatga kirsa, salomat qoladi, shuningdek kim dunyoda sunnatni mahkam ushlasa u ham salomat qoladi” dedilar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo yuqoridagi oyat haqida : “Kim bizning toatimizda qattiq harakat va jiddi jahd qilsa, ularni savobimiz yo‘liga yo‘llab qo‘yamiz deganidir” deganlar.  Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 22:48 | Savol-javoblar | 246 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar