maxr xakida

Assalomu alaykum! Nikoxda va’da kilingan maxr erkak kishi tarafidan kancha muddatda berilishi kerak. Agarda maxr xali berilmagan bulib aeliga boshka buyum (masalan telefon) olib bersa va shu maxr urniga desa, shu nikoxda va’da kilingan maxr urniga utadimi? Imkoni bulsa telegramdagi kanalga shu savolni javobini joylashtirsangiz. Javobingiz uchun oldindan raxmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Mahrning erta va kechini ikkovlari tayin qilgan bo‘lsalar, o‘shandoq bo‘ladi. Agar tayin qilmagan bo‘lsalar, urfdagiga qarab bo‘ladi. Mahrni ikkiga bo‘lib to‘lash ham mumkin. Dastlabkisi avval beriladi va mahri mu’ajjal – «erta mahr» deb ataladi. Keyingisi keyin beriladi va mahri muajjal – «kechiktirilgan mahr» deb ataladi. Agar ikki taraf aqdi nikoh paytida erta mahr qancha va qachon berilishi hamda kechiktirilgan mahr qancha va qachon berilishiga kelishib olgan bo‘lsalar, o‘sha kelishuvga binoan ish tutadilar. Aqdi nikoh paytida bunday kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, o‘z qavmlarida mazkur miqdordagi mahrni ushbu kelinga o‘xshash kelinlarga qay tarzda berishga odatlangan bo‘lsalar, o‘sha tarzda beriladi. Erta mahrni olishdan avval ayol jinsiy yaqinlikni va o‘zining safarga olib chiqilishini man qilishga haqli. Agar o‘z roziligi bilan bo‘lgan yaqinlikdan keyin man qilsa ham joiz. Bu holatda uning nafaqasi soqit bo‘lmaydi. Ya’ni mahrining o‘z vaqtida berilmaganiga norozi bo‘lib, kuyovni o‘ziga yaqinlashtirmayotgan kelinning nafaqasi erga vojib bo‘lib turaveradi. Erning «Xotinim meni o‘ziga yaqinlashtirmayapti, shuning uchun uning nafaqasini bermayman», deyishga haqqi yo‘q. Shuningdek, u erning iznisiz hojat yuzasidan safar qilishga va tashqariga chiqishga haqli. Mahrni vaqtida bermagan er ayolni bu narsalardan man qilishga haqli emas. Ayol erta mahrni olganidan keyin uni boshqa yoqqa olib ketsa bo‘ladi. «Uni safarga olib ketmaydi», deganlar ham bor va fatvo shunga berilgan. Ulamolar «Erta mahrni yoki to‘la mahrni berganidan keyin er xotinini uning roziligisiz boshqa yurtga olib ketsa bo‘ladimi, yo‘qmi», degan masalada turli gaplarni aytganlar. «Olib ketishi mumkin emas», deganlar ko‘proq zamonning fasodini e’tiborga olganlar. «Olib ketishi mumkin», deganlar Alloh taoloning أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنتُم «U(ayol)larga o‘zingiz yashab turgan joydan joy bering», degan (Taloq surasi, 6-oyat) qavlini dalil qilib keltirganlar. Mana shunisi to‘g‘ri. Agar er unga bir narsa yuborgan bo‘lsa-yu, xotin uni «hadya» desa, er «mahr» desa, erning gapi qabul bo‘ladi. Illo, emoq uchun tayyorlangan narsada uning gapi qabul qilinmaydi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam! https://savollar.islom.uz/smf/index.php?topic=30474.0

21 Aprel 2022, 06:09 | Savol-javoblar | 159 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar