E’tiqod masalalari

Assalomu alaykum! 1). Savolim bilmaslikni chegarasi qanchaligi haqida.
Gap shundaki ko‘p hollarda bilmasdan qilingan gunohlar yozilmasligi haqida bilamiz. Kufr bobida ham shu gap, biror bir odam bilmasdan kufr so‘z aytib yuborsa, unga dindan chiqqanlik hukmi berilmaydi. Bu shariatni hukmi ekan labbay deymiz albatta. Lekin hozirda bir emas 10 marotabalab kufr so‘zi og‘zidan bilmasdan chiqadiganlar juda ko‘p. Ular o‘zlarini musulmonligini ta’kidalashadi, jumalarga chiqishadi, ehsonlar qilishadi, qabristonga borib Qur’on o‘qishadi. Lekin kufrni bilmasdan umr davomida gapirib yuraverishadi. Aslida bu bilmaslikni chegarasi bormi?
2). Kofir va fosiqlarni qabrini tepasida turish to‘g‘ri emasligi haqida oyat keltirgan edingiz, men bilmoqchi bo‘lganim shuki ayrim musulmon jamiyatlarida musulmon birodarlar shariatga amal qilishmasa ularni ko‘mish va shu ishga bog‘liq ishlardan bosh tortishar ekan. Chunki oyatda «fosiq» so‘zi ham ishlatilgan. Lekin men “Tafsiri Hilol”da ayrim hollarda gohida kofirlarni fosiq ham deb ta’riflangan deb yozilgan joyini o‘qigan edim. Lekin fosiq musulmonlarni ham fosiq deb tariflangan joylari bor. Meni savolim shuki o‘sha oyatda Alloh faqat kofirlarni nazarda tutganmi yoki musulmon fosiqlarni ham nazarda tutganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Bilmagan kishilarga gunoh yozilmasligi misol qilib aytganda Tundra yoki Afrikani taraqqiyot etib bormagan joylariga tegishli. Siz va biz turgan holatga qilingan gunoh uchun gunoh yozilmaydi deb bo‘lmaydi. Chunki bilishga imkoniyat bo‘laturib harakat qilmaslik, bilmaslik uzr hisoblanmaydi. Bilishga imkoniyat bo‘laturib bilmaslik bilib turib gunoh ishga qo‘l urish bilan barobardir. Har bir inson farzi ayn darajasidagi amallarni bilishi farzi ayndir. Kufrga olib boradigan so‘z va ishlarni bilishi ham farzi ayndir. Juma masjidi imomlari zimmasiga va’az nasihat bilan birga eng avvalo aqoidga tegishli masalalarni aytib o‘tishlari ham farzi ayn hisoblanadi. Har bir masjid imomi o‘z qavmining o‘ziga tegishli mahallalarning kishilariga e’tiqodiy masalalarni ta’limini berishi farzdir. Qiyomat kuni shundan so‘ralinadilar. Mahalla otinoyilari ham iymon, shirk va kufrga tegishli e’tiqodiy masalalarni bilishi, har bir marosim va anjumanda etkazib borishlari shart. Aks holda ilmiga amal qilmaganlarning safida bo‘ladilar. 2). Faqat kofirlar nazarda tutilgan. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 23:09 | Savol-javoblar | 144 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar