Dengiz taomlari borasida ikki xil fatvo

Assalomu alaykum! Bir kanalda quyidagicha berilibdi Savol: Domla, men Istanbulda baliq oshxonasida ishlayman. Bu oshxonada kalamar, karades (krevetka) va mide degan dengiz taomlari pishiriladi. Shu taomlarni eyish joizmi? Javob: Alhamdulillah! Shariatimizda barcha dengiz hayvonlari, hatto ularning o‘limtigi ham halol qilingan. Bu haqda Alloh taolo: “Sizlarga, xususan, musofirlarga ozuqa bo‘lishi uchun dengiz ovi va taomi halol qilindi” – degan (Moida: 96). Ibn Abbos roziyallohu anhumo oyatdagi dengiz ovini tiriklay ovlangan hayvonlar, taomini esa dengiz hayvonlarining o‘limtigi deb tafsir qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dengiz haqida: “Uning suvi toza, o‘limtigi halol”– degan so‘zlari ham xuddi shu ma’noni ifodalaydi (Abu Dovud (83) rivoyati). Shunga binoan, siz so‘ragan barcha hayvonlarni eyish halol, vallohu a’lam. Lekin men sizning kanalizda quyidagi fatvoga duch keldim QISQIChBAQA ISTEM’OL QILISh @Savollar_kanal 3817-savol Assalom alakum! Bizni mazhabda qisqichbaqa iste’mol qilish harom deb eshitdim yana dengiz jonivorlaridan nimalarni iste’mol qilish harom? JAVOB: - Va alaykum assalom! Baliqdan boshqa barchasi joiz emas. Vallohu a’lam! "Zikr ahlidan so‘rang" hay’ati. Unda barcha dengiz hayvonlari halol deyilmoqda, ikkinchisi esa faqat baliq halol deyapti. Krab, qisqichbaqa, kalamari kabilar baliq hisoblanmas ekan ayrim olimlar fikricha. O‘zim ingliz tilidagi fatvolardan Hanafiy mazhabi vakillariga faqat baliq halol qilinganligi topdim, Iltimos faqat o‘zbek tilida o‘quvchilar uchun aniqliq kiritib berishingizni so‘rayman. Alloh barchangizdan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Yuqorida keltirilgan fatvo boshqa mazhablarga tegishli. Bizning diyorimizda ommatan musulmonlar hanafiy mazhabida bo‘lgani uchun biz mazhabimizning fatvosini keltirganmiz. Hanafiy mazhabida baliqdan boshqasi joiz emas deyilgan. Boshqa mazhab sohiblari o‘sha keltirilgan dalillarni olib, iste’moli joiz deganlar. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 16:24 | Savol-javoblar | 187 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar