Qarindoshlar bilan aloqa uzish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, sizlar sababli ko‘p narsani o‘rgandim. Buning uchun avvalo rahmat. Bir savol meni anchadan beri qiynaydi, bir kishining tog‘asi o‘zining otasi, opa-singillarini ancha dilini og‘ritgan, otasi vafot etguncha 3 yil umuman oldiga kirmagan, kasal bo‘lib yotib qolganda ham qo‘shni bo‘lishsada opa-singillari bilan urishgani urishgan ekan. Hattoki bazilariga qo‘l ham ko‘targan. Shuncha ishidan so‘ng ular bilan aloqani uzishi joizmi? Onasi esa bunga qarshi, nima bo‘lsa ham jigarim, unday qilma deyayotgan ekan. Tog‘asini bolalaridan yomonlik ko‘rmagan, ular bilan aloqalari yaxshi ekan. Qarindoshlar bilan aloqani uzish yaxshi emasligini bilarkan, lekin qilgan ishlarini eslab nafratlanib ketarkan. O‘zi shu holatda qarindoshlar bilan aloqni uzishga ruxsat bormikin deb so‘rayotgan edi. Aslida tog‘asini qilgan ishlari bundandan yomon ekan, lekin «qog‘ozga» o‘rab aytibdi.  Ahvol bundanda chatoq ekan. Javobingiz uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُبْسَطَ لَهُ فِي رِزْقِهِ وَأَنْ يُنْسَأَ لَهُ فِي أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kimni rizqining kengaytirilishi va ajalining ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai rahm qilsin», dedilar».Uchovlari rivoyat qilganlar.Sharh: Bu dunyoda yashab turgan har bir odam bolasi rizqining kengaytirilishi va ajalining ortga surilishini orzu qilib yashaydi. Bu ikki narsadan nasibador bo‘lish uchun elib-yuguradi va sa’y-harakat qiladi. Bu yo‘lda har qanday qiyinchiliklarga ham dosh beradi. Bu hadisga amal qilgan odam esa o‘ziga vojib bo‘lgan amalni bajarib, zimmasidagi vazifani ado etadi va bir yo‘la rizqi ham kengaytiriladi, ajali ham ortga suriladi. Alloh taolo silai rahm qilgan, qarindosh-urug‘lariga yaxshilik qilgan, yordam bergan, xayr-ehson qilgan odamning rizqini kengaytirib qo‘yar ekan, boyligini ziyoda qilib qo‘yar ekan. Chetdan qaraganda, silai rahm qilinsa, qarindoshiga yordam bersa, moli yoki puli kamayib qolgandek ko‘rinadi. Lekin Alloh taolo buning evaziga uning molini ko‘paytirib berar ekan hamda u bandaning yaxshilik bilan eslanib yurishini ta’minlar ekan. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Silai rahm juda ham zarur ish ekani. 2. Silai rahm rizqning keng bo‘lishiga sabab bo‘lishi. 3. Silai rahm egasining ajali ortga surilishiga sabab bo‘lishi. Silai rahm qanchalik ahamiyatga ega amal ekanini ushbu hadisi sharifdan bilib olsak bo‘ladi.وَلِلْبُخَارِيِّ وَأَبِي دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيَّ: لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ وَلَكِنِ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قُطِعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا Buxoriy, Abu Dovud va Termiziylarning rivoyatida:«Silai rahm qiluvchi berganga yarasha qaytargan emas. Balki silai rahm qiluvchi – o‘zining silai rahmi kesilganda uni bog‘lagandir», dedilar».Sharh: «Falonchi menga yaxshilik qilgan edi, men ham unga yaxshiligini qaytarib qo‘yishim kerak» degan ma’noda ish qilgan odam silai rahm qiluvchi hisoblanmas ekan. Haqiqiy silai rahm qiluvchi qarindoshlik aloqasini uzib qo‘yganga yaxshilik qiluvchi shaxs ekan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu haqda o‘zlarining boshqa bir hadisi shariflarida: «Uch narsa Allohning nazdida karamli axloqdandir: senga zulm qilganni avf qilmog‘ing, seni mahrum qilganga ato bermog‘ing va sen bilan aloqani uzgan bilan aloqa bog‘lamog‘ing», deganlar. Bas, biz bilan aloqani uzgan qarindoshlar bilan aloqani yaxshilashga harakat qilaylik.وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الرَّحِمَ شَجْنَةٌ مِنَ الرَّحْمَنِ، فَقَالَ اللهُ: مَنْ وَصَلَكِ وَصَلْتُهُ وَمَنْ قَطَعَكِ قَطَعْتُهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّYana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Rahm Rohmandan olingandir. Bas, Alloh «Kim seni bog‘lasa, Men ham bog‘layman. Kim seni uzsa, Men ham uni uzaman», dedi», dedilar».Buxoriy va Termiziy rivoyat qilganlar.Sharh: Silai rahmdagi «rahm» so‘zi Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lmish Rohman ismidan olingan. Shuning uchun Alloh taolo silai rahm qilgan kishi bilan aloqa qiladi va silai rahmni kesgan kishidan aloqani kesadi. Bu ma’noni to‘liq tushunib etmog‘imiz va unga alohida e’tibor bilan munosabatda bo‘lishimiz lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 02:37 | Savol-javoblar | 178 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar