Darz ketgan idishda suv ichish va puflab ichish

Assalomu alaykum! Abu Said al-Hudriy roziallohu anhu tomonidan bayon qilingan rivoyatda shunday deyiladi: «Allohning elchisi piyolaning siniq va darz ketgan tomonidan ichishni taqiqlagan, shuningdek, idishga puflashni ham man qilgan». Ustozlar shu hadis sahihmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيّ قَالَ نَهَى رَسُولُ اللّهِ صَلّى اللّهُ عَلَيْهِ وَسَلّمَ عَنْ الشّرْبِ مِنْ ثُلْمَةِ الْقَدَحِ وَأَنْ يَنْفُخَ فِي الشّرَابِ Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchgan idishdan ichimlik ichishdan va ichimlikka puflashdan qaytardilar». Ulamolarimiz bunday idishda bir necha zararlar borligi uchun ham “undan iste’mol qilish durust emas” deyishgan. 1-suvdagi barcha kirliklalar(mikrob) uchgan joyga yopishib oladi. 2-suv ichmoqchi bo‘lgan odamni tabiatini biroz xira qiladi. 3-chanqagan odam shoshib o‘sha joydan ichib oladi. 4-uchuqlik idish aybli hisoblanib, har bir aybli narsada baraka bo‘lmaydi. Solih salaflarimiz aybli narsani sotib olayotgan kishini ko‘rib, “Bunday qilmagin. Alloh har bir aybli narsadan barakani olib qo‘yganini bilmaysanmi” degan ekanlar. 5-uchuqli idish shoshilgan kishini jarohatlab qo‘yishi mumkin. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَهَى عَنِ النَّفْخِ فِي الشَّرَابِ، فَقَالَ رَجُلٌ: الْقَذَاةُ أَرَاهَا فِي الْإِنَاءِ، قَالَ: أَهْرِقْهَا، قَالَ: فَإِنِّي لَا أَرْوَى مِنْ نَفَسٍ وَاحِدٍ؟ قَالَ: فَأَبِنِ الْقَدَحَ إِذَنْ عَنْ فِيكَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlikka puflashdan qaytardilar. Bas, bir kishi: «Idishga tushib qolgan narsani ko‘rsam-chi?» dedi. «Olib tashla», dedilar u zot. «Men bir nafasda icha olmayman», dedi. «Unday bo‘lsa, qadahni og‘zingdan uzoqlashtir», dedilar». Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharifdan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning taomlanish madaniyatini qanchalik mehnat bilan joriy qilganlarining yorqin namunasini ko‘rib turibmiz. Har bir narsani aytib, tushuntirish, turli savollarga chidam bilan javob berish lozim bo‘lgan ekan. Avval u zot sahobalarga ichish odoblaridan birini bayon qilmoqdalar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlikka puflashdan qaytardilar». Ammo hamma ham bu qaytarishni eshitishi bilan «Bunday qilmasligimiz kerak ekan», deb ketavermadi. Bas, bir kishi: «Idishga tushib qolgan narsani ko‘rsam-chi?» dedi». Ya’ni, «Siz idish ichiga puflamanglar deyapsiz. Ammo bir ichimlikni ichmoqchi bo‘lib, og‘zimga olib borsam, idishda – ichimlik ustida bir narsa turgan bo‘lsa, puflab yuborish kerak bo‘ladi-ku?» Bu savolga javoban: «Olib tashla», dedilar u zot». Ya’ni «O‘sha narsani ham puflama, balki olib tashla». So‘rovchida yana boshqa savol paydo bo‘ldi va u o‘sha savolni ham berdi: «Men bir nafasda icha olmayman», dedi. Ya’ni, «Men idishdagi ichimlikni bir nafas bilan oxirigacha ichib, bitira olmayman. Orada nafas olishim kerak bo‘ladi. Orada nafas olsam, idish ichiga puflashim kerak bo‘ladi. Bunga nima deysiz?» Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu masalani ham sabr bilan hal qildilar: «Unday bo‘lsa, qadahni og‘zingdan uzoqlashtir», dedilar». Ya’ni, «Nafasing etmay qolganda idishni og‘zingdan uzoqlashtirib, nafasingni rostlab olib, keyin ichishda davom etsang, idish ichiga puflash sodir bo‘lmaydi». Odamning og‘zidan chiqadigan nafasda turli ko‘zga ko‘rinmas zararli narsalar, qo‘lansa hid va boshqalar bo‘lishi hozirgi paytda hammaga ma’lum bo‘lib qoldi. عَنْ أَبِي قَتَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا شَرِبَ أَحَدُكُمْ فَلَا يَتَنَفَّسْ فِي الْإِنَاءِ Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz ichsa, idish ichiga nafas olmasin», dedilar». Sharh: Ichimlik ichayotgan odam nafas olmoqchi bo‘lsa, ichishdan to‘xtab, idishni og‘zidan uzoqlashtirib turib, nafas oladi. So‘ngra yana ichishni davom ettiradi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 06:57 | Savol-javoblar | 157 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar