Qarg‘ish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, nohaq qarg‘ish, umuman kimmidur qarg‘ash nima oqibatlarga olib keladi? Hech kimni qarg‘ama, nohaq qarg‘ish o‘z yaqininga uradi deb aytishadi kottalar. Qarg‘ish yoki qarg‘ash to‘g‘risida muqaddas kitoblarimizda nimalar deyilgan. Javobingiz uchun oldindan tashakkur!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ اللَّعَّانِينَ لَا يَكُونُونَ شُهَدَاءَ وَلَا شُفَعَاءَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «La’natlovchilar qiyomat kuni guvoh ham, shafoatchi ham bo‘lmaydilar», dedilar». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Bu dunyoda odamlarni la’natlab yuradigan odamlar u dunyoda yuqori martabalarga erisha olmas ekanlar. Kim u dunyoda guvohlik yoki shafoatchilik kabi oliy maqomlarga erishish niyatida bo‘lsa, zinhor birovni la’natlamasin. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَنْبَغِي لِصِدِّيقٍ أَنْ يَكُونَ لَعَّانًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Siddiq uchun la’natlovchi bo‘lish yarashmaydi», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Siddiqlik o‘zini bilgan har bir banda uchun ulug‘ bir maqomdir. Alloh taolo Qur’oni Karimda «Allohga va Uning Rasullariga iymon keltirgan kishilar – ana o‘shalar siddiqlardir ‎‎va Robbilari huzuridagi shohidlardir. Ularning ajrlari va nurlari bordir», degan («Hadid» surasi, 19-oyat). Bas, ana shunday maqom egalariga hech qachon la’natlovchi bo‘lish yarashmaydi. Mo‘min kishining mo‘minligiga la’natlovchi bo‘lish to‘g‘ri kelmaydi. وَنَازَعَتِ الرِّيحُ رَجُلًا رِدَاءَهُ عَلَى عَهْدِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَلَعَنَهَا، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا تَلْعَنْهَا فَإِنَّهَا مَأْمُورَةٌ، وَإِنَّهُ مَنْ لَعَنَ شَيْئًا لَيْسَ لَهُ بِأَهْلٍ رَجَعَتِ اللَّعْنَةُ عَلَيْهِ. رَوَاهُمَا أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning paytlarida bir kishining ridosini shamol tortib ketdi. Bas, u uni la’natladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uni la’natlama! Unga amr qilingandir. Kim la’natga sazovor bo‘lmagan narsani la’natlasa, uning o‘ziga qaytadi», dedilar». Ikkisini Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Bundan shamol va shunga o‘xshash narsalarni la’natlab bo‘lmasligi kelib chiqadi. Kim bunday narsalarni la’natlasa, uning la’nati o‘ziga uradi. عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الْعَبْدَ إِذَا لَعَنَ شَيْئًا صَعِدَتِ اللَّعْنَةُ إِلَى السَّمَاءِ فَتُغْلَقُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ دُونَهَا، ثُمَّ تَهْبِطُ إِلَى الْأَرْضِ فَتُغْلَقُ أَبْوَابُهَا دُونَهَا، ثُمَّ تَأْخُذُ يَمِينًا وَشِمَالًا فَإِذَا لَمْ تَجِدْ مَسَاغًا رَجَعَتْ إِلَى الَّذِي لُعِنَ فَإِنْ كَانَ لِذَلِكَ أَهْلًا وَإِلَّا رَجَعَتْ إِلَى قَائِلِهَا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon banda bir narsani la’natlasa, la’nat osmonga ko‘tariladi. Shunda uning ortidan osmonning eshiklari yopiladi. Keyin u erga tushadi. Uning (osmonning) eshiklari ham uning ortidan yopiladi. Keyin u o‘ngga, so‘lga borib-keladi. Agar boradigan joy topmasa, la’natlanganning oldiga keladi. Ammo u bunga loyiq bo‘lmasa, albatta aytuvchisiga qaytadi», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharifdan la’nat ko‘proq holatlarda o‘z aytguvchisiga urishi ko‘rinib turibdi. Bas, shunday ekan, la’natni zinhor tilga olmaslik kerak. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَيْسَ الْمُؤْمِنُ بِالطَّعَّانِ وَلَا اللَّعَّانِ وَلَا الْفَاحِشِ وَلَا الْبَذِيءِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min ko‘p ta’na qiluvchi ham, ko‘p la’natlovchi ham, fahsh so‘z aytuvchi ham va tili bemaza ham emasdir», dedilar». Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mo‘min kishi yiroqda bo‘lishi lozim bo‘lgan to‘rt xil yomon axloq haqida so‘z yuritmoqdalar: 1. Ko‘p ta’na qiluvchi. Kishilarga turli narsalardan ta’na qilaverish mo‘min bandaga lozim emas. Bu odat kishilar uchun ozor bo‘ladi. Mo‘min kishi hech kimga ozor bermasligi lozim. 2. Ko‘p la’natlovchi. Avval ham o‘rganib o‘tganimizdek, birovlarni va hatto narsalarni ham la’natlash durust emas. Ko‘pchilik holatlarda la’nat la’natlovchining o‘ziga qaytib kelishi turgan gap. 3. Fahsh so‘z aytuvchi. Ba’zi bir odamlarning og‘zidan sal narsaga uyatsiz so‘zlar chiqaveradi. Bunday odamlar bo‘lgan-bo‘lmagan narsaga sharmsiz, hayosiz gaplarni aytaveradilar. Mo‘min banda bunday narsadan mutlaqo uzoqda bo‘lishi lozim. 4. Tili bemaza. Tili bemaza odamni ba’zilar sassiq so‘zli odam ham deb ataydilar. Mo‘min kishi shirin kalomli inson bo‘lishi kerak. Bemaza gaplarni aytish unga munosib emas. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 21:09 | Savol-javoblar | 456 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar