Tortishish qonuni

Assalomu alaykum! Alloh sizu bizlardan rozi bo‘lsin. Youtube da tortishish qonuni degan videoni ko‘rib qoldim. Unga ko‘ra inson nimani ko‘proq o‘ylasa o‘sha narsani o‘ziga tortar ekan. Ko‘pchilik olimlar gapirgan, butun olam siri deb aytgan. Misol uchun yangi mashinami ishmi o‘ylayversa o‘shanga erisharkan. Savolimni aniq tushunish uchun o‘sha videoni ko‘rish kifoya. Buning hukmi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Bu siz aytgan falsafa safsatadir. Asli gap Alloh taolodan nimani so‘rasang Alloh aslo qaytarmaydi. Chunki Alloh taoloning nazdida bu dunyoning pashshaning qanoticha qadri yo‘q. Lekin so‘rashda shunday narsani so‘rash kerakki, keyinchalik bor fikri xayolini shunga bog‘lanib qolganidan afsus qilmaydigan bo‘lsin.
O‘tgan asrda Hindiston ozodligi uchun katta hissa qo‘shgan siyosatchilardan mavlono Abul Kalom Ozodning hayotlarida bir voqea bo‘lgan. U kishi o‘g‘lining nikoh to‘yi kuni butun Hindistondan siyosatchilar mashhur arboblar, hatto boshqa din vakillaridan bo‘lgan kishilarni ham taklif qilgan ekanlar. Shunda u kishi to‘yning oxirida hammaning oldida “O‘g‘limga bir sovg‘am bor” deb e’lon qilibdi. Hammaning qalbiga “O‘g‘liga qanday qimmatbaho sovg‘a berarkin” degan bir tuyg‘u kelib, intiqlik bilan sovg‘ani nimaligini e’lon qilishini kutishibdi. Shunda o‘g‘liga bir qog‘ozga o‘ralgan narsani beribdi. O‘g‘li qog‘ozni ochsa ichida yana bir qog‘ozga o‘ralgan narsa, uni ochsa yana va yana... Oxiri bir necha qavat qog‘ozlar ochilganidan keyin, kichkina bir o‘yinchoq chiqibdi. Buni ko‘rgan mehmonlarning hammasi kulibdi. O‘g‘il ham kulibdi-yu, lekin qalbida o‘sha erda sharmanda bo‘lgandek qizaribdi. To‘y tugab oradan bir haftalar o‘tgandan keyin o‘g‘il otasiga “O‘shanda qilgan sovg‘angiz menga juda og‘ir botdi. Shuncha odamning oldida to‘g‘ri ish bo‘lmadi va men sharmanda bo‘ldim” debdi. Otasi, “Bolam sen sharmanda bo‘ldingmi? Bilasanmi u qaysi o‘yinchoq edi? U o‘sha sen yoshligingda senda bo‘lishini orzu qilgan, hatto shuni deb men bilan urishib arazlashgan o‘yinchog‘ing edi. Uni deb bir necha kun men bilan gaplashmay ham qo‘ygansan. Yoshligingda eng katta orzuing bo‘lgan narsani senga sovg‘a qilsam-u, endi katta bo‘lib shu orzuing qo‘lingda turganidan sharmanda bo‘lyapsanmi?! Bolam men bu bilan senga nasihat qilmoqchi bo‘ldim. Hayotda ham shunday narsani orzu qilginki vaqti kelib mahshar maydonida Odam alayhissalomdan tortib to qiyomatgacha bo‘lgan insonlar orasida o‘sha orzu qilib intilgan narsangni qo‘linga berilganida sharmanda bo‘lmaydigan narsa bo‘lsin” degan ekanlar. Buyuk musulmon kishilar farzandlariga ta’lim berishda ham shunday yo‘llardan foydalanishgan.
Shuning uchun shariatimiz inson o‘ziga nima foydali ekanini bilishi uchun istixorani joriy qilgan. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 08:13 | Savol-javoblar | 147 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar