O‘qitib qo‘yishni inson hayotiga ta’siri

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, hozirgi kunda afsuski folbinlikni va kinnachilikni kasb qilib insonlarni aldab yurganlar judayam ko‘p. O‘qitib qo‘yish, ochish kabi amallarga borgan sari ko‘pchilik insonlar aldanib qolyapti. Savolim shundan iboratki hozirgi kundagi o‘qitib qo‘yish degan amal inson hayotiga qanchalik ta’sir qiladi? Bu dardga chalingan insonlar qanday shifo topishlari mumkin? Bu o‘qitib qo‘yish uy joy yoki ishxonaga ham ta’sir ko‘rsata oladimi? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Avvalo Alloh taoloning taqdiridan tashqari hech narsa bo‘lmaydi. Mo‘min odam bunga iymon keltirishi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tongda va tunda o‘qigan duolarni o‘qisa hech qanday sehrgarning sehri yoki makri ta’sir qilolmaydi. عَنْ أَبَانَ بْنِ عُثْمَانَ، عَنْ أَبِيهِ  رَضِي اللهُ عَنْهُ  قَالَ  سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ بِسْمِ اللهِ الَّذِي لَا يَضُرُّ مَعَ اسْمِهِ شَيْءٌ فِي الْأَرْضِ وَلَا فِي السَّمَاءِ وَهُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ، ثَلَاثَ مَرَّاتٍ لَمْ تُصِبْهُ فَجْأَةُ بَلَاءٍ حَتَّى يُمْسِيَ رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ Abon ibn Usmondan, u otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim «Bismillaahillazii laa yazurru ma’a ismihi shay’un fil arzi va laa fis samaai va huvas-samiy’ul aliym»ni uch marta aytsa, kechqurun bo‘lguncha unga to‘satdan keladigan balo etmaydi», deganlarini eshitdim». «Sunan» sohiblari rivoyat qilishgan. Demak, kim ixlos bilan ushbu hadisi sharifda kelgan duoni o‘qib yursa, unda berilgan va’dadan bahramand bo‘lar ekan. Bunga e’tiqod va amal qilishga odatlanmog‘imiz kerak. Duoning ma’nosi quyidagicha: «Ismi birga bo‘lganda eru osmonda hech narsa zarar qilmaydigan Allohning nomi ila. U Zot o‘ta eshituvchi va o‘ta ko‘ruvchidir». ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 11:49 | Savol-javoblar | 156 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar