O‘z haqqiga duo qilish

Assalomu alaykum! Shu sayt orqali dinimizni yanada chuqur bilib boryapman. Buning uchun sayt ijodkorlariga va ustozlarga tashakkur! Menga bir kuni bir kishi besh yildan beri besh vaqt namoz o‘qiydigan bir kishi haqida aytib qoldi. O‘sha kishi besh yildan buyon o‘qishga kira olmayotgan ekan. Shunda xikoya aytayotgan akamiz aytdilar-ki «inson o‘z haqqiga duo qilmasligi kerak. O‘zgalar haqqiga duo qilsa Allohni o‘sha insonga beradi» deb qoldi. Aytishicha, o‘sha namozxon ham o‘qishga kirish uchun duo qilarkan. Aytingchi, inson o‘z haqqiga duo qilsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Inson o‘z haqqiga duo qilmaydi degan gap bekor gapdir. Qur’on va hadislar payg‘ambarlar o‘zlari va ummatlariga qilgan duolar bilan to‘la. عَنْ صَفْوَانَ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَدِمْتُ الشَّامَ، فَأَتَيْتُ أَبَا الدَّرْدَاءِ فِي مَنْزِلِهِ فَلَمْ أَجِدْهُ وَوَجَدْتُ أُمَّ الدَّرْدَاءِ، فَقَالَتْ: أَتُرِيدُ الْحَجَّ الْعَامَ؟ قُلْتُ: نَعَمْ، قَالَتْ: فَادْعُ اللهَ لَنَا بِخَيْرٍ، فَإِنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَقُولُ: دَعْوَةُ الْمُسْلِمِ لِأَخِيهِ بِظَهْرِ الْغَيْبِ مُسْتَجَابَةٌ، عِنْدَ رَأْسِهِ مَلَكٌ مُوَكَّلٌ كُلَّمَا دَعَا لِأَخِيهِ بِخَيْرٍ قَالَ الْمَلَكُ الْمُوَكَّلُ بِهِ: آمِينَ، وَلَكَ بِمِثْلٍ، قَالَ: فَخَرَجْتُ إِلَى السُّوقِ فَلَقِيتُ أَبَا الدَّرْدَاءِ فَقَالَ لِي مِثْلَ ذَلِكَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ Safvon ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Shomga bordim. Abu Dardoning manziliga borib, uni topmadim. Ummu Dardoni topdim. U menga: «Bu sana haj qilmoqchimisan?» dedi. «Ha», dedim. «Bizga yaxshilik so‘rab, duo qil. Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Musulmonning o‘z birodariga g‘oyibdan qilgan duosi mustajobdir. Uning boshida bir muvakkal farishta turadi. U o‘z birodariga har safar yaxshilik tilab duo qilganda muvakkal farishta «Omin! Senga ham o‘shandoq bo‘lsin!» deydi» der edilar», dedi. Bozorga chiqib, Abu Dardoni topdim, u ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan xuddi shu gapni naql qildi». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.("Hadis va Hayot" kitobidan). Yuqoridagi hadisning  sharhida imom Navaviy : “Solih salaflarimizning ba’zilari qachon o‘zlariga biror narsani so‘ramoqchi bo‘lsalar ayni o‘sha duo bilan musulmon birodariga so‘rar edilar. Chunki unday duo mustajobdir, so‘ragan kishiga ham uning misli hosil bo‘ladi” deganlar. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 00:17 | Savol-javoblar | 194 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar