Marhumga 7, 40, yillik

Assalomu alaykum.Hazrat sizga bir savolim bor edi. Inson o‘lgandan keyingi 7, 40, yillik ehsonlari bi’datligi haqida eshitgan edim va bundan mayyitning ruhi qiynalishi haqida ham eshitgan edim. Lekin yaqinda bittasidan eshittimki, bu narsalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Bunga sabab qilib inson o‘lgandan keyin 7 kundan keyin mayyit ishadi, 40 kunda esa mayyit yoriladi, 1 yildan keyin esa mayyitning suyaklari suyaklaridan (bo‘g‘imlaridan) ajraladi dedi, shu jarayonlarda mayyit azoblanadi shuning uchun ehson qilib azobi engillashishini aytdi.Shunga o‘xshash ehsonlar qilish kerakmi yoki Qur’on tilovat qilib yashirin ravishda o‘z mollaridan ehsonlar qilib tursa ham bo‘laveradimi? Savol javob sahifangizda savob ishlarni marhumlarga bag‘ishlasa marhumga etib borishi va shu barobarda o‘ziga ham etishini o‘qigan edim. Ustoz yuqorida berilgan savolimga kengroq tushuntirib bersangizHurmatli ustoz bizga ajratgan vaqtingizdan rozi bo‘ling.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- O‘sha kishi aytgan kunlarda o‘liklarda mazkur o‘zgarishlar bo‘lsa ham, shariatda o‘sha kuni ehson qilish haqida ko‘rsatma yo‘q. Shariatda yo‘q narsani o‘zicha qilishga hech kimning haqqi yo‘q. O‘likka yaxshilik qilaman degan odam duo qilsin, Qur’oni Karim tilovat qilib savobini bag‘ishlasin va boshqa shariatda ko‘rsatilgan ishlarni qilsin.Avvalo, musiybatga uchraganlar dafndan keyingi uch kun ichida boshqalarga taom qilib berishlari makruhdir. Musiybatzadalarga ularning yaqinlari va qo‘shnilari taom taqdim qilishlari mustahabdir. Merosxo‘rlarning ichida balog‘atga etmagan bolalar bo‘lsa, boshqalarga taom qilib berish haromdir. Mazkur uch kundan keyin mayyit ahli taom qilib, ulashsa, durustligi yuzaga chiqadi. Ammo, shariatda «uch», «yigirma», «qirq», «yil» va boshqa nomlar bilan ataladigan marosimlar yo‘q. Katta kitoblarda ham, kichiklarida ham, arabchasida ham, ajamchasida ham bu nomlarning birortasini topib bo‘lmaydi.Kitoblarda «Motam munosabati ila qilinadigan taom «vaziyma» deyiladi» degan gap bor, xolos.O‘sha vaziymaning kuni, hajmi, unga pishiriladigan taomning turi va boshqa narsalari belgilangan emas. Bunday ehsonni kishi o‘zidan, oilasidan, qaromog‘idagilardan orttirganda, balog‘atga etmagan bolalarning haqqini aralashtirmasdan, ko‘ngli istagan paytda qilishi mumkin. Bunda turli bid’at-xurofotlarni aralashtirmaslik shart. Faqihlar bu boradagi hujjat va dalillarni tahlil qilib, jumladan, quyidagi xulosaga kelganlar: Mayyitga savobi etadigan narsalar:Barcha ulamolar mayyitning duo, istig‘for, sadaqa va haj kabi badaniy-moliyaviy ibodatlardan manfaat olishiga ittifoq qilganlar.Ulamolar namoz va Qur’on qiroati kabi badaniy ibodatlardan mayyit foyda olishi haqida bir oz ixtilof qilganlar.Hanafiylarning ixtiyor qilgan qavllari bo‘yicha, qorilar qabrning oldida o‘tirib, qiroat qilsalar, bo‘ladi. Boshqa erlardagi qiroatning ham savobi etishi haqida shubha yo‘q. Chunki, Qur’on qiroati bo‘lgan erga rahmat va baraka nozil bo‘ladi. Qur’on qiroatidan keyingi duoning qabul bo‘lishi oson.Hanbaliylar: «Qabr oldida qiroat qilsa bo‘ladi», deganlar va unga «Yaasiyn»ni o‘lganlarga o‘qish haqidagi hadislarni dalil qilganlar.Molikiylar: «Mayyitga uning o‘limidan keyin va qabr oldida qiroat qilish makruh, chunki avvalgilar bunday qilmagan», deganlar. Ammo, ularning keyingi ulamolari: «Qur’on qiroati va zikr qilib, savobini mayyitga bag‘ishlash mumkin va bag‘ishlovchiga ham ajr bo‘ladi», deyishgan.Avvalgi Shofe’iylar: «Mayyitga o‘zining amalidan boshqa amal manfaat bermaydi», deganlar. Ammo, bu mazhabning keyingi ulamolari masalani o‘rganib, tahqiq qilib chiqqach: «O‘lganlarga «Fotiha» va boshqa suralarning qiroati savobi etadi», deganlar. Odamlar shunga amal qilganlar.Shunday qilib, to‘rt mazhabning barchasi Qur’on qiroatining savobi o‘tganlarga etishiga ittifoq qilganlar.O‘tganlarni, xususan, ota-onalarni yo‘qlash, ruhlarini shod qilish va ortlaridan savob yuborish haqida so‘z yuritilar ekan, quyidagi hadisi sharifni yodga olish zarur bo‘ladi.Anas ibn Molikdan eshitgan kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:«Albatta, amallaringiz o‘lgan yaqinlaringiz va qarin¬doshlaringizga ko‘rsatilur. Agar yaxshi bo‘lsa, ular bashorat olurlar. Agar boshqacha bo‘lsa: «Allohim, bizni hidoyat qilganing kabi ham hidoyat qilmay turib ularni o‘ldirmagin», – deyishadi».Ahmad rivoyat qilgan.Demak, vafot etgan ota-onamiz va yaqinlarimizni yodlashimiz yilda bir yoki ikki marta yoziladigan dasturxon paytidagina emas, har lahzada bo‘lishi lozim.Alloh taolo barcha farzandlarga ota-onalariga tiriklik chog‘ida barcha yaxshiliklarni qilib, roziliklarini topib, duolarini olishni nasib etsin. O‘tganlaridan keyingi haqlarini ham sharaf bilan ado etishga muyassar qilsin!

30 Aprel 2022, 02:34 | Savol-javoblar | 168 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar